O'zbekiston senatorlari Vashingtonda Mirziyoyev siyosatini tushuntirdi

Atlantika kengashi, Vashington, 27-sentabr, 2021

Vashingtondagi Atlantika kengashida so'zlagan O'zbekiston senatorlari AQSh hukumatini Mirziyoyev ma'muriyati bilan yaqindan ishlayverishga undadi.

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoyev deydiki, Toshkent yetakchiligida Markaziy Osiyo janubga ochilmoqda, ammo Afg'onistonda vaziyat barqarorlashmas ekan, oldinga siljish qiyin.

"Afg'oniston qo'shnimiz, u tinch va farovon yashashidan hammamiz birdek manfaatdormiz. O'zbekiston rahbariyati o'z siyosatida shu maqsadni ko'zlamoqda", - deydi Safoyev.

"O'zbekiston Afg'onistondagi o'zgarishlardan vahimada emas, aksincha masalalarni bosiqlik bilan muhokama qilib, xalqaro hamjamiyat va qo'shnilar bilan muloqotga tayanib, qadam tashlamoqda", - deydi Safoyev.

"Afg'oniston bilan savdo o'tgan yili qariyb 1 milliard dollarni tashkil etgan. Hamkorlik potensiali yuqori. Shu paytgacha amalga oshirilmagan ishlarni qilish hozir asosiy vazifa".

Senator Sodiq Safoyev

Ammo Tolibon boshqaruvidagi Afg'onistonda ularga erishish yanada qiyinlashmadimi?

"Qashshoqlik eng og'ir muammo. Afg'oniston bu holda qay tomon yo'naladi? Mamlakat moliya manbalarini muzlatish, sanksiyalar qo'yish unga hech bir jihatdan yordam bermaydi. Aksincha, uni yakkalab, hamma uchun muammolarni ko'paytiradi", - deydi Safoyev.

Liza Kurtis, Donald Tramp prezidentligi davrida Oq uyda unga Markaziy va Janubiy Osiyo bo'yicha maslahatchi bo'lgan ekspert deydiki, Bayden ma'muriyati mintaqa bilan serqirra aloqa yuritib, unga nafaqat janub, balki shimol va g'arb tomon ham yangi savdo yo'llari ochishda ko'maklashishi kerak.

Buni ham ko'ring Saylov, muxolifat va kelajak : Deputat Dilorom Fayziyeva

"Mana shunday yo'l tutsak, Xitoy ko'zlayotgan loyihalar va olg'a surayotgan tashabbuslarga munosib javob bergan bo'lamiz. Markaziy Osiyo davlatlari faqat bir yo'nalishda emas, imkoniyatlar qay tarafda bo'lsa, ular tomon qo'l cho'zishi kerak",- deydi Kurtis.

Ammo Markaziy Osiyo ko'proq Janubiy Osiyo bilan ishlashi lozim degan g'oyani aslida Kurtisning o'zi va Tramp davridagi Davlat departamenti ham targ'ib qilgan. Endilikda esa, hukumatdan ketgach, Kurtis Bayden ma'muriyatiga boshqacha tavsiyalar bermoqda.

Senator Alisher Sa'dullayev

Davlat departamenti va Oq uy rasmiylariga ko'ra, Vashington Markaziy va Janubiy Osiyoni yaqinlashtirish, tijoriy imkoniyatlarni oshirish, har ikki mintaqaga sarmoya jalb etish borasida amaliy yordam ko'rsatishga bel bog'lagan.

Ammo Bayden ma'muriyati nazarida ham Afg'onistondagi vaziyat eng yirik to'siqdir. Tolibon qanday hukumat bo'lishi xususida G'arb salbiy xulosalarga ega ekan, mintaqaviy savdoni kengaytirish rejalari mavhum tomon surilgan.

Davlat departamentida yuqori lavozimlarda ishlagan Pola Dobrianskiy hozirda Atlantika kengashida ekspert. Uning fikricha, Afg'onistonga qanday yordam bobida bir qarorga kelish kerak.

Pola Dobrianskiy, AQSh Davlat departamenti sobiq rasmiysi

"Hamma Afg'oniston tinch va farovon yashashini istaydi. Biz ham O'zbekiston xohlayotganidek, shuning tarafdorimiz", - deydi Dobrianskiy.

Safoyev deydiki, Afg'onistonda gumanitar inqirozning oldi olinishi kerak.

"Bu birlamchi vazifa", - deydi u. "Tolibonni qay shartlar asosida tan olish yuzasidan ham kelishib olish kerakdir, ammo birinchi o'rinda afg'on xalqiga ko'mak kerak, insonparvarlik madadi".

