AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Elis Uells (Alice Wells) 19-sentabr kuni Vashingtonda Kongress a'zolari huzurida hisobot berar ekan, ularni Afg'onistonda vaziyat nazorat ostida, deya ishontirishga harakat qildi.
Yetakchi diplomat deydiki, AQSh 18 yil oldin Afg'onistonga kirib, Tolibonni hokimiyatdan olganida bu mamlakat terrorizm va ekstremizm o'chog'i bo'lmaydi, deya maqsad qilgan edi.
"Biz bu maqsadimizga erishdik. AQSh uning NATOdagi ittifoqchilari sa'y-harakati bilan yutuqqa erishdi, deya olamiz. 2001-yildan beri hech kim Afg'onistondan turib Amerika sarhadida biror hujum rejalab amalga oshirgani yo'q", - dedi Uells xonim.
Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo'mitasida so'zlar ekan, diplomat Afg'onistonda xavfli elementlar hamon talay ekani, ildizi tamoman yo'q qilinmagani, ekstremist kuchlar nafaqat afg'on xalqi balki unga yordam berib kelayotgan barcha tomonlarga tahdid solayotganini tan oldi.
AQSh hukumati hujjatlarida Afg'oniston hududining kamida 50 foizida Tolibon faol ekani qayd etiladi. Jangarilar katta hududlarni egallab olib, u yerda o'z hukmini o'tkazmoqda. Qurolli guruhlar aholini ezib, talon-taroj qilayotganiga nisbatan rasmiy hokimiyat chora ko'ra olmayapti.
"Tolibon biror viloyatni idora etmaydi, ya'ni ma'muriy markazlarda biz quvvatlagan hukumat vakillari o'tiribdi. Jangarilar vaqti-vaqti bilan bosqinchilik qilib turadi; jang qilib biror joyni egallaydi va yana chekinadi. Bu albatta beqarorlik, lekin Afg'onistonni markaziy hukumat boshqarmoqda, Tolibon yoki boshqa jangarilar emas", - deydi davlat kotibi muovini.
Uells xonim Kongressdagi chiqishida Markaziy Osiyo davlatlari va Afg'oniston orasida hamkorlik oshganiga alohida to'xtaldi. Savdo kengayib bormoqda, madaniy-ta'limiy rishtalar jadallashgan va afg'onlar shimoldagi qo'shnilaridan ko'proq madad olmoqda, dedi Uells.
O'zbekiston afg'onlarni murosaga chorlab, diplomatik harakatlar olib bormoqda. Markaziy hukumat va toliblar muzokarasi uchun mezbonlik qilishga shay. Bu uchrashuv balki Samarqandda o'tadi deya kutilayotgan edi.
Lekin Tolibon bilan alohida muloqot olib borayotgan Tramp ma'muriyati uni to'xtatdi. Prezident Donald Tramp hozircha jangarilar bilan gaplashmoqchi emas.
Bu degani undan keyin ko'zlangan har qanday tashabbus ham kutishga majbur. Toshkent va Vashington bir-birini xabardor qilib turibdi, tomonlar maqsad va strategiyani tushunadi, deydi yaqinda O'zbekistonda bo'lib, rahbariyat bilan so'zlashgan amerikalik rasmiylar.
Yaqinda Tolibonni Toshkentda iliq kutib olib mehmon qilgan O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov AQShdan borgan delegatsiyaga "davlatimiz Afg'oniston barqaror yashashini istaydi", deb aytgan. O'zbekiston qo'shni davlatdagi vaziyatga befarq emas, tinchlik tomon qadam tashlashni targ'ib qilmoqda, deydi diplomatlar.
Uells xonimning tushuntirishicha, Vashington Tolibonga keskin shartlar qo'ygan va u bilan kelishsagina, markaziy hukumat va boshqalarni Tolibon bilan muzokaraga chorlashi mumkin edi.
Buyog'iga nima bo'ladi? Vashingtonda bu borada aniq bir gap yo'q.
Afg'onistondagi qo'shinlar hozirgi missiyasini davom ettiradi - jangari va ekstremistlarga qarshi maxsus amaliyotlar olib boradi va afg'on harbiylarining malakasini oshiradi.
Tolibon bilan gaplashgan AQSh maxsus elchisi Zalmay Halilzod Kongress a'zolari bilan uchrashib, ularning savollarga javob bergan, lekin yopiq eshiklar ortida.
Uells ochiq tinglovda so'zlar ekan, diplomatik, taraqqiyot va harbiy missya birdek davom etadi va "Afg'oniston ravnaqi uchun har jihatdan hissa qo'shaveramiz", dedi.
Afg'onistonga tashqi dunyo berayotgan yordamning chorak qismi Amerikadan. Boshqa davlatlar ham hissani oshirar ekan, AQShniki sal kamaydi, deydi Uells.
Afg'oniston xavfsizligini ta'minlash uchun Vashington kelasi yil 4 milliard dollar ajratishni rejalagan.
28-sentabrda Afg'onistonda prezident saylovlari. AQSh biror nomzodga yon bosmasligini bildirmoqda. 17 nomzod bor, jumladan amaldagi rahbar Ashraf G'ani va Bosh vazir Abdulla Abdulla. Asosiy kurash shu ikki kishi orasida, chunki ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, ular eng ko'p tarafdorlarga ega.