Mehnat vaziri: O'zbekiston xalqi islohotlar natijasini sezishi kerak

Your browser doesn’t support HTML5

Toshkentdan maxsus: Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev bilan suhbat

O'zbekistonda paxta terimi boshlanar ekan, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev "Amerika Ovozi" bilan suhbatda bo'ldi. Hukumat majburiy mehnat masalasini bartaraf etishga bel bog'lagan, jiddiy harakat ketmoqda, deydi u yuzma-yuz intervyuda.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston Bandlik va mehnat munosabatilari vaziri bilan suhbat, Toshkent

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston mehnat vaziri bilan birinchi marta gaplashayapmiz. Bu biz uchun katta sharaf va ehtirom. Rahmat, rozi bo'lganingiz uchun.

Vazir Sherzod Kudbiyev: Sizga ham rahmat. Biz uchun ham sharaf.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Hozirgina O'zbekiston hukumatidagi birinchi matbuot anjumanimda qatnashdim. Menga jurnalist sifatida juda yoqdi. Professional ravishda tashkil qilingan. Ochiq, samimiy muloqot. Hammani diqqat bilan tinglaganingiz, vazir sifatida o'zingiz, yoningizda o'rinbosaringiz va xalqaro hamjamiyat vakili, xususan Xalqaro Mehnat Tashkiloti vakili bilan o'tirib, shuningdek, hammaning savoliga birma-bir javob berib, "javobimdan qoniqdingizmi?" deb so'raganingizning o'zi katta gap. Chunki biz, jurnalistlar, uzoq davr mobaynida shuni xohlagan edik - O'zbekiston hukumati vakillari bilan mana shunday muloqotni. Rahmat.

Vazir Sherzod Kudbiyev: Sizga rahmat, ishtirok etganingiz uchun va vaqt ajratganingiz uchun.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekiston deganda xalqaro hamjamiyatda ko'p hollarda majburiy mehnat haqida gap ketadi. O'zbekiston hukumatining o'zi ham tan olganidek, mazkur muammo bu davlat yuzidagi katta dog'. Mana shu dog'ni o'chirish vazifasi ko'p jihatdan sizning zimmangizda. Ya'ni siz nafaqat mehnat bilan bog'liq muammolar bilan shug'ullanishingiz yoki qarorlarni amalga oshirishingiz kerak, balki O'zbekiston imijini ko'tarish uchun mana shu muhim masalani hal etishingiz kerak. Qanchalik og'ir bu vazifa? Sezasizmi shu yukni?

Bu masala bilan faqat bizning vazirlik emas, butun hukumat shug'ullanmoqda.

Vazir Sherzod Kudbiyev: Albatta, Navbahor, bu nafaqat Mehnat vazirligining balki butun hukumatning yordamini sezib turibmiz. Bu masala bilan faqat bizning vazirlik emas, butun hukumat shug'ullanmoqda. Oxirgi bir yil ichida to'rt katta qaror qabul qilindi. Qator majlislar, aynan majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslik uchun, hukumat rahbari boshchiligida o'tkazilmoqda. Bu masalada asosiy frontda Mehnat vazirligi turgan bo'lsa ham, buning orqasida tayyorgarlik va tashkiliy nuqtai nazardan, normativ belgilash nuqtai nazaridan, barcha vazirliklar bizga yordam berib, ishlab, hukumatimiz boshchiligida mana shu ishlarni amalga oshirayapmiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Demak, bu balodan qutulish uchun hamma birgalikda harakat qilishi kerakligini tizim tushunadi?

Bir tomondan jazo muqarrarligini ta'minlasak, ikkinchi tomondan qonunchilikni joy-joyiga qo'yayapmiz.

Vazir Sherzod Kudbiyev: Oxirgi chiqayotgan qarorlarga e'tibor qaratsak, majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslik haqida bir nechasi chiqdi. Xalq ta'limi to'g'risidagi yurtboshimiz farmonini ko'rsangiz, u yerdagi asosiy normativ va me'yorlar bevosita majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslikka olib keluvchi prinsip-tamoyillarni biz boshqaruv mexanizmiga joriy qilayapmiz. Xalq ta'limini misol qilib oladigan bo'lsak, xalq ta'limi muassasalari rahbarlarni hokimlar bilan kelishmasdan tayinlash prinsipi ham majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslikning bir elementidir. Bir tomondan jazo muqarrarligini ta'minlasak, ikkinchi tomondan qonunchilikni joy-joyiga qo'yayapmiz. Buning lokomotivi - muhtaram prezidentimiz boshchiligida butun hukumat bu bilan shug'ullanyapti.

