Breaking News

Baydenning G’azo siyosati saylovda unga qimmatga tushishi mumkin


Seshanba kuni AQShning Michigan shtatida Demokratik va Respublikachilar partiyalaridan prezidentlikka nomzodlar partiyaviy tanlovda yoki praymerizda qatnashdi.

Xalqaro hayot - 28-fevral, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:32 0:00

Sobiq prezident Donald Tramp qatorasiga beshinchi shtatda g’alaba qozondi. Amaldagi Prezident Jo Bayden ham 81 foiz ovoz bilan ustun kelganiga qaramay, uning G’azodagi urushga doir siyosatidan norozi yuz mingdan ortiq saylovchi Baydenga ovoz bermaslikka qaror qildi.

Ular saylov byulletenida kimga ovoz berishni o’zi uchun hal qilmagan saylovchilar uchun ajratilgan punktni belgilashdi. Saylov qog’ozlarining 13,5 foizi ana shunday ovozlardan iborat bo’ldi. Noyabrda bo’ladigan asosiy saylovda bu Baydenga qimmatga tushishi mumkin.

Masalan, 2016-yilda Donald Tramp Michiganda Xillari Klintonni 10 mingta ovoz farq bilan mag’lub etgan. 2016-yilda esa Tramp Baydenga shtatda 155 mingta ovoz boy bergan.

Michigan shtatida eng ko’p sonli arab-amerikaliklar yashaydi. 310 mingdan ortiq odam Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadan kelgan muhojirlar va ularning avlodlari.

"Bayden mamlakatni insoniylik va muruvvat bilan boshqaradi deb o’ylagan edik. Biroq aslida ikkiyuzlamachilik bilan boshqaryapti”, - deydi 2020-yil saylov kampaniyasida Bayden uchun tashviqot ishlarini olib borgan Adam Abusalah ismli saylovchi.

Amerikalik musulmonlar va arablar Oq uyning Isroil-XAMAS mojarosiga doir siyosatidan norozi bo’lsa-da, shu oy o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, mamlakat bo’ylab bunday siyosatni qo’llab-quvvatlayotganlar 61 foiz atrofida.

Kuzatuvchilar Michigandagi partiyaviy tanlovda kimga ovoz berishini aniqlamagan saylovchilarning ko’pligi Oq uyga jiddiy signal bo’lishini aytadi. Baydenning G’azodagi siyosatidan nafaqat arablar yoki musulmonlar, balki yoshlar, progressiv demokratlar, ozchilikdagi saylovchilar va urushga qarshi ba’zi yahudiylar ham norozi.

"Yuqoridagi demokratlar saylov kuni demokrat saylovchilar faol bo’lib, bundan battarroq nomzod saylanishidan qo’rqib Baydenga ovoz beradi deya umid qilmoqda. Biroq bu har safar ovoz berib, fikrlari inobatga olinmayotganidan norozi saylovchilar ta’bini xira qilmoqda”, - deydi Michigan davlat universitetidan Nura Sidiqi.

Amerikadagi ayrim musulmonlar “Baydendan yomoni bo’lishi mumkin emas” degan fikrda. Shu sabab ular “Baydendan voz kech” kampaniyasini boshlagan.

"Men kabi progressiv demokratning “Baydenni Oq uydan chiqarish uchun Trampning prezident bo’lishiga roziman” deyishining o’zi hozirgi rahbar ishini qanchalik uddalay olmaganiga yaqqol dalildir”, - deydi “Baydendan voz kech” kampaniyasiga qo’shilgan Samraa Luqmon.

AQSh Harbiy-havo kuchlarida xizmat qilgan 25 yashar Aaron Bushnel AQSh va Isroilning Yaqin Sharqdagi hozirgi siyosatidan norozilik bildirib, yakshanba kuni Vashingtonda Isroil elchixonasi oldida o’zini yoqib yuborgani ham Bayden prezidentligiga munosabatga yana bir misoldir.

Baydenning matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer Oq uy Falastin tarafdorlarining xafagarchiligidan xabardor ekanini, unga befarq emasligini aytadi.

Biroq Bayden tanqidchilari nazarida, ko’plab so’rov natijalari G’azoda doimiy sulh tarafdorlarining ko’payayotganini ko’rsatayotganiga qaramay, prezident ularga quloq solmayapti.

G’azoda bugungi kun ham zo’ravonliksiz boshlanmadi. Isroil havo hujumida Dayral Balah shahrida bir oilaga tegishli uy vayron bo’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG