O’zbekistonliklar chegaradan o’tish qiyin desa, Qirg’iziston chegarachilarilariga ko'ra, muammo yo’q. Oʻzbekiston fuqarolarining Qirgʻiziston chegarasidan oʻtishda noqonuniy tekshiruvlar, pul talab qilish va chegarachilarning qoʻpol muomalasiga uchrayotgani haqidagi shikoyatlari haqiqatga zid. Bu haqda 2-avgustda “Doʻstlik” chegara punktining rahbari Asqarbek Ermekbayev jurnalistlar bilan suhbatda bildirdi.
“Hozirgi kunda Qirgʻiziston Respublikasiga Oʻzbekistondan 5000 nafarga yaqin fuqaro oʻtmoqda. Ularning oʻtishiga chegara xizmati tomonidan hech qanday toʻsiqlar boʻlmaydi. Ikki daqiqa orasida hujjatlar tekshirilib, oʻtkazib yuboriladi. Bizdan avval esa sanitariya-karantin postining xodimlari PZR-testining natijasini tekshiradi. Bizning unga aloqamiz yoʻq”, - dedi Asqarbek Ermekbayev.
Avvalroq Oʻzbekiston fuqarosi ijtimoiy tarmoq orqali Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarovga murojaat qilib, chegaradan oʻtishda bir qator qiyinchiliklarga duch kelayotgani, chegarachilar tomonidan pul tama qilish hollariga toʻgʻrisida shikoyat qilgan.
“Hurmatli prezident Sadir Japarov, hozirgi kunda "Doʻstlik” chegara posti orqali oʻzbekistonliklar oʻtib, Oʻsh orqali Qozogʻistonning bir qator shaharlariga uchib kelishmoqda. U yerda boʻlayotgan voqealar bir oz odamning jahlini chiqaradigan va Qirgʻiziston davlatini sharmanda qiladigan holatlar boʻlyapti. Yaʼni soldatlaringiz 50 ming soʻmdan olib, (taxminan 400 qirgʻiz somi) keyin chegaradan oʻtkazyapti. Boʻlmasa oʻtkazmay, turli bahona bilan ushlab turaveradi. Samolyotdan kech qolmaslik uchun ilojsiz beradi. Sizdan iltimos, oʻsha chegara punktidan xabar olib, vaziyatga eʼtibor bering. Poraxoʻrlikni oldini olishingizni iltimos qilaman. Qirgʻiz bilan oʻzbek azaldan doʻst deymiz, ammo holat juda kulgili, juda uyatli", - deya yozgan ijtimoiy tarmoqdan Isroil nomi bilan foydalanuvchi oʻzbekistonlik.
“Doʻstlik” chegara punktining rahbari esa shikoyatlar sanitariya-karantin postining xodimlariga nisbatan boʻlayotgan boʻlishi ehtimolligi va chegara xizmatida bunday muammolar yoʻqligini aytib, agar poraxoʻrlik bilan bogʻliq biror holat boʻlsa chegara hududida koʻrsatilgan ishonch telefonlariga qoʻngʻiroq qilish lozimligini aytdi.
Shu bilan birga Qirgʻiziston chegara xizmatining aytishicha, oxirgi vaqtlarda soxta maʼlumotnomalar bilan chegaradan oʻtish harakatlari ham koʻpaygan.
Oʻzbek-qirgʻiz chegarasidan oʻtishdagi muammolar boʻyicha oʻzbekistonliklar tomonidan avval ham shikoyatlar aytib kelingan. Ular chegara xodimlarining qoʻpol ekani, pul tama qilishi va chegaradan oʻtgandan keyin aeroportga qadar olib boruvchi taksi haydovchilari ham qoʻpol muomala qilib, qimmat narxda ketishga majbur qilishi aytib kelinadi. Ular bu haqda Oʻshdagi mahalliy jurnalistlarga ham bir necha bor murojaat qilgan. Ammo shu kungacha ularning bu shikoyatlarini rasman dalillashning imkoni boʻlmagan.
1-avgust kuni ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan yana biri Musannif Adham Feysbuk sahifasi orqali “Doʻstlik” chegara postidan qanday oʻtganini bayon qilib yozgan. U asosan eʼtiborini chegaraning Oʻzbekiston tomoniga qaratgan va fuqarolarning PZR testi haqidagi maʼlumotnoma masalasi qiynayotganini yozgan.
Uning fikriga koʻra chegarada PZR testlari nomigagina olinmoqda.
“Test oluvchilarga Oʻzbekistonga kirib kelayotgan yoki chiqib ketayotganlarning sogʻligʻi muhim emas. Sababi, test nomiga olinyapti. Asosiysi, chegaradan oʻtayotganlar pul toʻlasa, boʻldi.Chegaradan oʻtishdagi kovid-testlar biznesga aylanib boʻlibdi, pulini toʻlasangiz, bas. Shunday ekan, biznesda biroz yon bersangiz, narxidan oʻtib bersangiz ham boʻlardi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va ulardan test oʻtkazishga ruxsat olgan biznesmenlar”, - deb yozadi u.