Faollar: O'zbekiston paxtasiga boykot hozircha bekor qilinmasin

  • Amerika Ovozi

Majburiy mehnat va bola mehnati mahsuli deya O'zbekiston "oq oltini"dan yuz o'girgan G'arb va umuman xalqaro bizneslar hozirga kelib bu qarorini qayta ko'rib chiqayotgan bo'lsa, uni bekor qilishga hali erta, deydi mamlakatda uzoq yillardan beri huquq uchun kurashib kelayotgan Yelena Urlayeva va uning safdoshlari.

Yaqinda respublikaning ikki yetakchi huquq himoyachisi Shuhrat G'aniyev va A'zam Farmonov O'zbekiston paxtasiga nisbatan bir necha yillik boykotni bekor qilish vaqti yetdi, deb chiqqan edi.

2018-yilda ham majburiy mehnat hollariga guvoh bo'lganini aytib, bu borada isbot-dalil ko'rsatayotgan huquqbonlar nazarida hukumat muammoga qarshi qanchalik chora ko'rmasin, mahalliy darajada uning ildiziga bolta ura olganicha yo'q. Davlat talab qilgan hosilni yig'ib berish kerak, deya mahalliy hokimiyatlar va mutasaddilar odamlarni dalaga haydadi, deydi Urlayeva o'zi e'lon qilgan ochiq xatida.

O'zbekiston rasmiylari Bryussel va Vashingtonga safar qilib, xalqaro hamjamiyatga islohotlarni tushuntirmoqda. Huquq faollari ikkiga bo'lingan. Bir tomon boykot olinsin, deydi. Ikkinchi tomonga ko'ra esa hali erta va boykot yordamida qattiqroq kurashish kerak.

Hukumatga ko'ra, bu borada islohotlar boshlangan, paxta sanoati xususiylashib boradi va natijada "klasterlar" vujudga kelib, paxtani ekishdan uning mahsulotga aylanishiga qadar jarayon bozor iqtisodiyoti asosida olib borilishi uchun zamin yaratilmoqda.

Lekin Yelena Urlayeva va u bilan ishlayotgan Malohat Eshonqulova, O'ktam Pardayev va Azimboy Otaniyozov nazarida, hali bu harakatlarni yutuq deya xulosalashga erta.

O'tgan yili, deydi ular o'z monitorinlariga asoslanib, kimyoviy sanoat, ichki ishlar, harbiylar, tadbirkorlar, neft sanoati va hatto banklarning xodimlari paxtaga haydalgan. 2018-yilning noyabrigacha ular terimda bo'lgan.

Boykot sabab O'zbekistonda bolalar endi paxtaga olib chiqilmaydi, deya kuzatadi faollar. Talabalar, o'qituvchilar va sog'liqni saqlash tizimi vakillari endi majburiy mehnatga jalb etilmaydi. Shunday ekan, deydi faollar, kattalarning ham bu balodan qutulishi uchun boykot joyida turishi lozim.

O'zbekiston rasmiylari Bryussel va Vashingtonga safar qilib, xalqaro hamjamiyatga islohotlarni tushuntirmoqda. Huquq faollari esa vaziyat haqida ikkiga bo'lingan. Bir tomon boykot olinsin, deydi. Ikkinchi tomon esa hali erta va boykot yordamida qattiqroq kurashish kerak, deydi.

O'zbekiston hukumati va u bilan majburiy mehnatga qarshi hamkorlik qilayotgan Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) hozirga kelib mamlakatda paxta dalalarida zo'rlab ishlatilganlar misli ko'rilmagan darajada kamaygan, deya qayd etadi. XMT hisobicha, qariyb 170 ming odam o'tgan yili paxta terimida majburiy mehnatga jalb qilingan.

Boykotni quvvatlovchi va majburiy mehnatga qarshi targ'ibot olib boruvchi xalqaro koalisiya - "Paxta kampaniyasi" ham "shoshmay qaror qilish" tarafdori.

Your browser doesn’t support HTML5

Yelena Urlayeva: Huquq faollari bugun hukumatning hamkorimi?

Your browser doesn’t support HTML5

Malohаt Eshonqulova: Nega kimningdir huquqini himoya qilaman?