Umrining 17 yili qamoqda o’tgan adib Mamadali Mahmudov vafot etdi

Yurak xurujiga uchrashi ortidan Toshkentdagi shifoxonaga yotqizilgan yozuvchi Mamadali Mahmudov (Evril Turon) 16-oktabr kuni 79 yoshida vafot etdi.

Sovet davrida o’z asarlarida milliy ozodlik g’oyasini ko’targani uchun ta’qibga uchragan Mamadali Mahmudov O’zbekiston mustaqillikka erishishi ortidan ham umrining katta qismini qamoqda o’tkazgan millatparvar ziyolilardan biri edi.

O’zbek muxolifati faollaridan bo’lgan Mamadali Mahmudov dastlab 1994-yilda qamoqqa tashlandi. Ikki yil o’tib ozodlikka chiqqan yozuvchi yana 1999-yili Toshkentdagi portlashlarda ayblanib, 17 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Bu jazoning 14 yilini o’tagan Mahmudov xalqaro tashkilotlar bosimi ortidan 2013-yilga kelib ozodlikka chiqarilgan edi. Buning ortidan u taqiq ostidagi yozuvchilardan biri sifatida qoldi.

O’zbekistonda hokimiyat almashar ekan, yozuvchiga nisbatan munosabat bir qadar o’zgardi, taqiq bekor qilindi, ayrim asarlari qayta chop etildi.

Taqiq olinishi ortidan Mamadali Mahmudov rasmiy matbuotdagi chiqishlarida iqtidordagi hokimiyatdan kutilayotgan umidlar haqida yozdi.

Ammo u jamiyat hayotidagi muammolar bilan cheklanmadi, vaziyatga nisbatan o’z tanqidiy qarashlarini bildirib keldi, ayniqsa o’zbek tilining ijtimoiy-siyosiy mavqei bilan bog’liq masalalarda.

Adabiyotshunoslar Evril Turon ijodi avvaliga Chor Rossiyasi bosqini, keyinchalik sovetlar hukmronligi ostida unutilgan milliy ozodlik harakati tushunchasi tiklanishida muhim o’rin kasb etishini ta’kidlashadi.

“Mengacha SSSR tarixi adabiyotlari “Rossiya O’rta Osiyoni qo’shib olgan” degan yolg’on bilan dunyoni laqillatib kelgan. Men buni “O’lmas qoyalar” romanimda (1981-yil, “Sharq yulduzi” jurnali) tag-tugi bilan fosh qildim. O’rusiya Turkistonni millionlar qoni evaziga bosib olgan”, deyiladi Mamadali Mahmudovning qamoqdan chiqishi ortidan yozgan xotiralarida.

Uning sovet davrida yozilgan, bir necha tillarga tarjima qilingan “O’lmas qoyalar” romani o’zbek adabiyotida milliy ozodlik harakati qahramonlari aks ettirilgan dastlabki badiiy asarlar jumlasiga kiradi.

Adibning bu asari 1981-yilda “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilishi jiddiy voqelikka aylanadi, uning o’zi sovet hokimiyati ta’qibiga nishon bo’ladi.

Yozuvchining xotirlashicha, faqat o’sha paytdagi O’zbekiston rahbari Sharof Rashidovning vaziyatga aralashuvi uni sovet qamog’idan saqlab qolgan. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy hayotda faol bo’lgan adib tazyiqlarning yangi to’lqiniga duch keldi.

O’sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy harakatlar markazi hisoblangan Yozuvchilar ittifoqida mas’ul lavozimda ishlagan adib iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, qamoqqa tashlandi. Unga nisbatan navbatdagi qamoq jazosi 1999-yilda, Toshkentdagi portlashlar oridan kuzatildi.

O’zbek adabiyoti tarixida ilk bor milliy ozodlik harakati qahramonlari haqida asar yozgan adib umrining 17 yilini qamoqda o’tkazdi.

“17 yil qamoq azobini tortdim, oilam qarzga botdi, doimiy nazoratda bo’ldi. Tikonli simlar ortida bir nechta asarlar yozdim. Ko’pincha tortib olishdi, o’g’irlashdi. “Oynur, “Oq gul”, “Boz bo’ri” romanlarimni bir qancha boblari o’g’irlangan holatda olib chiqdim. 2013-yilda AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton xonim va Ovro’paning insonparvarlik tashkilotlari yordamida ozodlikka chiqqanimdan so’ng bu uch asarni qaytadan tikladim”, deb yozadi adib xotiralarida.

O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi adibning o’limi haqida jamoatchilikka bildirishnoma bergan. Unda yozuvchining “O’lmas qoyalar” romani bir necha xorijiy tillarga tarjima qilingani, muallif bu asari uchun Cho’lpon mukofoti bilan taqdirlangani ta’kidlanadi.

Your browser doesn’t support HTML5

O’lmas g’oyalar yoxud Evril Turon qismati