AQShda iyun oyida qariyb 5 million ish o'rni ochilgan

  • Amerika Ovozi

Kentuki shtatida ishsizlar yordam so'rab navbatda turibdi

O'tgan oy Amerika iqtisodiyotida 4,8 million ish o'rni ochilgan. Bu o'zgarish bilan ishsizlik hozir 11,1 foizni tashkil etmoqda.

Mamlakat pandemiya boshlanganidan beri, ya'ni mart oyidan buyon kamida 22 million ish o'rnini boy bergan. Eng ko'p zarar ko'rgan soha - xizmat ko'rsatish sektori.

O'tgan hafta 1,5 million amerikalik ishsiz ekanini aytib, hukumatdan yordam so'rab, murojaat qilgan.

Ayni damda 19 million amerikalik ishsizlik nafaqasi bilan yashamoqda.

Kaliforniya ochildi va bu hafta yana yopila boshladi. Florida va Texasda ham shu ahvol. Nyu-Yorkda ham ochilish sekinlashgan. Chunki koronavirus hamon keng ko'lamda tarqalishda davom etmoqda.

"Ishga olayapmiz" degan e'lonlar ko'p lekin bizneslar ko'p va'da qilolmaydi

2-iyunga qadar Amerikada koronavirus yuqtirganlar soni 2,8 milliondan oshgan. O'lganlar 130 mingdan ziyod. Tuzalganlar 1,2 millionga yaqinlashmoqda.

Jahon bo'ylab esa infeksiya hollari deyarli 10,1 million, virusdan vafot etganlar 525 ming, shifo topganlar esa 6 milliondan ko'p.

Tijorat sust. Bizneslar zararni real tarzda seza boshlagan.

“Qayta ochilish, tiklanish juda sekin”, - deydi Deyv Gilbertson, "Kronos" kompyuter programmalari kompaniyasi rahbari.

“Kelasi ikki oyda katta o'zgarish kutmayapmiz".

"McDonald’s" burger kompaniyasi hozircha qayta ochilmoqchi emas. "Apple" esa 80 ga yaqin katta do'konlarini ishdan to'xtatgan. Ayrimlari hozirgacha ikki bor qayta ochilib, yana yopildi.

AQSh ko'chmas mulk bozori jadal

Iqtisodiy tahlilchilar deydiki, hozirgi ahvolni tushunish qiyin emas. Aksariyat amerikaliklar bemalol ko'chaga chiqib, ovqatlanish, aylanish, bozor qilish va dam olishni boshlamas ekan, bizneslar jonlanishi amri mahol.

Ta'minot tizimlariga ko'ra, vaziyat u qadar yomon emas. Ko'chmas mulk bozorida ham talab oshgan, lekin yangi qurilgan uylarga emas.

May oyida 2,5 million ish o'rni yaratilgan edi. Ishsizlik Amerikada hali ham 10 foizdan yuqori ekan, Oq uy bosim ostida. Prezidentlikda qolish niyatida yurgan Donald Tramp kelasi oylarga ulkan umidlar bog'lagan. Uning fikricha, qayta ochilishdan qo'rqmaslik kerak va bu jarayon iqtisodiyotni tezlikda tiklaydi.

“Haqiqat shuki, millionlab ish o'rinlari yaralgani bilan umumiy ahvol haliyam og'ir", - deydi Juliya Pollak, mehnat bozori bo'yicha tahlilchi.

Ko'plab kompaniyalar pandemiya davrida ishdan bo'shatgan odamlarni qayta yollashni xohlaydi lekin buning uchun bizneslarda daromad olish ehtimoli ishonchli darajada bo'lishi kerak.