Texasning Xyuston shahrida yashovchi o'zbekistonlik oila Kanadadagi yaqinlari bilan havo halokatiga uchrab nobud bo'lgan. Fojia 27-noyabr kuni kechqurun yuz bergan, deya tasdiqlamoqda Kanada Transport xavfsizligi boshqarmasi.
Ontario provinsiyasining Markam shaharchasidan ko'tarilgan, "Piper PA-32" rusumidagi kichik xususiy samolyot Kingston degan o'rmonli hududda qulagan. Manzil Kvebek shahri bo'lgan, deydi rasmiylar. Kvebek provinsiyasining bu qismi qishin-yoz sayyohlarni o'ziga jalb etadigan xushmanzara go'sha.
Samolyot AQShda ro'yxatdan o'tgan va uni bu vositaning egasi Otabek Obloqulovning o'zi boshqarayotgan bo'lgan. Otabekni yaxshi taniydigan vatandoshlarning aytishicha, marhum Amerikada o'z yo'lini topgan tadbirkor edi. Oilasi bilan Torontodagi qarindoshlarining oldiga ketgan va birgalikda vaqt o'tkazishni rejalagan.
Texas va Kanadadagi manbalarga ko'ra, uchuvchi sifatida tajribaga ega Otabekning yonida rafiqasi va uch farzandi, shuningdek, qaynisi va uning turmush o'rtog'i bo'lgan. Kanada rasmiylari halok bo'lganlarning ism-shariflarini hali e'lon qilgani yo'q. Halokat sabablari o'rganilmoqda. "Amerika Ovozi" tekshiruv natijalari haqida shu yerda xabar qiladi.
Amerikadagi vatandoshlar Otabek Obloqulovning yaqinlariga hamdardlik bildirmoqda. "Uzbek American Association of Chicago" (foto ham shu tashkilotdan) O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi Kanadadagi vatandoshlar bilan bu borada yaqindan ishlayotgani ma'lum.
Facebook Forum