Ekspertlar nazarida Ukrainadagi urush Rossiya harbiy salohiyati aslida yuqori emasligini ko'rsatmoqda. Bu mojaro sabab iqtisodiy jihatdan yanada zaiflashgan tuzum Markaziy Osiyoda o'z ta'sir kuchini saqlab qola oladimi? G'arb sanksiyalari kuchaytirilar ekan, shunday savollar o'rtaga tashlanmoqda.
O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston uchun Rossiya hamon birinchi yo ikkinchi o'rindagi eng yirik biznes sherik. Lekin, ayrim taxminlarga ko'ra, bu yil oxirigacha federatsiya bu maqomni boy berishi mumkin.
Jahon banki tahlilicha, markaziy osiyolik migrantlar Rossiyada topayotgan pul salmog'i pasayadi. Bu daromadni boy berish ayniqsa Tojikiston va Qirg'iziston uchun qattiq zarba bo'ladi. O'zbekiston hayotiga ham bu yo'qotish kuchli ta'sir qiladi.
Amerikalik olima Jennifer Murtazashvili deydiki, oldinlari Moskvani norozi qilishdan hayiqqan Markaziy Osiyo hukumatlari hozir unga ko'proq kerak, ya'ni G'arb tomonidan yakkalayotgan Kreml madadga muhtoj.
"Muvozanatda o'zgarish bo'layapti. Rossiya hozir mintaqa migrantlari va quvvatlovi zarurligini anglayapti, - deydi Murtazashvili. - Mamlakatlar esa bu imkoniyatdan foydalanishga urinmoqda. Markaziy Osiyoning o'ziga ishonchi osha boshlagan, chunki oldida tanlov bor, qudratli davlatlar bilan hamkorlikda oldingidek siquvda emas".
Rossiya zaiflashuvi Xitoyga ko'proq yo'l ochadi, shuningdek, boshqa tomonlarga, deydi Murtazshvili.
Pekin shu kunlarda O'zbekistonga 37,5 million dollarlik yordam va'da qildi. Respublika hukumatiga ko'ra, mablag' ijtimoiy taraqqiyot yo'lidagi qo'shma loyihalar uchun ishlatiladi.
O'tgan hafta Markaziy Osiyoni kezgan AQSh delegatsiyasi O'zbekiston, Qirg'iziston, Qozog'iston va Tojikistonda xavfsizlik qatorida iqtisodiy masalalarni ham muhokama qilgan. Bayden ma'muriyati Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalarning mintaqaga salbiy ta'siridan boxabar, deydi rasmiylar. Vashington yordam berishga bel bog'lagan.
Bir necha kun oldin Vashingtonda Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tileuberdi bilan muloqotda Davlat kotibi Entoni Blinken ham buni alohida qayd etgan.
Davlat departamentiga ko'ra, Amerika Markaziy Osiyoni dunyo bilan mustahkam bog'langan, farovon va tinch hudud bo'lishini istaydi.
Xitoyshunos tadqiqotchi Rafaello Pantuchchi nazarida esa Pekin va boshqalar hozirgi vaziyatdan qanchalik naf ko'rmasin, Rossiya baribir mintaqadan uzoqlashmaydi.
"Jamoatchilik fikri ayni damda Rossiyaga nisbatan naqadar salbiy bo'lmasin, hukumatlar uning qilmishlaridan qanchalik norozi bo'lmasin, oradagi rishtalar chuqur ildizga ega", - deydi Pantuchchi.
Putinning Ukrainaga bostirib kirish qarorini mintaqa rahbarlari na ochiq yoqlagan, na qoralagan.
Pantuchchi fikricha, Xitoy mintaqada har doimgidek shoshmay harakat qilmoqda va hozircha Rossiya o'rnini egallashga urinmayapti.
Bishkekdan tadqiqotchi Temur Umarov taxminicha ham Rossiya roli u qadar pasaymaydi.
“Rossiya Markaziy Osiyodagi o'zgarishlarni kuzatib turibdi va jarayonlarni hammadan yaxshiroq tushunadi", - deydi Umarov.
Mamlakatlar iqtisodini va biznes sheriklari davrasini kengaytirishga anchadan beri harakat qilib keladi. Ukrainadagi urush oqibatlari munosabatni o'zgartirishi mumkin, ammo talablar va manfaatlar u qadar yangilanmaydi, deydi ekspert.
Umarov Xitoy bilan bellashish tobora qiyin ekani va Pekin mintaqada logistik va geografik ustunlikka ega ekanini ham ta'kidlaydi. "Chunki Xitoyning iqtisodiy salohiyati ustun", - deydi u.
Murtazashvili esa uyg'urlarga nisbatan siyosati sabab Markaziy Osiyo ahli Xitoyga ancha salbiy munosabatda ekanini eslatadi.
Qozog'iston, Qirg'iziston, va Tojikiston - Xitoy bilan tutashgan davlatlar. O'zbekiston Xitoyning azaliy hamkori. Bu davlatlarning birortasi diniy va etnik jihatdan yaqin elat bo'lmish uyg'urlarni ochiq himoya qilib chiqmagan.