Koronavirus bilan kasallanganlarning soni 46 kishiga yetgan O’zbekistonda virus o’chog’i bo’lgan poytaxt Toshkent yopiladi.
So’nggi vaziyatga ko’ra, koronavirus asosan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida qayd qilinmoqda.
Mamlakatda epidemiyaga qarshi choralar kengaytirilmoqda, keskinlashmoqda. Yoshi 65 yuqori bo’lgan fuqarolarning uydan chiqishi taqiqlandi. To’y-hashamlar, tadbirlar bekor qilindi. Buyum bozlari faoliyati ham to’xtadi. Jamoat transporti qatnovi cheklandi. Karantin tartibini buzganlar javobgarlikka tortilmoqda. Vaziyat nazoratiga harbiylar jalb qilingan.
24-martdan kirish-chiqish taqiqlanishi kutilayotgan poytaxt Toshkent faqat yuk qatnovlari va doimiy yashash ro‘yxatida bo’lgan fuqarolar uchun ochiq bo'ladi.
Avvalroq koronavirus yuqtirganlar poytaxtdan tashqari Xorazm viloyatida ham bir kishida aniqlangani haqida xabar tarqalgan edi. Keyinchalik o‘tkazilgan takroriy tekshiruvlar natijasida Turkiyadan qaytgan xorazmlik fuqaroda koronavirus tasdiqlanmagan.
Ayni paytda kelib O’zbekistonda 46 kishida koronavirus qayd qilingan, ularning to’qqiztasi Toshkent viloyatida, qolganlari esa poytaxtda topilgan.
Kirish-chiqish taqiqlangan hududlar qatoriga Toshkent viloyatining Bo’stonliq tumani ham qo’shilgan. Xorijdan qaytgan aksariyat fuqarolar karantinga joylashtirilgan bu hududda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Maxsus profilaktik tadbirlar tugagunga qadar tuman hududiga kirish taqiqlanadi.
Hukumat, shuningdek 23-martdan boshlab jamoat joylarida himoya niqob taqishni majburiy qilib belgiladi. IIV jamoat joylarida niqobsiz yurgan fuqarolar jarimaga tortilishidan ogohlantirmoqda.
Parlament raisi o’rinbosari Sodiq Safoyev koronavirusga doir vaziyat yuzasidan poytaxtda o’tgan matbuot anjumaniga himoya niqobida kelgan.
Safoyevga ko’ra, bugun jamiyat ofatga qarshi jipslashishi lozim va epidemiyaga qarshi kurash faqat hukumat emas, jamoatchilik zimmasidagi ham vazifa. Fuqarolar karantin rejimiga qat’iy amal qilishi kerak. Qoidalarni buzganlarga nisbatan qonunchilikka muvofiq keskin choralar ko’riladi.
Ayni paytda kelib karantin qoidalarini buzganlik uchun ikki nafar fuqaroga nisbatan mahkama ishi qo’zg’atilgani xabar qilinadi. Ulardan biri karantin joyidan qochishda, boshqasi esa karantin talablarini buzishda ayblanmoqda.
Ayni paytda karantinga olingan fuqarolar soni 13 mingdan oshiq. Ularning bir qismi uy sharoitida, boshqalari turli sanatoriyalar, sihatgohlarda joylashtirilgan. Karantinga olinayotganlar asosan xorijdan kelayotgan fuqarolar.
Koronavirus tahdidi bilan bog’liq so’nggi vaziyat mamlakat tashqarisida qolayotgan o’zbekistonliklar hukumat uchun asosiy muammo bo’lib turganini ko’rsatmoqda.
Buni ham ko'ring O'zbekiston koronavirusga qarshi qanday iqtisodiy-ijtimoiy choralar ko'rmoqda?Bu borada prezident ko’rsatmasi bilan Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida Respublika komissiyasi tashkil qilingan. Komissiya xorijdan yo’lga qo’yiladigan maxsus reyslar ro’yxatini ham e’lon qildi, ammo bu qatnov xorijda, xususan Rossiyada qolayotgan minglab fuqarolar muammosiga yechim bo’lishi qiyin.
Rossiyadagi faollar vatandoshlarga O’zbekistonga qaytish qaroridan vaqtincha voz kechish chaqirig’i bilan ham chiqishmoqda.
Bu murojaatda Rossiyada qolayotgan ikki millionga yaqin aholini O’zbekiston qaytarish imkonsizligi, karantin davrini Rossiyaning o’zida o’tkazish maqsadga muvofiqligi, bu ayni paytda butin imkoniyatlarini virusga qarshi kurashga yo’naltirgan o’zbek hukumatiga ham ko’mak bo’lishi mumkinligi tavsiya qilinadi.
Havo qatnovlari bekor qilinishi ortidan xorijda, xususan Rossiyada qolgan O’zbekiston fuqarolari bilan bog’liq inqirozli holat yuzaga keldi. Hukumat 22-mart kuni Novosibrskdan 250 nafar fuqaroni charter reys bilan olib keldi. Ammo Rossiyaning boshqa shaharlarida, jumladan Moskvadagi ikki aeroportda hamon yuzlab o’zbekistonliklar vatanga qaytish imkoniyatini kutishmoqda.
Hukumat Rossiya aeroportlari ma’muriyati bilan muzokara o’tkazgan. O’zbekistonliklar uchun maxsus hududlar ajratilgan. Ular aeroportlarda zarur sharoit, issiq ovqat bilan ta’minlanmoqda. Ammo charter reyslar qachondan tashkil etilishiga doir ma’lumot hozircha aniq emas.
Buni ham ko'ring Tramp, Mirziyoyev: koronavirusga qarshi qanday choralar?O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi esa mamlakatdagi xorij vakolatxonlariga murojaat bilan chiqqan.
Ta’kidlanishicha, xorij fuqarolarini mamlakatdan olib chiqilishida o’zgarish yuz bergan. Belgilangan charter reyslar uch kunga kechiktiriladi. Buning sababi "O'zbekiston Havo yo'llari" ekipajining noqulay epidemiologik holatdagi mamlakatda bo’lishidan so’ng karantinga olinishidir.
Prezident Mirziyoyev ko‘rsatmasiga ko’ra, xorijdagi fuqarolarni O’zbekistonga olib kelish, O’zbekistondagi xorij fuqarolarini mamlakatdan olib chiqilishi yo’lga qo’yish bosh vazir raisligidagi komissiyaga yuklangan. Komissiya shu maqsadda charter reyslar tashkil etib, qatnovni ta’minlash bilan shug’ullanishi belgilangan.