Amerikaning Xitoy bilan aloqalari o'tgan o'nyillikdagi eng past darajada. Prezidentlikka saylangan Jo Bayden Pekinga nisbatan qanday siyosat yuritadi?
Vashingtondagi aql markazlari ta'biricha, Bayden Oq uyni egallagach Xitoy bilan rishtalar ilimaydi va yangi prezident ittifoqchilar yordamida unga nisbatan bosimni oshiradi.
Bayden Xitoy hukumati va rahbarlarini yaxshi bilishini aytib keladi. Biroq ular bilan qanday ishlashi mumkinligi haqida bafurja gapirmagan. Bu hali aniq ham emas, deydi tahlilchilar.
Buni ham ko'ring Uyg'urlar o'z dardini Kongress va Oq uyga qanday yetkaza oldi?Koronavirus, iqtisodiy tiklanish, irqiy tenglik va iqlim kelajagi - Bayden uchun shular birlamchi masalalar sifatida tilga olinadi.
Amerikaning yangi rahbari kelasi yili demokratik davlatlarning liderlari uchun sammit o'tkazishni rejalagan. Unda erkinlik va demokratik qadriyatarga urg'u beriladi va Xitoy singari repressiv tuzumlarga nisbatan birgalikda chora ko'rish muhokama qilinadi. Iqtisod, immigratsiya, texnologiya va ekologiya bilan bog'liq muammolarni hal etishda ham aynan erkinlik va liberal tamoyillar inobatga olinishi kerakligi qayd etiladi.
Buni ham ko'ring Tramp va Bayden orasida so'nggi debatBayden fikricha, Xitoyga zarba berishning eng ma'qul yo'li - erkin dunyoning unga qarshi bir ovozdan gapirishi va ish tutishi.
Xitoyning bevosita bosimi ostida yashayotgan mamlakatlar, xususan Osiyo va Tinch okeani hududidagi o'lkalar, Baydendan dadil qadamlar kutmoqda. Xalqaro suvlardan Xitoyni uzoqlashtirish, Xitoy-Hindiston orasidagi tanglik, Gonkongdagi demokratik harakat, Tayvan maqomi va boshqa masalalarda ham Oq uy pozitsiyasi keskinlashishi kutilmoqda.
Fudan universiteti olimi Shen Dingli nazarida Bayden Obama davridagi yondashuvlarga qaytishi mumkin. Prezident Barak Obama ham Pekinni chekintirish uchun xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqarishi kerak, der edi. Xalqaro tashkilotlar siyosiy raqobat maydoniga aylanadi, deydi mutaxassis.
Shen fikricha Baydenga Tramp davrida yo'lga qo'yilgan siyosatni o'zgartirish oson kechmaydi. Aslida har ikkisi Xitoyga tahdid sifatida qaraydi, shu bois ham xavfsizlik bobida sezilarli yangiliklar bo'lmasligi mumkin, deydi ekspert.
Buni ham ko'ring Vashington Xitoyga qarshi harakatni terrorchi guruhlar ro'yxatidan chiqardi
Pekin Amerikada rahbariyat o'zgarayotganiga bosiqlik bilan qarab, Baydenni prezidentlikka saylangani bilan tabriklamagan.
Xitoy Tramp davrida ham uyg'urlarni va Gonkong ahlini ezdi, bunday keyin ham repressiyani davom ettiradi, agar keskinroq choralar bilan yuzlashmasa, deydi huquq faollari. Kongress uyg'urlarni himoya qiluvchi qonun qabul qilgani va Pekinga qator sanksiyalar joriy etilgani yaxshi, deya qo'shadi ular, ammo bu bilangina cheklanmaslik kerak.
Xitoy davlat matbuotiga ko'ra, Bayden prezidentlikka kelishi umid uyg'otadi, chunki bu arbob kommunist tuzumni haqiqatdan ham yaxshi biladi.
"Global Times", Xitoy rasmiy gazetasi, Baydenni Xitoyning eski do'sti deb atagan.