AQSh Tolibonning Kongressga yo'llagan xatiga rad javobini berdi

  • Amerika Ovozi

AQSh harbiylaridan qolgan oziq-ovqat Kobul bozorlarida sotilmoqda, 17-noyabr, 2021

Qo’shma Shtatlar Tolibonni shu hafta Kongressga yo’llagan maktubida faktlarni noto’g’ri talqin qilganlikda tanqid qilmoqda.

Maktubda amerikalik qonunchilardan muzlatilgan aktivlarni, Afg’onistonga tegishli 9,5 milliard dollar mablag’ni Tolibonga qaytarish, moliyaviy sanksiyalarni bekor qilish so’ralgan.

Tolibon Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy

Sanksiyalar va xalqaro moliyaviy yordam uzilishi bunday ko’makka tayanuvchi Afg’oniston iqtisodiyotini barbod qildi, deya yozgan edi Tolibon Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy.

Tolibon hukumati davlat xizmatchilariga maosh to’lay olmayapti, zarur tovarlarni import qila olmayapti.

AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Tomas Vestga ko’ra, Afg’oniston urush, qurg’oqchilik va pandemiya tufayli Tolibon hokimiyatni egallashidan oldin ham dahshatli gumanitar va iqtisodiy inqirozni boshdan kechirayotgan edi.

Uning ta’kidlashicha, Tolibon afg’on hukumati bilan muzokara qilmasdan hokimiyatni kuch bilan egallab olgan taqdirda, Vashington xorijiy yordam to’xtatshi haqida avvaldan ogohlantirgan.

“Shunday bo’ldi ham”, - deydi Vest.

“Legitimlik va quvvatlovga terrorizmga qarshi kurash, inklyuziv hukumat tuzish, xotin-qizlar va ozchilikdagi guruhlar huquqlarini hurmat qilish, ularga ta’lim olish va ishlash huquqini berish orqali erishish shart”, - deydi AQSh diplomati.

Tomas Vestga ko’ra, Amerika afg’on xalqiga insonparvarlik yordamini yetkazishda davom etadi va 2021-yilda 474 million dollar ajratgan. Bundan tashqari, qish yaqinlashar ekan BMT va gumanitar guruhlarga yordamni oshirishga ko’maklashyapmiz, deydi u.

“Tolibon bilan ochiq, samimiy diplomatiyani davom ettiramiz”, - deydi Vest.

Buni ham ko'ring Tolibon "ochiq xatda" AQShdan Afg’oniston pullarini qaytarishni so’ramoqda

Bayden ma’muriyati Afg’oniston aktivlarini inson huquqlari va terrorizm bilan bog’liq xavotirlar sabab muzlatgan. Tolibon hukumatini hozirgacha hech bir davlat tan olgan emas. Toliblardan ayollar va ozchilik guruhlarning huquqlari hurmat qilinuvchi inklyuziv siyosiy tizim yaratish so’ralmoqda.

Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy o’z maktubida Afg’onistondagi iqtisodiy krizisda to’g’ridan-to’g’ri AQShni ayblamaydi. Sanksiyalar nafaqat savdo va biznesga ziyon yetkazmoqda, balki millionlab umidsiz afg’onlarga gumanitar yordam yo’lini to’smoqda, deydi vazir.

Afg’oniston oldida turgan eng katta muammo deya u moliyaviy qiyinchiliklarni tilga olgan, iqtisodiy beqarorlik afg’on qochqinlarining ko’payishiga olib kelishi haqida ogohlantirgan.

19-noyabr kungi bayonotida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti (FAO) Afg’onistondagi qurg’oqchilik, ishsizlik va misli ko’rilmagan iqtisodiy qiyinchiliklarga ishora qilib, xalqaro hamjamiyatni uni “ochlik tuzog’idan” qutqarishga undadi.

Tashkilot hisobicha, mamlakatda kamida 18,8 million kishi o’zini kunlik yegulik bilan ta’minlay olmaydi. Dekabrda bu raqam 23 millionga yetishi kutilmoqda.

“Millionlab afg’onlar falokat yoqasida yashamoqda. Qishloq xo’jaligi va chorvachilikka shoshilinch sarmoyaga muhtoj. Oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlansa, bu keyinchalik donorlar pulini tejashga ham yordam beradi”, - deydi FAO rahbari Tsuy Dunyuy.