AQShda koronavirus pandemiyasi shu kungacha yarim million insonni hayotdan olib ketdi. 22-fevral oqshomida Prezident Jo Bayden Oq uydan xalqqa murojaat qilib, qurbonlarni xotirladi. "Ularni yodda tutib, o'zingizni ehtiyot qiling", - deya undadi prezident.
Koronavirusdan eng ko'p zarar ko'rgan davlat 500 ming odam uchun aza tutmoqda. Davlat rahbari murojaati ketidan Oq uy hovlisida Vitse-prezident Kamala Harris va turmush o'rtog'i Dag Emhoff, Prezident Bayden va rafiqasi Jill Bayden boshchiligida sukut saqlandi, undan keyin esa mungli musiqa yangradi.
Bayden o'lim va hayot, yaqinlaridan ayrilish azobi, e'tiqod va ruhiyat, umid va kelajakka ishonch haqida so'zladi.
"Anduh nima ekanini bilaman, ich-ichimdan. Jigaringizni yo'qotganda qayoqqa bosh urishni bilmaysiz. Alamingizni kimdan olishni bilmaysiz. Chorasiz azobdasiz", - deya so'zladi, 2015-yilda o'g'lini saratonga boy bergan Bayden.
Prezident 1972-yilda avtohalokatda rafiqasi Neyliya va qizi Naomidan ayrilgan. Neyliya 30 yoshda, Naomi esa atigi bir yoshda bo'lgan.
Koronavirus hozirgacha 30 millionga yaqin amerikalikka yuqdi. Askariyati tuzaldi, ammo o'lganlar soni ham bu mamlakatda eng yuqori darajada. 22-fevral kuni oxirida 512 mingni tashkil etdi.
Mutaxassislar tahlilicha, yuqtirish hollari astalik bilan kamaymoqda, ammo virusning boshqa shakllari tarqalishi mumkin degan xavotir kuchli.
Amerika bo'ylab bayroqlar besh kunga tushirildi. Prezident odamlarni niqob taqish bilan birga boshqa choralarni ham ko'rishga undamoqda.
Bayden Oq uydagi birinchi yili aynan pandemiyaga nisbatan nima qilishiga qarab baholanishini biladi. Uningcha, asosiy vazifa hozir shu - Amerikani koronavirus changalidan olib chiqish.
Bahorning o'rtalariga borib, maktablar ochilishi mumkin, lekin o'quv yili tugayotgan vaqt bo'ladi. Hozirda Amerikaga kirib-chiqish uchun koronavirusdan negativ test talab qilinadi. Bizneslar cheklangan tarzda ishlamoqda. Aksariyat amerikaliklar uydan turib mehnat qilmoqda. Bu hol yana bir yil davom etishi mumkin.
“Yil oxiriga borib, vaziyat normallashadi", - deydi Bayden. 2022-yilni bu mamlakat boshqacha kutib oladi, deya umid qilmoqda prezident.
"Virusning boshqa turlari bor. Ularni nazorat qila olishimiz kerak. Biz qo'ldan kelgan barcha chorani ko'rayapmiz va ko'ramiz".
Amerikada koronavirusga qarshi favqulodda harakatlar 2020-yilning mart oyida boshlangan edi. O'shanda Prezident Donald Tramp pandemiya uzog'i bilan bir oy davom etadi, degan. Tramp kasallik AQShga katta xavf solmaydi va oqibatlari ham u qadar og'ir bo'lmaydi, deya Amerika xalqini tinchlantirishga uringan edi.
Vitse-prezident Harris fikricha, xalq cheksiz zarar ko'rdi va odamlar bir-birining dardini tushunadi. Shu bois, deydi Harris, hamdardlik kuchli, jamoatchilk hamjihat.
Vaksina ta'minoti va emlanish jarayoni borasida Oq uy katta raqamlarni tilga olmaydi, ular astalik bilan ko'tarilib borayotgan bo'lsa-da. Bu bilan Bayden ma'muriyati xalqqa ortiqcha va'da bermoqchi emas, ammo say-harakatlar avjida. Birinchi navbatda keksa yoshdagilar va sog'liqni saqlash tizimi xodimlari emlanmoqda. Rejalashtirish va ishni amalga oshirish mahalliy hokimiyatlar iznida. Federal hukumat ularga yordamchi, deya tushuntiradi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki.
Reja shuki, prezidentlikning birinchi 100 kunida 100 million vaksina qo'llangan bo'ladi. Ekspertlar nazarida, Oq uy aslida bundan ortig'ini qila oladi. Iyul oyi oxirigacha hamma emlanishi mumkin, deydi ular, agar hukumat buni xohlasa.