Tolibon bilan muzokaralar bo’yicha Moskva sammiti o’z ishini boshladi, u ertaga ham davom etadi. Unda Tolibonning 10 nafarlik delegatsiyasi, Afg’onistondan siyosiy faollar, ayollar, sobiq rahbarlar, prezidentlikka nomzodlar, qonunchilar va qabilaviy yetakchilar ishtirok etmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Qatnashchilar orasida sobiq prezident Hamid Karzay, sobiq davlat maslahatchisi va hozirda prezidentlikka da'vogar Hanif Atmar , sobiq hokimlar - Muhammad Ismoilxon va Ato Muhammad Nur bor. Sammitda Kobuldan biror rasmiy vakil yo’q. Hukumat bu uchrashuvdan samarali natija chiqmaydi degan fikrda. Kuzatuvchilar nazarida esa, uchrashuv ijobiy qadam.
Moskvada o’tkazilayotgan bu sammitga Rossiya hukumati emas, bu yerda istiqomat qiluvchi afg’onlar mezbonlik qilmoqda. Bu haqda Rossiyaning Kobuldagi elchixonasi ma’lum qilgan.
Hamid Karzay tuzum va yutuqlar saqlab qolinishi delegatsiyaning e’tibor markazida ekanini ta’kidlagan.
Rasmiy Kobul ushbu uchrashuvni tanqid qilmoqda.
“Bunday muzokaralar Tolibon vakillari o’jarligini yanada kuchaytiradi”, - dedi bosh vazir Abdullah Abdullah.
Tahlilchi Asadullah Nadim nazarida ushbu anjuman ortida shubhasiz Rossiya hukumati turibdi.
“Bunday katta yig’ilishning uddasidan Rossiyadagi afg’onlar uyushmasi chiqa olmaydi”, - deydi
U, ayni paytda, afg’on hukumati tashvish-xavotiri o’rinsiz ekanini aytadi.
“Menimcha, bu bir ijobiy qadam. Chunki bir-birlariga qarshi jang qilgan tomonlar bir safda o’tirib gaplashadi. Agar tarafsiz nazar tashlasak, bu yig’ilish tinchlik muzokaralariga zarar yetkazmaydi. Hukumat qatnashgan bo’lmsa-da, hukumatda yuqori lavozimlarda ishlagan, tuzum tarafdori bo’lgan odamlar ishtirok etgan”, - deydi Asadullah Nadim.
Suhbatdosh sobiq prezident Hamid Karzayning yana hokimiyatga qaytishga harakat qilayotganini tanqid qiladi. Hatto Qatarda o’tkazilgan bir haftalik muzokaralarga ham muvaqqat hukumat raisi sifatida uning jiyani Hikmat Halil Karzay taklif qilinganini bildiradi.
“Muvaqqat hukumat loyihasi muammo uchun ma’qul yechim emas. Chunki Karzay guruhidagi odamlar nafsi pok insonlar emas. Hukumat shomil barcha guruhlar uchrashib, qaror qabul qilinsa samarali bo’ladi”, - deydi tahlilchi.
Mahalliy o’zbek Shamsulhaq Quyosh nazarida Afg’oniston sulhi bo’yicha, avvalo, yetakchi davlatlar o’zaro kelishib olmasa, bunday uchrashuv natija bermaydi.
“Menimcha, muzokaralarning samarali kechishi bo’yicha hukumatga qaraganda siyosiy rahbarlining roli samaraliroq bo’ladi. Chunki hukumat faqat o’zi xohlagan odamlarni muzokaraga yuboradi. Siyosiy rahbarlar har toifadan, Afg’onistonda yashovchi barcha xalqlar vakillari bor unda”, - deydi Shamsulhaq.
Jamoatchi faol Ali Ahmad Faryobiy barcha tomonlar birlashib tinchlik ta’minlanishi uchun dadil qadamlar tashlashi kerakligini aytadi.
“Afg’oniston xalqi urushdan to’ygan. Chunki urushlarda yaqinlarini yo’qotmagan oila qolmadi. Urush deganda hammaning jismiga larza kiradi”, - deydi u.
Mahalliy jurnalist Jovid Maxdumiy shunday fikrda:
“Amerika afg’on rahbarlarining Moskva rasmiylari bilan muzokarasi natijasida sulhga kelishini xohlamaydi. AQShning ishtirokisiz Afg’onistonda tinchlik ta’minlanishi mumkin emas”.
Kobulda muzokaralar bo’yicha yakdillik yo’q. Hukumat deyarli chetga surilgan. Bu esa, siyosiy barqarorlikka putur yetkazmoqda.