“YouTube”, “Facebook” va “Twitter” singari ijtimoiy tarmoqlar aynan erkin ekani uchun ham global platformalarga aylangan. Erkin so’z va erkin fikr maydonlari. Lekin bu gigant saytlar nafrat va haqorat makoni, degan qarash ham kuchli va bu tarmoqlar hozir chora ko’ring, degan bosim ostida.
Bu kompaniyalar so’z va fikr erkinligini cheklamaslik uchun faqatgina ekstrimal hollarda chora ko’rishni ma’qul deb biladi. Jumladan, zo’ravonlik va pornografiya aks etsa.
Lekin ko’plar nazarida ular bugun nafrat sahnasidir. Yaqinda “Twitter” AQShda o’ta konservativ va radikal fikrlari bilan tanilgan radio boshlovchi Aleks Jounsni platformadan bir haftaga haydadi. Jouns jurnalistlarga nisbatan zo’ravonlikni targ’ib qilgani uchun jazolandi.
“Tvitlarimni olib tashlashdi. Birortasi yo’q. Hech kimga zo’ravonlik qiling, demadim. Qurol ishlating, demadim. Man etishdi meni. Ovozimni o’chirishmoqchi”, - deydi Jouns.
Qizig’i bu radio yulduz oldin “Apple”, “Spotify”, “Facebook” va “YouTube” dan ham haydalgan edi. Jurnalistlar – dushman, degan propagandasi uchun. Uning yana bir propagandasi shuki, jurnalistlar “otishma bo’ldi” deya uydirma tarqatmoqda. Soxta xabarlar bular, deydi Jouns.
Ijtimoiy tarmoqlarda u kabi yulduzlar ko’p va katta ta’sir kuchiga ega. So’z erkinligi haqida yangicha yondashuvga muhtojmiz, deydi Santa Klara Universitetidan olima Irina Raichu.
"Kompaniyalar mas’uliyatni bo’yniga olib, chegara qayerda ekanini belgilab olishi kerak va bu jarayon boshlandi. Masalaga jiddiy qarashmoqda. Biz neytralmiz, deyish bilan ish bitmaydi. Fikrlar mazmuni elakdan o’tkazilmoqda. Yangi qoidalar ustida ishlashmoqda”, - deydi olima.
Gap faqat ingliz tilidagi fikr-mulohaza haqida ketmayapti. Yuzlab tillardagi material tahlil qilinishi kerak, har soniya, har kuni, tinimsiz. Myanma va Hindistondan tortib, dunyoning bu chekkasigacha. Zo’ravonlikka chaqiriqlar darhol o’chirilishi kerak, degan talab kuchaygan.
“Facebook” haqorat va pornografiyani man etadi, lekin nega qon to’kish targ’ib qilinsa, indamaydi? Bu axir dahshat. Zudlik bilan olib tashlanishi kerak, chora ko’rilishi kerak”, - deydi Kaliforniya universiteti talabasi Abinay Korukonda.
Ming Su ham shu universitetda biznes sohasida o’qiydi. U hozir so’z va fikr global voqealarga qanchalik ta’sir etishi borasida izlanmoqda, aynan ijtimoiy tarmoqlardagi mulohaza va qarashlarni o’rganmoqda.
“Facebook” ayrim jamiyatlarda, masalan, Myanmada yoki Turkiyada, haqiqat urug’ini sochuvchi maydondek tanilgan. Odamlar u yerda nima ko’rsa va o’qisa, shuncha ishonadi qo’yadi. Ommani o’zimga ergashtirdim degan yetakchilar haddidan oshib, kimni kamsitib, kimni maqtayotgani uchun javob bermaydi. Bu katta muammo”.
Ijtimoiy tarmoqlar yuzasidan izlanishlar haqida hozir ko’plab universitetlarda eshitasiz. Chuqur qiziqish uyg’otayotgan mavzu. An’anaviy matbuot emas, global platformalar muhokamada. Tekshiruvsiz, tasdiqsiz va tahrirsiz materiallar xavfi. #