Beqaror Yaman - al-Qoida uchun ayni muddao

  • Amerika Ovozi

Yaman armiyasi Zinjibar shahrini al-Qoida terrorchilaridan ozod etganidan keyin, 2011-yil sentabr

Bugun Yamanda yangi prezident Abu Rabbu Mansur Hadiy qasamyod keltirdi. Davlat rahbari saroyi yonida bomba portladi. 26 kishi o’lgan, yana o’nlab odamlar jarohatlangan.

Shimolda shialar, janubda sunniy jangarilar tuzumga qarshi urush olib borar ekan, al-Qoida bugun Yamanni yangi qarorgohiga aylantirgan.

Hadiy tinchlikni tiklash va iqtisodni rivojlantirishga va’da berdi, lekin mamlakat bunga chet el yordamisiz erisha olmaydi, xususan Amerika ko’magisiz.

Hadiy ikki yillik muvaqqat hukumatni boshqarish uchun saylangan. Bu davr mobaynida yangi konstitutsiya yoziladi va Yaman qurolli kuchlari butkul isloh qilinishi kerak.

Oldingi prezident Abdulla Solih Amerikada davolanib, bugun yurtiga qaytdi.

Yamanda yangi muvaqqat hukumat oldida turgan asosiy muammo - al-Qoida terror guruhiga qarshi kurash. AQSh bu masalada yordam berib keladi.

Qo’shma Shtatlar bu davlatni zamonaviy texnologiya va qiruvchi samolyotlar bilan ta’minlaydi.

Biroq bu yordam Yaman ichki ishlariga aralashuv deb qaraladi.

Poytaxt Sanoda yashovchi Muhammad Mohi al-Din "biz o’zimizni himoya qilishga qodirmiz, shunga o’rganganmiz", deydi.

“Yamanga bostirib kelganlar, ya'ni al-Qoida bu yerda o’lim topadi”, - deya qo’shadi u.

2009-yilda AQSh qiruvchi samolyotlari bu mamlakatdagi terrorchi bazalarini bombardimon qilganida 40 fuqaro halok bo’lgan edi.

Yaman aholisining katta qismi al-Qoidani qoralaydi, o’lka terror o’chog’i bo'lishini istamaydi, deydi siyosatshunos Nosir Arabiy.

“Tinch aholi orasida talofatlar bo’lgani achinarli. Lekin havo hujumlarisiz al-Qoida shu paytgacha Yamanning yarmini egallab olgan bo’lardi”, - deydi olim.

Qidiruvdagi al-Qoida a'zolarining ko'pi Yamanda

2011-yilda bu yerda radikal ulamolardan biri Anvar al-Avlakiy, o’tgan oy esa yana bir terrorchi Abdul Munam al-Fatxoniy yo’q qilingan. Har ikkisi musulmonlarni G’arbga qarshi oyoqqa turishga chaqirib kelayotgan edi.

Talofatlarga qaramasdan, o’tgan bir yil ichida arab yarim orolida al-Qoida ancha faollashdi. Yamanning ayrim hududlari ular nazoratida. Sotqin deb ko’rilgan odamlarni qatl etish hollari kuzatildi.

Yamanda ommaviy namoyishlar natijasida uzoq yillik rahbar Abdulla Solih hokimiyatdan ketdi

Qashshoq va beqaror jamiyatlarda ekstremistik oqimlarga moyillik kuchli bo’ladi. Tahlilchi Nosir Arabiy Yamanning Zinjibar shahriga safar qilganida bu mafkura tarafdorlari bilan uchrashgan.

“Men ulardan nima uchun al-Qoidaga qarshi kurashmaysizlar, deb so’radim. Ular esa na hukumat, na boshqa birov bizdan hol-ahvol so’raydi. Al-Qoida bizga g’amxo’rlik qilyapti, xizmat ko’rsatyapti, non ulashyapti, deb javob berishdi”, - deydi olim.

Yamanliklar orasida shunday fikrlar bor ekan, AQShning harbiy sohadagi yordami kifoya emas. Qilinadigan ishlar hali ko’p, deydi tahlilchi.