AQSh Mudofaa vazirining Afg’oniston, Pokiston va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Rebekka Zimmerman bu hafta Pentagondan turib, O’zbekiston qurolli kuchlariga eksklyuziv tabrik yo’lladi. Amerika hukumati shu tariqa O’zbekistonni Vatan himoyachilari kuni bilan qutladi.
“O‘zbekiston suvereniteti va mustaqilligini qo‘llab-quvvatlash harbiy aloqalarimizning asosi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi“, - deydi Zimmerman.
“Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonni strategik hamkor sifatida qadrlaydi. O’zbekistonning munosabatlarimizni kuchaytirish hamda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasini yuqori baholaymiz”, - deydi Pentagon rasmiysi.
Zimmerman deydki, O’zbekistonda 30 yil oldin armiya tashkil etilganidan beri ikki mamlakat xavfsizlik sohasida samarali hamkorlikni yo’l qo’ya olgan. Harbiylar muntazam ravishda qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazadi, axborot almashadi, rishtalarni kengaytirishga bel bog’lagan.
Bu hamkorlikdan maqsad mintaqaviy va xalqaro tahdidlarning oldini olish, deydi Zimmerman, jumladan terrorizm va narkotik moddalar savdosiga qarshi kurashish, chegara xavfsizligini taʼminlash, xavfsizlik kuchlarining mahoratini oshirish va qonun ustuvorligini targ’ib qilish.
Buni ham ko'ring AQSh ekspertlari Qozog'istondagi voqealarni qanday tahlil qilmoqda?AQSh 20 yil davomida Afg’onistonda harbiy harakatlar olib borgan paytda Oʻzbekiston unga yordamlashgan va qo’shni mamlakat barqarorligiga hissa qoʻshgan, deydi rasmiy.
“O‘zbekiston Afg‘oniston tinch bo’lmasa, Markaziy Osiyo ham tinch bo’lmasligini birinchilardan bo’lib tan olgan sherikdir. O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlikka erishish uchun AQSh va uning mintaqadagi hamkorlari bilan mudofaa sohasida birga ishlashda davom etmoqda”, - deya e’tirof etadi Zimmerman.
“Terrorchilar Afg‘oniston hududidan AQSh yoki ittifoqchi va hamkorlarimizga hujumlar rejalashtirish uchun foydalana olmasligi lozim. Biz mintaqada tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash uchun har doimgidan ham ko’proq imkoniyatlarni topib, ularni ishga solishimiz zarur. Bilamiz, O‘zbekiston qo‘shnilari bilan bu borada sa’y-harakatlarni jadallashtirib, yetakchilik qilishda davom etadi. Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni quvvatlaydi”, - deya eslatadi Pentagon rasmiysi.