Xitoy hukumati “kasbiy tayyorlov markazi”, huquq himoyachilari va uyg‘ur faollari esa “konslager” yoki “jazo lageri” deya nomlovchi maskanlardan birida 34 yoshli uyg‘ur ziyolisi Akram Mamat qiynoqlar qurboni bo‘lgani aytilmoqda. Yosh olimning Turkiyadagi do‘stlari uning 2019-yilda lagerda vafot etgani haqidagi xabarni atigi bir necha kun oldin olishganini ma’lum qilishdi.
Akram Mamat 2016-yilda Anqara universitetining til, tarix va geografiya fakultetida aspirantura bosqichini tamomlagan. Shundan so‘ng Urumchiga qaytib, Pedagogika universitetida turk tilidan dars bera boshlagan. 2018-yilda esa lagerga olib ketilgan. Akram Mamatning do‘sti Nuriddin Izbosar uni yaxshi inson sifatida ta’riflar ekan, Sharqiy Turkistonda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat o‘ta og‘irligini ta’kidladi.
“Qardoshimiz Akram ochiqko‘ngil, xushchaqchaq, kamtarin, samimiy, o‘ta ziyoli kishi edi. O‘qish davomida mukofot pullari olgan, yaxshi o‘qigandi. Oilasini yaxshi ko‘rardi, odobli edi. Turkiyada faqat va faqat o‘qish bilan masg‘ul bo‘lgandi, o‘z kasbini yaxshi ko‘rardi. O‘qishni bitirgach, yurtimizga qaytib, risoladagidek hayot kechirishni orzu qilgandi. Lekin Xitoy hukumati Sharqiy Turkiston aholisni qirib yo‘q qilish, etnik qirg‘in o‘tkazish siyosatini olib boryapti. Chet ellarda o‘qib qaytganlarni, olimlarni, ziyolilarni har xil bahonalar bilan jazo lagerlariga qamab o‘ldiryapti, yo‘q qilyapti. Sharqiy Turkistonning turli hududlarida yuzlab, minglab jazo lagerlarini qurib, sharqiy turkistonliklarni – erkaklarni, ayollarni, bolalarni alohida-alohida qamayapti. Ularning tana a’zolarini esa ba’zi davlatlardagi soxta musulmonlarga halol deb sotyapti. Qamalmay qolgan ayollarimiz, qizlarimizni xitoylar bilan turmush qurishga majburlab, millatimizning g‘ururi, nomusi va kelajagini kirlatmoqda”, – deydi Nuriddin Izbosar.
Akram Mamatni taniganlar uning yagona aybi xorijda o‘qigani bo‘lgan degan fikrda. Sharqiy Turkistondagi yaqinlarining xavfsizligi bois ismini o‘zgartirgan holda o‘zini “Zumrad” deb tanishtirgan, ayni paytda Turkiyada tahsil olayotgan talaba Xitoy hukumati ayniqsa Turkiyada o‘qigan uyg‘urlarga chindan ham tahdid sifatida qarashini aytadi. Chunki bu talabalar erkin fikrli yoshlardir, deydi u.
“Turkiyada o‘qiyotgan talabalarning hammasi Xitoyning bu siyosati tufayli og‘ir kunlarni kechirmoqda, oilasi bilan aloqa qilolmayapti. Kamida to‘rt yildan beri Xitoyga borib-kelish mumkin emas. Uyg‘ur talabalar vataniga qaytolmaydi, chunki qaytganlar turmaga olib ketiladi. Biror talaba oilasi, qarindoshlari bilan telefon yoki internet orqali aloqaga chiqsa, ularning lagerga tushish xavfi bor”, – deydi “Zumrad”.
Xitoy hukumati uyg‘urlar va boshqa etnik ozchiliklarning huquqlari buzilishi haqidagi tanqidlarni rad etib, lagerlar turma emas, balki kasb-hunarga o‘rgatuvchi markazlar ekanligini iddao qilib keladi. Biroq Nuriddin Izbosarga ko‘ra, Akram Mamatning o‘limiyoq Sharqiy Turkistondagi lagerlarning “kasbiy tayyorlov markazi” emasligini ko‘rsatadi. U Xitoy hukumatini Sharqiy Turkiston xalqining milliy o‘ziga xosligini yo‘q qilayotganlikda aybladi va XXI asrda bunday hodisalarning yuz berishi insoniyat uchun dog‘ ekanini aytdi. Shuningdek, Nuriddin Izbosar barcha turkiy xalqlarni Sharqiy Turkistondagi vaziyatga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.
“Biz butun Turkiston – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va Ozarbayjondagi qarindoshlarimizga shuni aytmoqchimizki, Sharqiy Turkiston faqatgina Sharqiy Turkistondan iborat emas. Sharqiy Turkiston butun turk dunyosining, musulmon dunyosining bir qismi, butun turkiylarning ajdodlari yashagan joydir. G‘arbiy chegaralarimizda joylashgan butun qardoshlarimizni Sharqiy Turkiston masalasiga faqat uyg‘urlarning, sharqiy turkistonliklarning masalasi deb qaramaslikka chaqiramiz”, – dedyi Nuriddin Izbosar.