Tojikiston aholisining 24 foizi, ikki millondan ortig’ini o’zbeklar tashkil etadi. Ular orasida yuzdan ortiq shoir va ijodkorlar bor. Respublika shimolining O’zbekiston va Qirg’iziston bilan chegaradosh G’onchi nohiyasining so’lim Mujun qishlog’ida o’zbek adabiyotining yorqin yulduzlaridan biri, shoira Zulfiya Boboyeva yashaydi.
So’g’d viloyat o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi va G’onchi nohiyasi raisi Zafar Ismoilzodaning joriy yil 30-iyulidagi qarori bilan Tojikiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Maftun Jo’ra nomidagi adabiy mukofot laureati Zulfiya Boboyevaning 60 yoshlik yubiley tantanalari bo'lib o'tdi. Tadbir uning xonadonida kechdi.
Shoira yura olmaydi. Boshlang’ich maktabda o'qib yurganidan beri aravachaga mixlanib qolgan. Ijod uning hayoti mazmuniga aylangan. Yosh qizaloq she'rga havas qo’yib, mustaqil o’qib o’rganadi, ma’lumotli bo’ladi.
O’zining she’riy satrlarida bitganidek:
Bo’ldilar she’rim bayotim-sabrim saodati,
Yo’g’rildi shu sabab ishqqa ko’nglimning toati!