Afg'onistondagi vaziyatga G'arb ekspertlari qanday baho bermoqda?

Afg'on armiyasi Parvon viloyatida toliblar bilan jangda, 29-iyun, 2021

Afg'onistonda markaziy hukumat zaifligicha qolmoqda, qurolli muxolifat, Tolibon, nimaga qodir ekanini eslatib turibdi. Tinchlik muzokaralari qayta boshlangandek, ammo vatanda buning ta'siri sezilmayapti. Toliblar tumanma-tuman o'z qudratini oshirish bilan band. Hukumat esa o'z harbiy salohiyatiga tayanib, jangarilar egallab olgan hududlarni yana o'z nazoratiga qaytarishga bel bog'laganini ta'kidlamoqda. AQSh poytaxtidagi Jorj Vashington Universiteti forumida so'zlagan ekspertlar deydiki, Afg'onistonda vaziyat yaqin kelajakda yaxshilanmaydi.

Fransiyadan tadqiqotchi Melani Sadozay deydiki, Tolibon hozircha xotin-qizlarga ishlashga ruxsat bermoqda, masalan, shifokorlar va tibbiy xodimlarga. Ammo mamlakat qo'rquv va xavotirda; eskicha tartibga qaytish va yopilish sarosimasi kuchaygan.

Tolibon xalqaro hamjamiyat tomonidan hozirgidan yuqori maqomga qo'yilmasa, bugungidek davom etishi mumkin. Ammo tan olinish kengaysa, harakatning xalqqa zulmi ham shunga yarasha bo'ladi, deydi tadqiqotchilar, ya'ni o'z nazoratini kuchaytirishga urinaveradi.

Ko'plab hududlarda toliblar allaqachon soliq olmoqda, xizmat ko'rsatayotgani uchun xalqdan badal talab qilmoqda.

Afg'oniston shimolida ayni damda vaziyat nazoratga olingandek. Lekin bu barqarorlikdan aslo darak emas, deydi Sadozay. Qo'shni davlatlarga kim kirib chiqayotgani, qochqinlar qabul qilinmayotgani, qochganlar asosan afg'on harbiylari ekani va qaytarilgani - bu borada xabarlar vaqtida chiqmaydi va chiqqanida ham mujmal, deya kuzatadi yosh olima.

Badaxshon viloyatida toliblar bilan jangda o'lganlarnng dafn marosimi, 4-iyul, 2021

Qo'shni davlatlar o'z xavfsizligini ta'minlash uchun qanchalik harakat qilmasin, agar ahvol haqida ishonchli ma'lumot berilmasa, xavotir ham avj olaveradi. Tahlika darajasi haqida tasavvurlarga emas, faktlarga asoslanish lozim, deydi u.

Amerikalik olima Jennifer Murtazashvili nazarida bugun Markaziy Osiyo, xususan, Afg'oniston, 20 yil oldingidek emas. Hokimiyatga nisbatan munosabat, xalqning o'ziga ishonchi va talabi ancha o'zgargan.

Kelajak faqat xavfsizlik organlari yoki qurolli kuchlar salohiyatiga bog'liq emas, deydi Murtazashvili. Mahalliy siyosat, liderlar va jamoatchilik orasidan chiqqan faollar ham muhim rol o'ynamoqda.

"Regional dinamika ham boshqacha. Oldin, masalan, O'zbekiston Afg'oniston yaqin qo'shni ekanini unutgandek edi, u yerdagi vaziyatga hozirgidek jiddiy e'tibor bilan qaramas edi. Hozir esa O'zbekiston bu mamlakat bilan savdo qiladi, doimiy aloqada va afg'onlar bilan muloqotda, jumladan, Tolibon bilan ham".

O'zbekiston mintaqa bilan yaqindan bog'lanish, qo'shnilar bilan hamkorlikni mustahkamlash yo'lida ekan, tinchlikka erishish uchun buning ham ahamiyati katta bo'ladi, deya tahlil qiladi Murtazashvili.

Tojikiston toliblar bilan Toshkent singari yaqin aloqada bo'lmasa-da, Afg'oniston bilan ishlashga harakat qilmoqda, afg'on liderlarini murosaga undamoqda. Turkmaniston nima qilayotganini ochiq bildirmaydi, ammo u ham qo'shni mamlakatdagi ahvol yaxshilanishidan manfaatdor.

Mozori-Sharifda chodirlarda yashayotgan afg'onlar, 8-iyul, 2021

Yaqin kelajak qanday?

Qochqinlar soni oshadi degan taxminga Jorj Vashington universiteti forumida so'zlagan mutaxassislar qo'shilmaydi. Chegaralar uzoq vaqt yopiq turgani uchun afg'onlar shimolga u qadar intilmaydi. Vatanni tark etishga qodir aholi Turkiya, arab davlatlari va G'arb haqida o'ylaydi, deya kuzatadi Murtazashvili. Chegaraga yaqin aholi qo'shni davlatlardan nima kutish-kutmaslikni yaxshi biladi. Markaziy Osiyo chegaralarida bo'xron vujudga kelishi, Melani Sadozay va Jennifer Murtazashvili ta'biricha, ehtimoldan yiroq.

Xalqaro hamjamiyat bir ovozdan Afg'onistonni murosaga chorlamoqda. Tolibon bilan kelishish kerak. Tolibon ham markaziy hukumat bilan til topishishi kerak. Mamlakatni vayron qilish, xalqni ezish, uni ajratish va jamiyatda qo'rqinch darajasining oshishi hammaga birdek zarar, deya eslatib turibdi harbiylarini olib chiqib ketayotgan Amerika hukumati.

Italyan olimi Antonio Guistozzi tahlilicha, Afg'onistonda jangarilar harakati va mahalliy qurolli guruhlar roli yana oshib, markaziy hukumat kuchlarining maqomi pasayib bormoqda. Qishloqlar va tumanlarni to'dalar himoya qilmoqda, ular toliblar bilan kurashmoqda.

Guistozzi taxmin qiladiki, Markaziy Osiyodan chiqqan jangarilar Afg'onistonda asosan "Islomiy davlat" safida. Ular ozaygan, ammo hamon faol.

O'zbekiston va Tojikiston hukumatlari bu borada nima qiladi yoki nima qila oladi? Tolibondan bu jangarilarga qarshi yordam va hamkorlik kutadi. Afg'onistonning qay qismida kim hukmron ekanidan qat'i nazar, bu davlat hududidan shimoldagi qo'shnilarga tahdid bo'lmasligi kerak.

Umuman olganda, deydi olimlar, Tolibonning bu qadar tezlikda harakat qilishi kutilmagan edi. Biroq bu harakat a'zolari AQSh chiqar ekan, o'z nazoratini kengaytirishga bel bog'laganini aytib kelayotgan edi. G'arb hozirgi ahvoldan ajablanmasligi kerak.

Eng dahshatlisi markaziy hukumatning qulashi bo'ladi, deydi Guistozzi. Afg'onistonning har tarafida xo'jayinlar chiqa boshlaydi, maydonda yangi jangchilar paydo bo'lib, ichki urushlar avj olishi mumkin.

Tadqiqotchiga ko'ra, toliblar qanchalk kuchli ko'rinmasin, uning jangchilari kamayib ketgan. Harakat Pokistondan odam yollashga urinmoqda. Markaziy Osiyodan chiqqanlar, odatda, ular bilan bir safda emas, deydi u.