Rossiya qurollari g'arb texnologiyasiga bog'liqmi?

  • Amerika Ovozi

Britaniyaning Qirollik birlashgan xizmatlari instituti surishtiruviga ko’ra, Rossiyaning Ukrainada qo’llayotgan qurollarini tayyorlashda AQSh va G’arb mamlakatlarida ishlangan mikroelektronika ishlatilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 23-avgust, 2022-yil

Ukrainaga ko’ra, urushning birinchi besh oyida Rossiya 3650 dan ortiq raketa otgan.

“Rossiyada aniq boshqariladigan o’q-dorilar uchun zarur mana shu muhim mikroelektronikani ishlab chiqarish salohiyati yo’qligini ko’ryapmiz”, - deydi britan institutidan Gari Somervil.

Rossiyaning eng ilg’or qurollaridan bo’lgan “Iskandar 9M727” qanotli raketasi tarkibida G’arb komponentlari topilgan. Qirollik instituti raketa qoldiqlarini Ukraina hududida topib, ularni o’rganib shunday xulosaga kelgan.

Raqamli signal protsessorlari, flesh xotira modullari, operativ xotiraning statik modullari, Amerika, Niderlandiya, Germaniyada ishlangan ethernet kabellari shular jumlasidan.

Kiyevni nishonga olgan X-101 qanotli raketalari tarkibida esa 31 ta xorijiy komponent topilgan.

“Ular juda oddiy bo’lib, har joyda uchraydi. Maishiy elektronika mollarida, mikroto’lqinli pechlar yoki idish yuvish mashinalarida”, - deydi Somervil.

Rossiyaning Ukrainadagi urushidan oldin erkin sotuvda bo’lgan mikroelektronika mahsulotlarining kamida 81 ta komponenti urush boshlanganidan so’ng AQShning eksport chekloviga tushdi.

Artilleriya va havo hujumlarining aniq zarbalari uchun koordinatalarni hisoblashda Rossiya maxsus kuchlari qo’llanadigan qo’l navigatsiya tizimida topilgan mikrochiplarning Rossiyaga eksporti ham to’xtatilgan.

Britan instituti surishtiruvidan ma’lum bo’lishicha, qurollarda topilgan mikrolelektronika qismlarining ko’pi eski. Texnologiyalar eksporti to’xtatilganiga qaramay, Rossiya ularni sotib olishda murakkab usullardan foydalanmoqda, deydi Gari Somervil.

“Tashqi ko’rinishdan qonuniy bo’lgan ko’plab kompaniyalarni ishga solishadi. Yaxshiroq tekshirsangiz, ularning Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga xizmat qiluvchi kattaroq kompaniyalarga aloqadorligini ko’rsa bo’ladi”, - deydi u.

AQSh va ittifoqchi davlatlar Rossiyaning qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalari va ularni komponentlar bilan ta’minlovchi shirkatlarni qora ro’yxatga qo’shgan.

Surishtiruv mualliflariga ko’ra, Rossiya mikroelektronikani katta miqdorda xarid qilishga intilyapti va agar ta’minot butunlay uzilsa, uning armiyasi batamom zaiflashishi mumkin.