O'zbekiston Rossiyaning Ukrainaga bosqinida betaraf

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning matbuot kotibi Sherzod Asadov bayon qilishicha, Toshkent-Moskva orasidagi kechagi telefon muloqotda Ukrainadagi vaziyat ham muhokama qilingan. Respublika hukumati Rossiyaning qo'shni davlatdagi harbiy hujumlari va Ukrainadagi ketayotgan qonli janglar yuzasidan betaraf.

O‘zbekiston bu masala bo‘yicha vazmin, neytral pozitsiyada.

"Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbariga maxsus harbiy operatsiyani o‘tkazish to‘g‘risida qabul qilingan qarorning sabablari va shart-sharoitlari to‘g‘risida ma’lumot berdi", - deydi Asadov.

"O‘zbekiston yetakchisi, o‘z navbatida, tomonlar vaziyatni hal qilishning o‘zaro maqbul yo‘llarini tez fursatda topishlari va uning yanada keskin tus olishiga yo‘l qo‘yilmasligiga umid bildirdi".

Mirziyoyev so'zlovchisi quyidagini alohida ta'kidlaydi: "O‘zbekiston bu masala bo‘yicha vazmin, neytral pozitsiyada".

Buni ham ko'ring Rossiya-Ukraina mojarosida Markaziy Osiyo davlatlari betarafmi?

"Mamlakatimiz azaldan ham Rossiya, ham Ukraina bilan yaqin, do‘stona munosabatlarga ega. Biz keng mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot bo‘lishidan manfaatdormiz. Barcha bahs va kelishmovchiliklar faqatgina xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi lozim."

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, Ukrainadagi qo'shma iqtisodiy loyihalar to'xtatgan. Respublikada Ukraina kapitali bilan ishlaydigan 173 korxonadan 96 tasini ikki davlat ishbilarmonlari birgalikda yuritadi.

Hozirgi murakkab vaziyatga qarab, hukumat ularning faoliyati qiyinlashadi, deya ogohlantirmoqda.

Bu orada O'zbekiston Ukrainadagi fuqarolarini Polsha orqali evakuatsiya qila boshlagan.

Kiyevdagi elchixona hisobicha, mamlakatda qariyb 4300 o'zbekistonlik yashaydi. Ular yordam uchun https://uzbekistan.mfa.gov.ua sayti orqali bog'lanishi yoki quyidagi nomerlarga telefon qilishi kerak:

+380 44 501 50 00

+380 44 501 41 81

+380 44 501 41 82

+380 44 501 41 83.