Mart oyida ochilgan axborot portali Minbar.uz tahliliy materiallar berib, omma e'tiborini qozonmoqchi. Axborot ham mahsulot. Sifatli mahsulot esa izchil mehnat talab qiladi, deydi sayt asoschilaridan biri va rahbari Jamshid Niyozov, "Amerika Ovozi" bilan Toshkentda suhbatda.
U bilan bir davrada to'planib, ushbu loyiha ustida ishlayotganlar o'tgan ikki yilda jamoatchilik nazariga tushgan axborot manbalarida chiniqqan jurnalistlar. Lekin Minbar.uz oldingidek bir kishi yoki bir organga qaram emas va bo'lishni istamaydi, deydi Niyozov.
Your browser doesn’t support HTML5
Bu safar mustaqillik juda muhim. Ammo bunga erishish va mustaqillikni ushlab turish naqadar mushkul ekanini Niyozov kabi tajribali muharrirlar yaxshi biladi.
Uning aytishicha, O'zbekistonda axborot yig'ish hamon qiyin. Mutasaddilar bilan gaplashish amrimahol, chunki ular ko'p hollarda qo'rqadi yoki media bilan ishlab o'rganmagan.
Shu bois ham hozircha O'zbekistonda rasmiylar Axborot va Ommaviy kommunikatsiyalar agentligi singari idoralarda jurnalistlar oldiga chiqmoqda. O'zbekiston24 davlat telekanalining "Xalqaro Press Klub" dasturida ham ko'rinib turishadi. "Taraqqiyot" strategiyasi markazi yoki "Yuksalish" milliy harakati tadbirlarida ham qatnashishadi.
Tadbirboz va qarsakboz O'zbekistonda tahliliy jurnalistika bilan shug'ullanish - ulkan sinov. Jamshid Niyozov bilan suhbatga asoslanib aytish mumkinki, Minbar.uz shunday muhim va arzigulik vazifani o'z bo'yniga olmoqda.
Lekin jurnalistlarga muayyan savollarga javoblar kerak.
Niyozov deydiki, Minbar.uz uchun tadbirlar qiziq emas. Portal tekin targ'ibot bilan shug'ullanmaydi, deydi u, kimgadir targ'ibot kerak bo'lsa, "pulini to'lab qo'yishsin".
Targ'ibot boshqa, jurnalistika boshqa. Jurnalistik material sanalishi uchun e'tibordagi masala tahlil qilinishi kerak, xolis bayon etilishi lozim.
Hukumatning eng tepasida o'tirganlardan tortib viloyat va tumanlarning hokimlarigacha, Oliy Majlis a'zolaridan tortib agentliklar va qo'mitalarning rahbarlari-yu, xususiy va nohukumat sektorni tebratayotganlargacha, ular bilan yuzma-yuz, ochiq munozara olib boradigan mustaqil platforma hali shakllanmagan.
Mamlakat astalik bilan bo'lsa-da oshkoralik tomon intilaveradi, degan umid kuchli. Minbar.uz mana shu jarayonga o'z salmoqli hissasini qo'shmoqchi.
Minbar.uz uchun gap sonda emas, sifatda, deydi Niyozov. Saytdan kundalik yangiliklarni soatma-soat yoritishni kutmang.
Kadrlar yetishmovchiligi OAVlarda ham eng chuqur ildizli muammo. Treninglar, malaka oshirish imkoniyati va mahorat darslariga talab har doim yuqori.