Bayden ma’muriyati Isroil va Falastinning ikki alohida davlat bo’lib yonma-yon yashashi g’oyasini qayta jonlantirmoqda. AQShning BMTdagi muvaqqat elchisiga ko’ra, o’rtadagi yemirilgan ishonchni “sekin-asta tiklash” uchun harakat boshlanadi.
“Yangi ma’muriyatda AQSh siyosati o’zaro kelishib olgan, tinch va xavfsizlikda yashaydigan ikki davlatni qo’llab-quvvatlashdan iborat”, - dedi elchi Richard Mills Xavfsizlik Kengashining onlayn majlisida.
Diplomatga ko’ra, bunday kelishuvga erishish oson bo’lmaydi, lekin eng yaxshi yechim shudir. Isroilga ham, Falastinga ham tinchlikni majburlab o’tkazolmaysiz, deydi Mills.
O’tgan yili yanvarda Tramp ma’muriyati uzoq kutilgan Yaqin Sharq tinchlik rejasini e’lon qilgan edi. Falastinliklar AQSh Isroilga yon bosayotganini, poytaxti Sharqiy Quddus bo’ladigan suveren Falastin davlati ko’zda tutilmaganini qayd etib, rejani rad etgan. Isroil esa Trampning kuyovi Jared Kushner boshchiligida olib borilgan muzokara natijasini “Asr bitimi” deb maqtab, qabul qilgan.
Donald Trampning AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko’chirgani ham falastinliklar g’azabini qo’zg’agan. Prezident Jo Bayden bu qarorni tanqid qilgan, ammo uni bekor qilish haqida og’iz ochgani yo’q. Saylov kampaniyasi paytida u Sharqiy Quddusda AQSh konsulligini ochishni taklif qilgan edi.
“Bayden ma’muriyati ham falastinliklar, ham isroilliklar bilan ishonchli aloqalarni tiklashga intiladi”, - deydi elchi Mills.
Falastin Tramp davrida Qo’shma Shtatlarning vositachilik rolini rad etgan.
“So’nggi to’rt yil hammamizni sinovdan o’tkazdi. Endi avvalgi ma’muriyat yetkazgan zararni tuzatish vaqti keldi. Tramp ma’muriyati tomonidan amalga oshirilgan noqonuniy va dushmanlik ruhidagi qadamlarning bekor qilinishini kutib qolamiz”, - deydi Falastin Tashqi ishlar vazirli Riyod al-Malikiy.
Bayden Falastin xalqi uchun mo’ljallangan iqtisodiy-gumanitar yordam dasturlarini tiklashni, so’nggi to’rt yilda yopilgan diplomatik vakolatxonalarni qayta ochishni rejalamoqda.
2018-yilning sentabrida Tramp Falastinning Vashingtondagi diplomatik idorasini yopishni buyurgan edi.
“Shu bilan birga, AQSh Isroilni qo’llab-quvvatlashda davom etadi”, - deydi elchi Mills.
U Falastin va Isroilni quyidagi qadamlardan tiyilishga undadi: hududlarni bosib olish, yangi mahallalar qurish, falastinliklar uyini vayron qilish, zo’ravonlik qo’zg’atish va terrorchilikda ayblangan shaxslarga kompensatsiya to’lash.
“Isroil muzokara orqali nizoni hal qilishga tayyorligini qayta-qayta bildirgan”, - deya ta’kidlagi Isroilning BMTdagi elchisi Gilad Erdan Xavfsizlik Kengashi majlisida.
Tramp ma’muriyati Isroilning Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Marokash va Sudan bilan munosabatlari normallashuviga ko’maklashgan. AQSh hukumati boshqa davlatlarni ham shu yo’ldan borishga undaydi, deydi Mills, lekin bular Isroil-Falastin tinchligi o’rnini bosolmaydi.
Facebook Forum