Breaking News

Ukraina: Surrogat onalardan minglab chaqaloqlar tug'ilmoqda


Ukraina: Surrogat reproduktiv xizmatlarga talab katta
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:19 0:00

Ukrainada 2013-yilda qabul qilingan qonun rasman nikohdagi, lekin bepusht er-xotinlarga surrogat reproduktiv xizmatlarni ko’rsatish imkonini berdi. Xizmat narxi ham nisbatan arzon. Surrogat onalardan yiliga minglab chaqaloqlar tug’iladi. Aksariyati xorijliklar uchun.

Rossiya-Ukraina urushi boshlanganida kaliforniyalik er-xotin - Kendis va Jovanni Geleralar birinchi farzandini kutayotgan edi. Homila Ukrainadagi surrogat onada rivojlanayotgan edi.

"Shokka tushdik, xudu tushdek edi. Balki ruslar shunchaki qo’rqitmoqchidir, deb o’yladik", - deydi Jovanni Gelera.

Bola 2022-yilning mayida tug'ildi. Farzandini olib kelish uchun Gelera Ukrainaga borishi kerak edi.

"Bola bilan xavfsiz uyga o’tganimizda bizni turli his-tuyg'ular chulg’ab oldi, bola bilan birinchi kecha… Xuddi o'g'limiz juda ko'p narsalarni boshdan kechirgadek edi", - deydi Gelera.

Ukraina farzand ko’ra olmaydigan juftliklar uchun allaqachon umid maskaniga aylangan. 2013-yilda qabul qilingan qonun rasman nikohdagi, lekin bepusht geteroseksual er-xotinlarga surrogat reproduktiv xizmatlarni ko’rsatish imkonini beradi. Bu esa Ukrainani surrogat onalar mamlakatiga aylantirdi.

"Ukraina surrogatlik bo'yicha standartlarga amal qilishini avvaldan bilardik", - deydi Gelera.

Surrogat onalar uchun talablar shunday: ayol 25-35 yoshda bo'lishi, o’zining hech bo’lmasa bir biologik, sog’lom farzandi bo’lishi kerak. Surrogat onaning tug’ilajak bolaga hech qanday qarindoshligi, ya’ni genetik aloqasi bo’lmasligi kerak.

Embrionning genetik materiali buyurtmachi ota-onaning hech bo’lmaganda bittasidan olinishi kerak. Bolaning biologik ota-onasi homiladorlik davri boshlangandan boshlab homilaning qonuniy vasiylari hisoblanadi.

Ukrainadagi “Adonis” reproduktiv klinikasining Shimoliy Amerika bo'limi rahbari Mariya Fiksning aytichicha, Ukrainada urush davom etayotgan bo’lsa-da, surrogat onalik xizmatlariga talab katta.

“Men tuxum donorligi, ya’ni surrogatlik bilan bog'liq bo’lmagan boshqa dasturlarni nazarda tutmayapman. 2023-yilda 107 nafar bola tug’ildi. Yana ko’plab nafari tug’iladi”, - deydi Fiks.

Surrogat onalar va chaqaloqlarni himoya qilish uchun agentlik qat'iy qoidalar joriy etgan.

Geleraning birinchi farzandini ko'targan ayol oilaning ikkinchi farzandini ham dunyoga keltirdi.

"Bunga ikki marta qo’l urdik. Ikkinchi marta katta tajribaga ega edik", - deydi u.

Shaxsini oshkor etmaslikni so’ragan ushbu dneprlik 26 yoshli ayol ham ikki marta surrogat ona bo‘lgan. Uning ikkinchi homiladorligi amerikalik er-xotinlar uchun edi. Homiladorlik urush davrida kechdi. Biroz qiyinroq bo'lganini aytadi.

"Portlashlar. Ha, ba'zida qiyin edi, lekin o'zimdan so'radim: atrofimda bo'layotgan voqealarni o'zgartira olamanmi? Yo'q. Shunday ekan, bularni yuragimga yaqin olmaslikka, iloji boricha xotirjam qolishga harakat qildim", - deydi surrogat ona.

Fiksning aytishicha, urush boshlanganida Ukrainada surrogat onalik xizmatlarini qidirayotgan xorijliklar soni birdan kamaygan, lekin hozir talab yana oshgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG