Xitoy yangi imperiya yaratmoqda

  • Amerika Ovozi

Pekin, 14-may, 2017

Xitoy rahbari Shi Zinpin Pekinda ikki kunlik xalqaro savdo anjumani yakunida so’zlar ekan, ishtirokchilar 270 maqsad yuzasidan kelishib olganini aytdi. 30 davlat liderlari global iqtisod, tijoriy muvozanat va erkin bozor xususida gaplashib olgan va kelajakni birga qurish borasida yakdil.

Xitoy Yevrosiyo mamlakatlari bilan yaqindan bog’lanmoqchi. “Ipak yo’li iqtisodiy belbog’i” deya nomlangan loyihani ishga solmoqda. Milliardlab dollar sarmoya qilib, G’arb tomon yangi savdo yo’llari, infratuzilma va tijoriy tizim yaratadi. Loyiha yer va suv orqali hamkorlikni ko’zlaydi.

Siyosiy maqsadlar yo’q, deydi Shi Zinpin. Hech kim hech kimning ichki ishlariga aralashmasligi kerak. Biznes hamkorlikni har bir hukumat o’z irodasidan kelib chiqqan holda shakllantiradi, deydi u.

“Bu loyiha ish berishiga ishonchimiz komil. Bu juda katta hududni qamrovchi, uzoq vaqt oladigan va davlatlardan uzluksiz kelishuv talab qiladigan proyekt”, - deydi Xitoy prezidenti.

Qatnashchilar 100 dan ortiq mamlakatdan keldi. Hamma ham birdek faol emas. Qiziqish ham shunga yarasha. Aksariyat davlatlar Xitoy sarmoyasi oshishiga umid qilmoqda. Loyihani rasman quvvatlab chiqmagan.

AQSh va Shimoliy Koreyadan ham vakillar bordi. Germaniya va Amerika yangi savdo tizimlari oshkora ishlashi kerak, deya bong urdi.

“Germaniya hukumati emas, bizneslari bu tashabbusga katta qiziqish bildirmoqda,“ - deydi Brijitt Zipris, Iqtisod va energetika vazirasi. “Xitoy qay davlatda nima qilmoqchi? Kompaniyalar uchun buni bilish muhim”.

“Tijorat yo’llari Xitoydan boshlanadi va ularning qayerda yakunlanishini global xohish-istak belgilaydi, biz emas”, - deydi Shi Zinpin. “Bu hamma uchun birdek ochiq sistema bo’ladi”.

Xitoy rahbari Shi Zinpin, Pekin, 14-may, 2017

Pekin nazarida terrorizmni biznes yengadi. Tirikchilik osonlashgani sari odamlar mutaassib yo’llardan tiyiladi, yoshlar uchun imkoniyatlar kengayadi.

Xitoy olti yangi yo’nalish ustida ishlamoqda. 65 mamlakatni bir-biriga ulaydi.

Dunyo aholisining 60 foizini qoplaydi va global daromadning 30 foiziga to’g’ri keladi.

Bu loyihani amalga oshirish uchun 900 milliard dollarlik sarmoya zarur. Tarixda bu qadar katta proyekt bo’lmagan.

Xitoy hozircha 124 milliard dollar investitsiya qilishga rozi. Jahon banki o’tgan yili buning yarmini va’da qilgan. Xitoy valyuta xazinasida 3 trillion dollar bor, shunday ekan, Pekin butun sarmoyani o’zi kiritishga qodir, deydi tahlilchilar. O’tgan yili Xitoy bizneslari chet elda 170 milliard dollar investitsiya qilgan.

Xitoy hukumati 50 yangi ilmiy laboratoriya ochib, 5000 olim malakasini oshirib, 500 tadqiqiy delegatsiyaga mezbonlik qilishga rozi. Hammasi chet elliklar uchun, deydi Prezident Shi Zinpin. Ta’limiy va ijtimoiy-madaniy sohada hamda qashshoqlikka qarshi kurash yo’lida 300 dan oshiq yangi proyektlar ochiladi.

Xalqaro Valyuta Fondi rahbari Kristin Lagard, Pekin, 14-may, 2017

Osiyoshunos olim Mohan Malik deydiki, Xitoy o’ziga xos yangi imperiya yaratmoqda. “Xitoy bu jarayonni allaqachon boshlagan va bu ahdida qat’iy. Pekin dunyo markaziga aylanishini xohlaydi. Kattayu kichik davlatlarni u savdo orqali egallaydi”, - deydi u.

Malik fikricha, Xitoy iqtisodiyoti ayni damda ancha sust. Shu bois ham Pekin sarmoyani qismma-qism ajratishga qaror qilgan.

Yana bir tadqoqtchi Deyvid Kelli tahlilicha esa Xitoy ortiqcha va’dalar bermasligi kerak. Bo’ynidagi yukni oshirib, global maydonda o’zini boshqalarning suyangan tog’iga aylantirish foyda emas, zarar keltirishi mumkin, deydi olim.

"Katta loyihalar ulkan talablar va to’siqlar bilan keladi. Iqtisod siyosatga bog’liq. Bu loyiha siyosiy emas deyish xato o’ylash va so’zlashdir. Xitoy muammolarni biladi va tushunadi, lekin hozirgi harakati bilan ularni ataylab nazarga olmayotgandek. Katta ketmaslik kerak. Real vaziyatdan kelib chiqib, va’da berish kerak. Aks holda, hamma qoqiladi”, - deydi Kelli.