8-iyun kuni BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Amina Muhammad Toshkentda bo'ldi. Tomonlar muloqotdan mamnun. Rasmiy O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev, Senat raisi Tanzila Narbaeva, Ombudsman Feruza Eshmatova, prezident qizi Saida Mirziyoyeva va boshqalar bilan suhbatlashgan. Uchrashuvlarda BMTning O'zbekistondagi bosh vakili Roli Asthana va boshqa diplomatlar ham ishtirok etgan.
Amina Muhammad bu hafta Markaziy Osiyoni aylanmoqda. Turkmaniston xotin-qizlari va rahbariyati bilan ko'rishgan. Tojikistonda suv masalalariga bag'ishlangan xalqaro anjumanda so'zlagan. Bu mamlakat ayollari bilan ham so'zlashgan, xususan oilaviy zo'ravonlikka e'tibor qaratib, bu illatni jinoyat deb atagan va unga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirgan. Rasmiy Qozog'iston va Qirg'izistonda ham bo'ladi.
Mirziyoyev matbuot xizmatiga ko'ra, Toshkent BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga bel bog'lagan va jahon tashkiloti bilan serqirra va samarali hamkorlik istaydi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Mirziyoyev bilan bir necha marta gaplashgan, uni sistematik o'zgarishlar qilishga undab, islohotlar dasturini olqishlagan. Amina Muhammad bugungi muloqotda buni qayd etib, O'zbekistondan 2030-yilgacha ulkan yutuqlar kutilayotganini aytgan.
"Bugungi kunda O‘zbekiston BMTning barcha tuzilmalari bilan faol hamkorlik qilmoqda – birgalikda turli yo‘nalishlarda 200 dan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda", - deyiladi prezident matbuot xizmati bayonotida.
Respublika 2021-yildan beri BMTning Inson huquqlari kengashiga a'zo. Huquq tashkilotlari nazarida mamlakatdagi vaziyat xalqaro me'yorlarga javob bermaydi: so'z erkinligi va siyosiy huquqlar hamon cheklangan. "Human Rights Watch" va boshqa guruhlar BMTning yuqori lavozimli rasmiysini Toshkentga tashrifi mobaynida bu masalalarni ko'tarishga, shuningdek, huquq faollari bilan uchrashishga chaqirgan.
O‘zbekiston BMT bilan ekologiya, salomatlik, ta'lim, madaniyat sohalaridagi loyihalarni ko'paytirishni hamda kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, gender tenglik tomon harakat qilish, “yashil” energetikani rivojlantirish, raqamli texnologiyani joriy qilish va infratuzilmani modernizatsiya qilish yo'lida ham ko'proq hamkorlik qilishni istashini bildirgan.
Prezident Mirziyoyev BMT bosh kotibining o‘rinbosari bilan Markaziy Osiyo xavfsizligi, "yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklik" hamda Afg'onistondagi vaziyat bilan bog'iq mavzular haqida ham gaplashgan.
Senat raisi Tanzila Narbaeva bilan uchrashuvda asosan xotin-qizlar ravnaqi, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy faolligini oshirish xususida so'z ketgan.
"Dunyo bo‘ylab millionlab xotin-qizlar uchun namuna bo‘lgan Amina Muhammad gender tengligi, zo‘ravonlikka barham berish, ayollar va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish masalalarini tinimsiz ko‘tarib, etakchi ayollar uchun ham yorqin namuna bo‘lib kelmoqda", - deyiladi Narbaeva idorasi chiqargan bayonotda.
Saida Mirziyoyeva nazarida esa "Amina Muhammad ajoyib ayol. Uning tarjimai holi – maqsadga erishish yo‘lida qanchalik tirishqoqlik va mehnat qilish zarurligi haqidagi motivatsion filmga tayyor ssenariy."
Amina Muhammad vatani Nigeriyada ekologiya vaziri bo''gan. Taraqqiyot masalasi bo'yicha mutaxassis. 2012-yildan beri BMTda faoliyat yuritadi. Olti farzandning onasi.
"Bugun biz gender tengligi sohasida hamkorlikni boshlashga kelishdik. Ushbu sohada xalqaro hamjamiyat tajribasi va qo‘llab-quvvatlashi yordamida hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar haqida suhbatlashdik", deya bildiradi Mirziyoyeva o'z Telegram kanalida.