Sherzod Kudbiyev, O'zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Biz O'zbekistonni boya aytganimdek, uzoq davr mobaynida tashqaridan yoritib kelganmiz va katta manzaraga nazar tashlaymiz. O'sha katta manzarada meni har doim jurnalist sifatida o'ylantirgan narsa: O'zbekiston hukumatiga ko'p tavsiyalar keladi; uni qilish kerak, buni qilish kerak, degan. Manavi sohada anavi narsani to'g'rilash kerak... Hamma xalqaro tashkilotlardan doimiy ravishda tavsiyalar tushadi. Sizning vazirligingizga, ayniqsa. Huquq tashkilotlaridan, BMT organlaridan mana shunday tavsiyalar kelganida, nima qilasiz? Ularni ko'rib chiqish jarayoni qanday? Qanchalik jiddiy qabul qilinadi?

Har bir tavsiya davlat manfaatidan kelib chiqib qaralishi kerak.

Vazir Sherzod Kudbiyev: Albatta, Navbahor. Tavsiyalar juda ko'p. Lekin milliy manfaat degan narsa bor. Har bir tavsiya davlat manfaatidan kelib chiqib qaralishi kerak va unga milliy manfaat nuqtai nazaridan yondashish kerak. Bu birinchidan. Ikkinchidan, hukumatda muhtaram yurtboshimiz tomonidan belgilab berilgan strategiya bor. Bizga berilayotgan tavsiyalar mana shu besh yillik strategiyaga qanchalik mos keladi yo kelmaydi?

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Shartsiz qabul qilmaysiz?

Vazir Sherzod Kudbiyev: Yo'q. O'ylaymanki, bunday davlatning o'zi yo'q. Tavsiyalarni shartsiz qabul qiladigan davlatlar bo'lmasa kerak deb o'ylayman. O'zini hurmat qiladigan davlat unday qilmaydi. Albatta, har bir tavsiya, masalan majburiy mehnat masalasini olsak, muhtaram yurtboshimiz bizga ko'rsatyaptilar va biz ham tushunib yetayapmiz, majburiy mehnatdan butunlay voz kechish qandaydir tavsiyani bajarish uchun emas, kimgadir yaxshi yoki yomon ko'rinish uchun emas. Biz hammamiz yaxshi tushunamiz: O'zbekiston davlatining eng katta boyliklaridan biri bu bizning yosh, demografik nuqtai nazardan katta divident beradigan xalqi. Qariyb 33 million xalq.

... majburiy mehnatdan butunlay voz kechish qandaydir tavsiyani bajarish uchun emas, kimgadir yaxshi yoki yomon ko'rinish uchun emas.

Hammamiz yaxshi bilamiz, 21-asrda inson kapitali birinchi navbatga chiqadi. Asosiy kapital shu bo'ladi. Shuning uchun, e'tibor qaratsak, O'zbekistondagi o'zgarishlar maktabgacha bo'lgan ta'limdan boshlab, biz farzandlarimizga tarbiya berib, ularni o'qitsak, sifatli bilim bersak, ishchi-mutaxassisliklar bo'yicha sifatli bilim bersak, mana shundan bizga ko'proq qaytim bo'ladi, ko'proq divident beradi, ularni majburlab ishlatganimizdan ko'ra, paxtada yoki obodonlashtirishda. Bu nafaqat milliy manfaatб balki 10, 15, 20 yilga qo'yilayotgan zamin. Agar mana shu manfaatlarimizga to'g'ri kelsa, biz albatta bu tavsiyalarni xalqaro hamkasblar va xalqaro hamjamiyat bilan birga amalga oshiramiz. Lekin ko'r-ko'rona, shartli ravishda hamma narsa ham qabul qilinavermaydi.

O'zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, 8-sentabr, 2018, Toshkent

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Hozir eshitayapmizki, Qo'shma Shtatar va Yevropa Ittifoqidan, O'zbekiston hukumatining ochilganining bir daragi - O'zbekiston bemalol yordam so'ramoqda va nima xohlashini biladi. Muayyan sohada bizga yordam kerak deb bemalol ayta olayapti. Oldin bunday emas edi, deyishayapti. Mana Prezident Shavkat Mirziyoyev may oyida Amerikaga borganida aynan shu narsa yaqqol sezildi. Davlat rahbarining o'zi O'zbekistonga nima kerakligini konkret ravishda ayta oldi. Mehnat vazirligiga qanday ko'mak kerak? Qay sohada, qay yo'nalishda madad zarur?

