O’zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar muhokamasi davom etib, mamlakat huquqiy va siyosiy o’zgarishlar arafasida ekanligi tinimsiz ta’kidlanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yilda islohotlar dasturini e'lon qilganida, unga sistematik yangilanish, erkinliklar ta'minoti va demokratik rivojlanish va'da qilingan edi.
Bu o’zgarishlar siyosiy partiyalar tuzilishi, ro’yxatga olinishiga doir vaziyatni nazarda tutadimi, yo’qmi, hozircha noma’lum.
Muxolif partiyalar yo'qligi qonunchilikka borib taqaladi, chunki ularni tuzish bag'oyat murakkab, deydi vaziyat bilan tanish faollar.
Bu boradagi tanqidlarga nisbatan hukumat a'zolari, shuningdek, deputatlar va senatorlar oppozitsiya shakllanishi uchun vaqt kerak, mentalitet o'zgarishi lozim, deb javob beradi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan o'zbekistonliklar nazarida O’zbekistonda siyosiy maydon sukutga cho’mgan, jamiyatni mudroqlikka yetaklovchi jimlik hukmron.
So’nggi yillarda siyosiy maydonga kirib kelganlarning aksariyati chetlatilgan. Kurash qaroridan voz kechmaganlar esa mahkamalarda ekani iddao qilinadi. Maydon oldingi rahbar Islom Karimov davrida qanday bo’lsa, shunday, deydi faollar.
O'zbekistonda raqobatli siyosiy muhit shakllanadimi? Fuqaroga tanlash imkoniyati beriladimi? Bu boradagi umidlar so'nib bormoqda, deydi kuzatuvchilar.
Chunki bunday kuch shakllanmadi, deydi ular, aniqrog’i shakllanishiga yo’l berilmadi. Hukumat buning uchun barcha chorlarni ishga solgan, nafaqat ichki ishlar, maxsus xizmatlar, prokuratura, balki sudlar ham, mahalliy hokimiyatlardan tortib, mahalla qo’mitalarigacha muxolif fikrdagilar bilan kurashga safarbar etilgan.