Breaking News

AQSh-Yaponiya qo'shma bayonoti Xitoy tanqidiga uchradi


Xitoy bilan strategik raqobat Prezident Jo Baydenning Yaponiya Bosh vaziri Yoshixide Suga bilan uchrashuvida bosh mavzu bo’ldi. Suga – Bayden ishga kirishganidan beri Oq uyga tashrif buyurgan ilk xorijiy rahbar.

“Xitoy yaratayotgan muammolarni hal qilishda, shuningdek, Sharqiy Xitoy va Janubiy Xitoy dengizi, Shimoliy Koreya kabi masalalarda birgalikda ishlashga bel bog’laganmiz”, - deydi Bayden.

AQSh va Yaponiya Hind-Tinch okeani mintaqasida vaksinatsiya ishlarida ko’maklashish, iqlim o’zgarishiga qarshi “agressiv choralar” ko’rish, jumladan, yashil texnologiyalarni targ’ib qilishga va’da bermoqda. Bayden kelasi hafta iqlim bo’yicha virtual sammitga mezbonlik qiladi.

“Mintaqaning, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlariga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, iqtisodiyotni ugleroddan tozalashda yordam zarur”, - deydi AQSh rahbari.

AQSh va Yaponiya o’rtasidagi uzoq yillik sheriklik Ikkinchi jahon urushidan keyin imzolangan xavfsizlik shartnomasiga asoslanadi. Himoya evaziga Yaponiya AQShning 20 dan ziyod harbiy bazalariga joy ajratgan.

Oq uydagi muloqot Xitoyning Tayvanga harbiy bosimi kuchayayotgan bir paytda o’tkazildi, ammo Jo Bayden va Yoshixide Suga bu masalada batafsil izoh berishmadi.

“Ikkala hukumat ham Xitoy bilan munosabatlar nozik pallada ekanini, istalmagan xatti-harakatlarni qo’zg’atishga hojat yo’qligini tushunadi. Boshqa tarafdan, tahdid paydo bo’lgan holatda ular AQSh-Yaponiya ittifoqi mustahkam va shay holatda ekanini ko’rsatishga harakat qilmoqda”, - deydi siyosatshunos Shila Smit.

Bayden va Suga iqtisodiy hamkorlik, Pekinga haddan ziyod tobe deb ko’rilgan ta’minot tizimlarini diversifikatsiyalash, “Xuavey” kompaniyasining 5G texnologiyasiga muqobil variantlarni topish haqida gaplashgan. AQSh shu maqsadda 2,5 milliard dollar, Yaponiya esa 2 milliard dollar ajratadi.

Ular Xitoydagi inson huquqlari bilan bog’liq ahvol, jumladan uyg’urlar mavzusini ham muhokama qilgan.

AQSh-Yaponiya qo’shma bayonotida “Tayvan bo’g’ozida tinchlik va barqarorlik muhimligi” haqida ham gap ketadi. Yaqinda Xitoy hududga 25 jangovar samolyotlarini jo’natgan edi.

Pekinning bildirishicha, AQSh va Yaponiyaning “salbiy harakatlari va til biriktirishi jiddiy xavotirga molik”. Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi Pekin qo’shma bayonotga qarshi ekanini, Tayvan, Gonkong va Shinjon ichki masalalar ekanini ma’lum qildi.

“Qo’shma bayonotdagi so’zlar normal ikki tomonlama munosabatlar chegarasidan chiqib, uchinchi tomon manfaatlariga va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi barqarorligiga ziyon yetkazadi”, - deyiladi Xitoy elchixonasi bayonotida.

Bosh vazir Yoshixide Suga uch oydan so’ng boshlanayotgan Olimpiya o’yinlariga Yaponiya mezbonlik qilayotganini eslatdi. Mamlakatda koronavirus yana kuchayar ekan, musobaqa qanday o’tishi borasida savollar ochiq qolmoqda.

“Tokio rejalari borasida bizni xabardor qilib turishga va’da bergan. Hozircha bor gap shu”, - deydi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG