Bayden: AQSh koronavirusni albatta yengadi

  • Amerika Ovozi

Prezidentlikka saylangan Jo Bayden Amerika xalqining pandemiyadan qanchalik azob chekkanini e'tirof etib, bu kurashda albatta yutamiz, deya ishontirishga urinmoqda.

“Umid so'nmagan. Bu ofat cheksiz davom etmaydi", - dedi Bayden Shukronalik kuni oldidan.

Amerikada bu virusga qarshi vaksina yil oxirida chiqishi kutilmoqda. Avvalo tibbiyot tizimi xodimlari emlanadi va kasallik eng ko'p tahdid soladigan qatlam vakillari.

Bayden yurtdoshlarini har daqiqa o'zini ehtiyot qilishga undamoqda. Shu paytgacha ko'rmagan choralarni ko'ring, tavakkal qilmang, deydi bo'lajak prezident.

Ijtimoiy masofa saqlash, katta sonda bir joyga yig'ilmaslik va muntazam ravishda niqob taqib berish - eng asosiy qoidalar bo'lishi kerak, deydi u.

Shukronalik bayrami - oilaviy ayyom. Bu yil u boshqacha o'tmoqda, chunki odamlar oldingidek sayohat qilmaydi va yig'inlardan uzoq.

Baydenning o'zi bu kunni rafiqasi Jill, qizi Eshli va kuyovi Hovard bilan nishonlamoqda.

"Bu qish uzoq va og'ir kechadi", - deya ogohlantirmoqda inauguratsiyaga tayyorlanayotgan siyosatchi.

Chikago ko'chalarida, 24-noyabr, 2020

O'tgan ikki haftada AQShda ikki million odam virusni yuqtirdi. Undan o'lganlar soni 261 mingdan oshgan.

Shu kungacha 13 milliondan oshiq amerikalik koronavirusga chalindi. Sakkiz millionga yaqini tuzaldi.

"Bu keskin urush, virusga qarshi kurash. Ishonaman, biz baribir bu kunlardan chiqamiz", - deydi Bayden.

Oq uyga qayta saylana olmagan, ammo bugungacha buni tan olmagan Prezident Donald Tramp esa ng og'ir kunlar ortda qoldi, deya qayd etib keladi.

Lekin o'tgan ikki haftadagi yuqtirish ko'lami rekord darajada.

Ma'muriyatning yangilanishi uchun hozirlik rasman 24-noyabrda boshlandi. Bayden Tramp ma'muriyati nihoyat uning vakillari bilan ishlay boshlaganidan mamnun.

Bayden maslahatchisi Keyt Bedingfildga ko'ra, saylov natijasini Prezident Tramp va uning advokati Rudi Julianidan boshqa hamma tan olib bo'lgan.

Bedingfildning aytishicha, Tramp ma'muriyati Bayden komandasiga davlat xavfsizligi, eng dolzarb masalalar, jumladan virus ta'minoti va emlanish jarayoni xususida axborot bermoqda.

Prezident Bayden Oq uydagi birinchi kunidanoq muhim qarorlar qabul qilishga tayyor bo'ladi, deydi maslahatchi.

Bayden va Tramp saylovdan keyin uchrashgani yoki gaplashgani yo'q.