Breaking News

AQShning BMTdagi elchisi kim bo'ladi?


AQSh Vakillar palatasi a'zosi, respubliikachi Eliz Stefanik Prezident Donald Tramp tomonidan BMTda elchi bo'lishga ko'rsatilgan. Stefanik 21-yanvar kuni Senat huzurida savolga tutildi.
AQSh Vakillar palatasi a'zosi, respubliikachi Eliz Stefanik Prezident Donald Tramp tomonidan BMTda elchi bo'lishga ko'rsatilgan. Stefanik 21-yanvar kuni Senat huzurida savolga tutildi.

Prezident Donald Tramp ta'kidlashicha, uning tashqi siyosati Amerikani xavfsizroq, kuchliroq va farovonroq qilishni maqsad qiladi. BMTga elchilikka nomzod Eliz Stefanik mana shu missiya yo'lida xizmatga tayyor.

"AQSh BMTda qudratli yetakchi bo'lib qolishi kerak. O'z manfaatlarimiz uchun kurashar ekanmiz, kuchimizdan to'g'ri foydalangan holda dunyo bo'ylab tinchlik va xavfsizlikni targ'ib qilamiz", - deydi Stefanik.

40 yoshli Stefanik Kongressga Nyu-Yorkdan saylangan, 10 yildan beri qonunchi. Respublikachi vakil milliy xavfsizlik bilan bog'liq qo'mitalarda faoliyat yuritgan.

Demokratlar bilan qator xalqaro masalalarda kelisha olgani uchun muxolifatning hurmati va ishonchiga sazovor bo'lgan.

Shu bois ham Stefanik BMTga elchi sifatida tasdiqlanishiga qonunchilar orasida shubha yo'q.

BMTda AQSh roli oshishi shart, deydi Eliz Stefanik
BMTda AQSh roli oshishi shart, deydi Eliz Stefanik

Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi Jim Rish deydiki, Xitoy - asosiy raqib va tahdid manbai. U Pekinni uyg'urlarni qirayotganlikda va ularga nisbatan genotsidda ayblaydi. Tayvan - AQShning hamkori va Vashington uni himoya qiladi, deydi senator. U Xitoyni BMTda o'z fuqarolarini yuqori lavozimlarga kelishi uchun bosim o'tkazayotganlikda ham tanqid qiladi.

Stefanik ham shunday xulosa qilib, Vashington keskin choralar ko'rishi va BMTdagi rolini mustahkamlashi zarur, deydi.

"Ittifoqchilarimiz va sheriklarimiz bilan yaqindan ishlab, BMT tizimidagi har qanday darajada munosib odamlar ishlayotgani, amerikaliklik yo hamkorlarimizdan chiqqan, boshqaruvga bizga ma'qul insonlar kelishini ta'minlashimiz lozim", - deydi Stefanik.

Stefanik fikricha, Xalqaro Telekommunikatsiya ittifoqi va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotida ham xitoylik davlat xizmatchilari hozir rahbar ekani xavotirga molik.

Sun'iy idrok va boshqa sohalarda ham amerikaliklar xalqaro maydonda yetakchilik qilishi zarur, deydi u, "toki me'yor va standartlarni biz belgilaylik".

BMTga ajratilgan har bir dollar AQSh manfaati uchun ham xizmat qilishi shart, deydi Eliz Stefanik
BMTga ajratilgan har bir dollar AQSh manfaati uchun ham xizmat qilishi shart, deydi Eliz Stefanik

Amerika BMT uchun eng ko'p mablag' ajratadigan davlat. Stefanik elchi bo'lsa, har bir dollar qanday sarflanayotgani borasida shaffoflik, mas'uliyat va muntazam auditni kafolatlayapti.

Amerikaliklar boshqarayotgan BMT agengliklari, jumladan, Jahon oziq-ovqat dasturi va BMT Bolalar agentligi eng samarali ishlaydigan organlar, deydi Stefanik.

"Stefanik elchi bo'lsa, AQSh roli oshadi, u keskin harakatlar qiladi, ammo BMTdan uzoqlashmaydi, aksincha, unda faollashadi", - deya kuzatmoqda Richard Govan, Xalqaro bo'hronlar bo'yicha guruhning BMTdagi vakili.

"BMT sarflanayotgan pulga arzigulik ish qilayaptimi, deb so'rash va buni ta'minlash uchun zarur choralar ko'rishni boshqa donorlar ham olqishlaydi, chunki ular ham nazorat mahkamlanishi tarafdori", - deydi Govan.

Prezident Tramp Oq uydagi birinchi kunidayoq imzo chekkan farmonlardan biriga ko'ra, AQSh Jahon Sog'liqni saqlash tashkilotidan chiqadi.

"Bu tashkilot pandemiya paytida naqadar noqobil organ ekanini ko'rsatdi", - deydi Stefanik.

Nyu-Yorkdan saylangan qonunchi Eliz Stefanik Donald Trampni boshidan quvvatlab keladi
Nyu-Yorkdan saylangan qonunchi Eliz Stefanik Donald Trampni boshidan quvvatlab keladi

Yaqin Sharqda, uning nazarida, Isroilni quvvatlash - birlamchi vazifa. BMT tizimida "antisemitik" munosabat va fikrlash keng qanot yozgan va buni bartaraf etish kerak, deydi elchilikka nomzod.

"BMT Xavfsizlik kengashi va umuman, BMTning har bir qismida biz Isroil bilan birga bo'lamiz", - deydi Stefanik.

Prezident Tramp mintaqa tinchligi uchun kurashadi, XAMAS va Hizbulloh yo'q qilinadi; yahudiy davlat xavfsiz yashashi uchun nimaiki zarur bo'lsa, yordamlashish lozim, deydi u.

Demokrat senatorlar Falastin ahli manfaatlari xususida so'raganida Stefanik bu xalqqa ham ko'mak ko'rsatilishi kerak, degan mazmunda javob berdi.

Biroq Stefanik nazarida falastinliklar da'vo qiladigan yerlarning katta qismi Isroilniki.

Tahlilchilarga ko'ra, nomzod Trampning yondashuvini aks ettiradi, ya'ni Amerikaning yangi rahbariyati davrida Isroil ustun kelishi tayin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG