Propaganda matbuot erkinligiga global xavf

  • Amerika Ovozi

Moskvada matbuot erkinligi uchun namoyish, 21-aprel, 2021

Rossiya Ukrainaga bostirib kirar ekan, propaganda yanada avj oldi. Jurnalistlarga yangi cheklovlar, ularni qamash, mediani bloklash hollari kengaydi.

Rossiya hozirda matbuot erkinligi eng pasaygan mamlakatlardan biri. "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti vaziyatni tahlil qilib, uni reytingda yanada quyiga tushirgan.

2022-yilgi ro'yxatda 28 mamlakat eng yomon ahvoldagi jamiyat deya ta'riflanadi. Ular orasida Xitoy azaldan bor. Propagandani ishonchli axborot deya tamg'alashda Pekinga yetadigani yo'q, deydi ekspertlar.

Xitoyning mediaga nisbatan repressiv siyosati Gongkongda ham erkin matbuotni yo'q qilib, demokratik qadriyatlarga urg'u bergan axborot vositalari tazyiq ostida.

Efiopiya va Nikaragua ham jurnalistlar uchun eng og'ir muhitlar sifatida qayd etilib, senzura qanot yozgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Matbuot erkinligi dunyo bo'ylab tahdid ostida

Hukumatlarning yolg'on tarqatib, uni yagona haqiqat deya targ'ib qilishi omma ongini zaharlamoqda", deya ogohlantirmoqda "Chegara bilmas muxbirlar".

"2022-yilga kelib, oq va qora rangdagi informatsiya ijtimoiy va siyosiy beqarorlikka yetaklovchi kuchli omil", - deydi Kleyton Vaymers, tashkilot vakili

Professional jurnalistikani yo'lga qo'yish uchun yillab qilingan mehnat yo'qqa chiqarilmoqda.

Myanmadagi vaziyat bunga yaqqol misol. 10 yildirki, muxbirlar tinimsiz bosimda; axborot vositalari yopilib, jurnalistlar surgunda yo panjara ortida.

Afg'onistonda Tolibon matbuotga tegmaslikni va'da qilsa-da, yangi qonunlar chiqarib, yangicha tartib joriy etib, ayollarni mediadan uzoqlashtirgan. Daromadsiz qolgan tashkilotlar yopilmoqda, chunki ko'ngilochar dasturlar va reklama man etilgan.

Dunyoning eng qonli hududlaridan biri Efiopiyaning Tigray mintaqasida hayot uchun zarur eng oddiy xabar olish ham qiyinlashgan, vaholanki, uch yil oldin u yerda islohotlar boshlangan edi. Reytinglarda Efiopiya 13 o'rin pastlagan.

"Avtoritar tuzumlarda mediani ezgan odamlar javobgarlikka tutilmaydi, chunki bu ishni qilayotganlar hukumatlarning o'zi, rahbarlarning o'zi. Jurnalistlarni nishonga olish, ularni qo'rqitish, qiynash, oilalariga bosim o'tkazish.. Bu esa butun jamiyatga ta'sir qilib, uni qo'rqinch ichida saqlaydi. Bu esa hukumatga foyda, chunki uni tanqid qiluvchilar kamayadi va u haddidan oshaveradi", - deydi Vaymers.

AQShda ham o'tgan yillarda matbuot erkinligi orqaga ketgan. Ayrim shtatlarda media ommaviy namoyishlarni yoritish cheklangani haqida shikoyat qiladi.

Milliy matbuot klubining Jurnalistika institutidan Bet Fransesko deydiki, jurnalistlarga mujmal qoidalar joriy etilishi, nima ochiq yoki yopiq ekanini aniq aytmaslik, tartibni hamma bir xil anglamasligi katta muammolarga yetaklaydi.

Demorkatik davlatlar matbuot erkinligining namunasi bo'lishi lozim. Biroq disinformatsiya va propaganda hozir ularga ham zarar yetkaza boshlagan.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekistonda media ham korrupsiyalashgan