Prezident Donald Tramp unga ovoz bergan saylovchilardan minnatdor.
“Bunchalik keng quvvatlanamiz deya tasavvur qilmagan edik”, - deydi u, Oq uydan murojaat qilar ekan. Qator shtatlarda saylov natijasi hali e’lon qilinmadi.
Hozirgacha ma’lum natijalarga ko’ra, demokrat Jo Bayden va Prezident Trampga berilgan ovozlar orasidagi farq katta emas. Trampda 48 foiz, Baydenda 49 foiz.
AQShda o’tgan bir oy mobaynida prezidentga berilgan ovozlar sanalib, natija birma-bir e’lon qilinar ekan, raqobat daqiqa sayin keskin.
Demokrat Jo Bayden g’alaba qozonishiga ishonishini aytib, xalqni yana ozgina sabr qilishga undadi.
"Har bir ovozni qadrlashimiz lozim. Sarhisob qilishsin, kutamiz", - dedi Bayden, Delaver shtatidan qilgan murojaatida.
Saylov kollegiyasidagi 538 ovozdan kamida 270 tasini olgan tomon yutadi.
Millionlab amerikaliklar 3-noyabrdan 4-noyabrga o’tar kechani bedor o’tkazib, saylov natijalarini kuzatmoqda.
Arizona, Pensilvaniya, Michigan va boshqa muhim shtatlarda millionlab ovozlar hali sarhisob qilinmagan.
Tramp boshidan pochta orqali ovoz berishga qarshi bo'lgan. Yutqazsa, Oliy sudga murojaat qilishi mumkinligini aytmoqda. Sababini tushuntirmagan.
Saylov mamlakat bo'ylab oktabr oyidan boshlangan. 60 milliondan oshiq amerikalik pochta orqali o'z tanlovini bildirgan. Qolganlar esa saylov uchastkalarida erta ovoz bergan. 3-noyabrgacha kamida 100 million amerikalik shu ikki yo'l bilan saylovda qatnashib bo'lgan edi.
Umumiy hisobda qariyb 250 millionlik elektoratning 70 foizidan oshig'i saylovga chiqqan bo'lishi mumkin.
Saylov yakuni haqida jonli efir Facebook va YouTube sahifamizda.