Bolalar mehnatini batamom bartaraf etdik. Majburiy mehnat esa, o'zingiz aytdingiz, 2018-yilda biz uchun katta chaqiriq.

Vazir Sherzod Kudbiyev: Biz bu masalalarni hamkorlarimiz, ayniqsa Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan gaplashganmiz. O'zingiz juda to'g'ri aytdingiz, biz ko'p yillar davomida bolalar mehnati va majburiy mehnat masalalari bilan band bo'ldik. Bolalar mehnatini batamom bartaraf etdik. Majburiy mehnat esa, o'zingiz aytdingiz, 2018-yilda biz uchun katta chaqiriq. Harakat qilamiz va o'ylaymizki, omadimiz keladi. O'zbekiston bandlik va mehnat nuqtai nazaridan Markaziy Osiyodagi eng katta bozor.

Bizda yosh aholining ulushi katta. Asosiy vazifamiz - mehnat bozorida mana shu yosh demografik dividentdan foydalana olish.

Bu yerda gap faqat bolalar mehnati yoki majburiy mehnatda emas. Mehnat xavfsizligi, mehnatni normalash, mehnat standartlari, ish haqi standartlari va instituti bo'yicha va umuman mehnat bozoridagi instrumentlar yuzasidan biz ko'p muzokaralar olib borayapmiz va xalqimizning oldida turgan masalalarni hamda menhat bozorini boshqarish yuzasidan ko'plab mavzularni muhokama qilayapmiz. Yordam haqida so'rayapsiz - yordam deymizmi yoki hamkorlik desak to'g'ri bo'lar. Qaytaraman, O'zbekiston katta demografik dividentga ega bo'lishi mumkin bo'lgan davlat. Bizda yosh aholining ulushi katta. Asosiy vazifamiz - mehnat bozorida mana shu yosh demografik dividentdan foydalana olish. Bularni tadbirkorlikka jalb etish nuqtai nazaridan, samarali va munosib bandligini ta'minlash nuqtai nazaridan va kerak bo'lsa, ularning bilimini oshirish nuqtai nazaridan... mana shular biz uchun asosiy masalalar.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Yana majburiy mehnat masalasiga qaytmoqchiman. Qachon bu masaladan butkul qutulamiz degan masalani jamoatchilik ba'zida o'rtaga tashlaydi, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda. Ishonchim komil, vazirlik va o'zingiz ham ijtimoiy tarmoqlarni yaqindan kuzatib borasiz. Umidsizlangan o'zbeklar ko'p. Bu muammoni siyosiy jihatdan yengib bo'lmaydi, bu masala hamisha bo'ladi deydiganlar ko'p. Bu bir qarash. Boshqa tomondan, huquq tashkilotlari xohlaydiki, siz bir marrani belgilashingiz kerak. Kelasi 3,5, balki kelasi 10 yilda bu muammo tag-tugi bilan yo'q bo'lishi kerak. O'zingiz bunga qaday qaraysiz?

Ikki yil oldin O'zbekistonda bunday shiddat bilan o'zgarishlar bo'lishini hech kim tasavvur qila olmas edi.

Vazir Sherzod Kudbiyev: Navbahor, juda qaltis va chuqur savol berayapsiz. Unga javob berish bir tomondan og'ir, juda mas'uliyatli. Lekin e'tiboringizni bir narsaga qaratmoqchiman. Ikki yil oldin O'zbekistonda bunday shiddat bilan o'zgarishlar bo'lishini hech kim tasavvur qila olmas edi. Kuni-kecha Moskva shahridan qaytdim. Hurmatli bosh vazirimiz va Rossiya Federatsiyasining bosh vaziri atom stansiyasi qurish haqidagi hujjatga imzo chekishdi. Ommaviy axborot vositalarida o'qidingiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Siz shu muzokaralarda qatnashdingiz, demak.

O'zimiz uchun shiddatli va yaqin marralarni belgilab olganmiz.