Buni ham ko'ring O'zbekiston boshqaruvida avlodlar o'zgardimi?

Tojikiston, Afg'oniston bilan O'zbekistonga qaraganda uzunroq chegaraga ega davlat, Tolibon haqida Toshkent bilan hamfikr emas. Dushanbe terrorizm xavfi ortdi, deya xavotir bildirmoqda.

Senator Safoyev Mirziyoyev va Rahmon ma'muriyatlari Afg'onistonga nisbatan turlicha pozitsiyada ekanini tan oladi.

"Qarashlarda farq borligi haqiqat, demak, dialog zarur. Muhokama qilishimiz kerak. O'zaro manfaatlar asosida qarorlar qilamiz", - deydi u.

Atlantika kengashi, Vashington, 27-sentabr, 2021

Safoyev Bayden ma'muriyatini Mirziyoyev siyosatini quvvatlashga, O'zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yirik musulmon jamiyati ekaniga tayanib, u bilan strategik sheriklikni mustahkamlayverishga undamoqda.

Senator Alisher Sa'dullayev, Yoshlar ishlari agentligi rahbari, O'zbekistonda ish o'rinlari yaratish, iqtisodiy-ijtimoiy muammolar yechimi nihoyatda dolzarb, deya qayd etadi. AQSh yoki Xitoy, hamkor davlatlar bilan xalqqa nafi tegadigan loyihalar boshlash zarur, deya ta'kidlaydi u.

"Xavfsizlik albatta birinchi o'rinda", - deydi Sa'dullayev Atlantika kengashida so'zlar ekan.

Toshkentdan kelgan delegatsiya O'zbekiston "buyuk o'yinlar" maydoni bo'lishni xohlamasligini, AQSh va Xitoy raqobatiga o'z manfaatlarini boy berishni istamasligini eslatdi.

"O'zbekiston bugungi jarayonlarda nihoyatda faol. Biz chetda turgan passiv tomon emasmiz. "Buyuk o'yinlar" haqida gapirishganda, ayniqsa G'arbda, mintaqadagi o'zgarishlarni unutib qo'yishadi", - deydi Safoyev.

Liza Kurtisga ko'ra, Oq uy Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyani yangilashi lozim. Unda, deydi Kurtis, Markaziy Osiyo respublikalari bilan yaqindan hamkorlik yuqori o'ringa chiqishi kerak. Terrorizmga qarshi kurash va razvedka bo'yicha kelishib olish zarur, deydi ekspert.

Oq uy sobiq rasmiysi Liza Kurtis

"O'zbekiston singari chegaradosh davlat Tolibonga ta'sir o'tkazib, uni to'g'ri yo'lga yetaklashga harakat qilmog'i lozim", - deydi Kurtis.

Markaziy Osiyo hukumatlari, xususan O'zbekiston Xitoyning uyg'urlarga nisbatan repressiv siyosatiga ko'z yumib keladi. Bayden Pekinni uyg'urlarga nisbatan genotsidda ayblaydi. Kurtis ham Xitoyni inson huquqlarini qo'pol tarzda buzayotganlikda qoralab, Amerika hukumati mintaqa bilan hamkorlikda bu omilni hisobga olishi kerak, deb hisoblaydi.

Sa'dullayevga ko'ra, O'zbekiston o'z manfaatlaridan kelib chiqqan holda har qanday yirik davlat bilan hamkorlikdan chekinmasligi, nimaiki blok bilan ishlamoqchi yoki unga a'zo bo'lmoqchi bo'lsa, o'z foydasini ko'zlab ish tutishi kerak.

"Vashington va Toshkent Xitoyga turlicha ko'z bilan qaraydi. O'zbekiston uchun Xitoy imkoniyatlar taklif qiluvchi tomon", - deydi senator Safoyev.

"O'zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida hozir kuzatuvchi. Biz uni sinab ko'rayapmiz... Lekin biz Jahon Savdo Tashkilotiga a'zolik borasida ham jiddiymiz. Uning talablari va zarur muzokaralar ustida ishlayapmiz".

Safoyev Atlantika kengashida O'zbekistonda prezident saylovlari yaqinlashayotganini tilga olib, "ular erkin va adolatli bo'ladi", deya bong urdi. Ammo respublikada amaldagi siyosatga jiddiy qarshilik bildiruvchi, unga muqobil siyosat taklif qiluvchi biror siyosiy partiya yo'q.

Saylovda Prezident Shavkat Mirziyoyev va yana to'rt nomzod bor. Ularning birortasi shu kungacha Mirziyoyev siyosatini savolga tutmagan,o'z chiqishlarida umumiy tanqidlar bilan cheklanadi.