20-mart kuni Oq uyda matbuot bilan gaplashgan Prezident Tramp deydiki, AQSh ikki qo'shnisi Meksika va Kanada bilan qatnovni cheklaydi, faqat o'ta zarur hollarda safar qilish uchun ruxsat beriladi.
"Ko'rinmas dushman bilan olishayapmiz. Uni albatta yengamiz", - deydi Tramp.
Yevropa davlatlarining aksariyatidan Amerikaga hozir faqat amerikaliklar va bu mamlakatda doimiy yashash uchun ruxsatnomaga ega, ya'ni grin karta egalari, kiritilmoqda xolos. Boshqa mamlakatlar bilan ham aloqa har kungi vaziyatga qarab yo'lga qo'yilmoqda, deydi prezident. AQSh chegaralari, umuman olganda, yopiq.Qochqinlarni qabul qilish, siyosiy boshpana berish jarayoni to'xtatilgan. AQSh Immigratsiya xizmati cheklangan ravishda ishlamoqda. Amerikaning barcha davlatlardagi konsulliklari viza berish va uning uchun uchrashuvlarni to'xtatgan.
Deportatsiya jarayonlari ham to'xtagan, xususan koronavirus keng tarqalgan Italiya, Xitoy va Janubiy Koreyaga.
Grin-karta lotereyasini yutib, AQSh konsulliklari bilan hujjatlashtirish ishlarini boshlaganlar kutishga majbur. Yangi o'yin odatda kuzda e'lon qilinadi. Hozircha bu borada biror qaror qilinmagan.
AQShda immigratsion sudlar 69 ta bo'lsa, ulardan 11 tasi yopiq, qolganlari esa cheklangan tarzda ishlamoqda.
Kelasi 15 kun o'ta muhim palla bo'ladi. Koronavirusni yengish uchun eng keskin choralar ko'riladi. Amerikaliklar hukumatga quloq tutishi lozim, deya ogohlantirmoqda kasallikka qarshi komissiya.
Oilalar, bizneslar, kattayu-kichik, hammaga yordam va imtiyoz beriladi.
Soliq hisob-kitobi uchun odatiy muddat 15-aprel, lekin endi bu kun 15-iyulga ko'chiriladi.
Qarzdorlar, xususan talabalar kreditni kelasi 60 kun to'lashi shart emas.
Kongress Vashingtonda eng ko'p odam har kuni bir joyga yig'iladigan joy ekan, buni ham cheklash ko'zlanmoqda. Qonunchilar ham boshqalar singari uydan turib ishlaydi.
20-mart kunining yarmiga ko'ra, AQShda virusni yuqtirganlar 15 mingdan oshgan, 220 ga yaqin odam o'lgan. Barcha shtatlarda tarqalgan. Koronavirusga chalinganlarning 40 foizi Nyu-York shtatida.
"Qor'qmang, sarosimaga tushmang, lekin ehtiyot bo'ling", - deydi virusga qarshi komissiya raisi Vitse-prezident Mayk Pens. - Grippga qaraganda koronavirus uch katta tezroq yuqadi".
Dunyo bo'ylab bemorlar soni 210 mingdan ziyod, undan vafot etganlar 10 mingdan oshgan.
Davlat kotibi Mayk Pompeo deydki, turli davlatlardagi amerikaliklarni vatanga qaytarish uchun Pentagon, ya'ni Mudofaa vazirligining samolyotlari ham jalb qilinishi mumkin.
Prezident Tramp favqulodda vaziyat hukmron ekaniga urg'u berib, qator muammolarni yechishda qurolli kuchlar safarbar etilishi mumkin, deydi. Har bir shtatga zarur vositalarni o'z vaqtida yetkazib berish bilan ham zobitlar shug'ullanadi.
Mudofaa vaziri Mark Esperning qayd etishicha, harbiylar og'ir vaziyatlarda xizmat qilishga tayyor ekan, ulardan albatta foydalaniladi.