Vazir Sherzod Kudbiyev: Albatta. Mana bir yil oldin kimdir o'ylarmidi, O'zbekiston shunday bo'ladi deb. Biz shiddat bilan rivojlanayapmiz. O'zimiz uchun shiddatli va yaqin marralarni belgilab olganmiz. Aniq muddatni so'rasangiz, besh yilik strategiyamizda yurtboshimiz vazifalarni aniq belgilab berganlar. Va o'ylaymanki, shu strategiyada belgilangan muddatlar doirasida oldimizdagi barcha vazifani to'liq bajarishga qodirmiz.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston: Paxta mavsumida majburiy mehnatga yo'l qo'yilmaydi

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Prezident Mirziyoyevga tashqi dunyo islohotchi lider sifatida qarayapti. Sizga va boshqa yana bir necha vazirga islohotchilar guruhidagi arboblar sifatida qarashadi. Sizga hech shu haqda aytishdimi? Siz reformatorsiz degan gaplarni eshitasizmi?

... biz arbob bo'lishdan oldin xalqimizga xizmat qilishni, uning dardi-tashvishlarini eshitishni oldin o'rganishimiz kerak.

Vazir Sherzod Kudbiyev: O'ylaymanki, Navbahor, arbob degan bahoga biz hali o'zimizni loyiqmiz deb hisoblamaymiz. Endi mana o'rganayapmiz. O'tgan yili xalq bilan muloqot yilidan kelib chiqib, oldingi lavozimimdan kelib chiqib, muhtaram prezidentimiz o'rgatdilarki, biz arbob bo'lishdan oldin xalqimizga xizmat qilishni, uning dardi-tashvishlarini eshitishni oldin o'rganishimiz kerak. Ana undan keyin bizga kim nima aytdi degan fikrga qaytamiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Islohotlar jarayoniga agar to'lqin, dinamika sifatida qarasak, hozir qanchalik sust yoki jadal, sizning nazaringizda?

Shiddat bilan ishlashda davom etishimiz kerak va buning natijasini xalqimiz sezishi kerak. Shunda biz islohotlar samarali bo'ldi deb o'zimizga baho beramiz.

Vazir Sherzod Kudbiyev: Bu savolga javob berish uchun ekspert bo'lish talab etilmaydi. Qaysi sohada islohot yo'q degan savol aniqroq bo'ladi. Agar muhtaram yurtboshimiz tomonidan imzolangan qarorlarni, xalqaro hamjamiyat bilan kelishuvlarni tahlil qiladigan bo'lsak, maktabgacha ta'lim to'liq isloh qilinayapti, maktabdagi ta'lim isloh qilinmoqda, mana bandlik sohasini tubdan qayta ko'rib chiqayapmiz, ishlash tamoyillarimizni mutlaqo o'zgartirayapmiz; o'ylaymanki, ishlab chiqarishda, investitsiya jalb qilishda, eskportda, eng asosiysi, bu kunlar bir yil bo'ldi erkin konvertatsiya bo'lganiga... Bu endi boshlanishi. Shiddat bilan ishlashda davom etishimiz kerak va buning natijasini xalqimiz sezishi kerak. Shunda biz islohotlar samarali bo'ldi deb o'zimizga baho beramiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Hozir matbuot anjumanida qiziq bir gapni aytindigz. Siz fermer bo'lgan ekansiz.

Vazir Sherzod Kudbiyev: Albatta, fermer bo'lganman.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Qachon shug'ullangansiz? Kelib chiqishingiz haqida ozgina gapirib bering.

2007-yilning oxirigacha men fermer bo'lganman. Farg'ona viloyatining Farg'ona tumanida.

Vazir Sherzod Kudbiyev: Qiziq bo'lgan... Fan nomzodi degan unvonni olganimdan keyin, buxgalteriya hisobi va audit sohasida, fermerlikka juda qiziqqanman. 2007-yilning oxirigacha men fermer bo'lganman. Farg'ona viloyatining Farg'ona tumanida. O'zim Farg'onadanman. Farg'onada fermerlik qilganman. Paxtaniyam ekkanman. G'allaniyam ekkanmiz. Shuning uchun men bu jarayonni unchalik chuqur bo'lmasa ham yaxshi bilaman, qayerda nima ekiladi va qaysi mehnatdan fermer foydalanishdan manfaatdoru va qaysi biridan manfaatdor emas.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Siyosatga qanday kirib keldingiz?

Vazir Sherzod Kudbiyev: Siyosatga? Biz endi hali siyosatga kirganimiz yo'q, Navbahor. Taqdir taqozosi bilan muhtaram prezidentimiz bizga ishonch bildirdilar. Biz ularning yonlarida shu ishonchni oqlab ishlashimiz kerak.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Katta rahmat.

Vazir Sherzod Kudbiyev: Sizga rahmat.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Omad sizga!

Vazir Sherzod Kudbiyev: Rahmat!