Toliblar va siyosiy muxolifat
Bir guruh afg’on siyosatchilari Turkiyada uchrashib, Tolibonga qarshi yangi jarayon e’lon qilgan. Marshal Abdul Rashid Do’stumning Anqaradagi uyida o’tgan ushbu yig’ilishda ular toliblarni muzokaraga chorlagan.
Agar toliblar muzokaraga ko’nmasa, harbiy harakatlarni kuchaytiramiz, deydi ular ular.
Tadbirda Abdul Rashid Do'stum, Muhammad Muhaqqiq, Abdurrab Rasul Sayyof, Ato Muhammad Nur, Mir Rahmon Rahmoniy, Muhammad Alam Izidyor, Salohiddin Rabboniy va Ismoil Xonning vakillari va boshqalar qatnashgan.
Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohid vatanga qaytishni istagan sobiq rasmiylar va siyosatchilar uchun sharoit mavjud ekanini aytadi.
“Lekin kimdir yana urush va fitna boshlamoqchi bo’lsa, bunga ruxsat bermaymiz”, - deydi Mujohid.
Haqqoniy: AQShga dushman ko’zi bilan qaramaymiz
Haqqoniy tarmog’i rahbarining o’rinbosari va Tolibon hukumatida Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy “CNN” telekanali bilan suhbatda Amerikaga dushman ko’zi bilan qaramasligini aytgan.
Afg’on va AQSh harbiylari bilan jang qilgan Haqqoniy 20 yillik urushni Afg’onistonni ishg’oldan ozod qilishga qaratilgan kurash deya ta’kidlaydi.
“Biz kelgusida AQSh bilan yaxshi munosabatda bo’lishni xohlaymiz”, - deydi Haqqoniy.
Toliblar noshonga olindi, o’lganlar bor
Tolibon guruhining harbiy transport vositasi Mozori Sharif shahrida nishonga olindi.
19-may kuni mahalliy vaqt bilan ertalab 08:30 da yuz bergan portlashda Tolibonning bir necha a’zosi o’lgani va jarohat olgani aytiladi.
Tolibonning Balx viloyatidagi politsiya idorasi so’zlovchisi Muhammad Osfi Vaziriy portlashni tasdiqlar ekan, talafotlar haqida hech narsa demagan.
Guvohlarning aytishicha, o’lganlar va jarohat olganlar Mozori Sharif kasalxonasiga yetkazilgan.
Inson huquqlari komissiyasi yopildi
Tolibon hukumati Afg’oniston inson huquqlari komissiyasini zarur ema, deya yopdi.
Yevropa Ittifoqining Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Tomas Niklasson toliblarning bu qaroridan tashvish bildirgan.
“Yillab urush va mojarolar davom etgan mamlakat uchun bunday tashkilotlar kerak”, - deydi Niklasson.
Tolibon va hijob
Tolibon guruhi xotin-qizlarga nisbatan cheklovlarni kuchaytirar ekan, Afg’onistonda hijob savdosi chaqqonlashgan. “Reyter” axborot agentligi bilan gaplashgan Sog’ar ismli do’kondor hijobga talab oshganini aytadi.
Hijob ishlab chiqaruvchi Firishta Hoshimiy har kuni yangi takliflar kelayotganini aytadi.
Toliblar joriy hafta hijob bilan bog’liq cheklovni yanada kuchaytirdi, televideniyeda boshlovchilik qilayotgan xotin-qizlarga yuzini yopishni buyurdi.
Bug’doy yetishmovchiligi
Tolibon hukumatining Soliq vazirligi bug’doy eksportini to’xtatish, mahsulotning mamlakatdan tashqariga chiqarilishini oldini olish bo’yicha bojxonalarga topshiriq bergan.
Mulla Hidoyatulla Badriy “bir dona ham bug’doy eksport qilinmasin, olib chiqilmasin”, deydi.
Afg’oniston 50 foiz bug’doyni xorijdan import qiladi. Qurg’oqchilik bo’lgan yillar import yanada oshadi. Bug’don, asosan, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan xarid qilinadi.
Facebook Forum