Tatar jurnalisti: Denatsifikatsiya sabab ona tilini bilmaymiz

Qul Sharif masjidi, Qozon, Tatariston

Rossiyaning bo’linishi Tataristondan boshlanadi degan qarashlar anchadan buyon mavjud. Ammo yaqin tarixga nazar tashlansa, Rossiya turklarining Idil-Ural o’lkasi tuzishga doir umidlari Markaziy Osiyo Turkistoni kabi azaliy orzu sifatida qolayotganini ko’rish mumkin.

Idil-Ural go’yasi ham 19-asr oxiri, 20-asr boshlariga taqaladi. Bolsheviklar inqilobi Rossiya va Markaziy Osiyo turklarini ham sovet ittifoqi tarkibiga qo’shdi.

70 yillik hokimiyat qular ekan, turklar o’z davlatchiligiga ega chiqib, Rossiya tarkibidagi turk xalqlarida ham mustaqillikka intilish kuchaydi, ayniqsa Idil-Ural markazi hisoblangan Tataristonda.

Boris Yeltsinning sobiq ittifoqda mashhur “mustaqillikmi, mana keragicha oling” degan gapi ham aynan Tataristonda aytilgan edi. Ehtimol shu bois Tatariston vakolatlari bir qadar keng bo’lgan muxtor respublika hisoblanadi.

Tataristonda mustaqillikka intilish hamon mavjud, ammo tatar tili, madaniyati, tarixi uchun kurash Rossiya tarkibidagi so’ngi 30 yillik ortidan yana ancha susaygan. Tatarlar o’zligi, tili, davlatchiligi rus dunyosi soyasi ostida qolayotgani ta’kidlanadi.

Tatar jurnalisti, Rossiyaning taniqli boshlovchilaridan bo’lgan Farida Qurbongaliyeva yaqinda Rossiyadagi shovinizm va milliy o’zlik haqidagi maqolasi bilan jiddiy muhokama uyg’otdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Tatar jurnalisti bilan millatchilik va mustaqillik haqida suhbat

“Amerika Ovozi” Qurbongaliyeva bilan Rossiyadagi millatchilik, Tataristondagi mustaqillik kayfiyati haqida suhbatlashdi.

Farida Qurbongaliyeva: Bu maqolani yozishimga Ukrainadagi urush turtki berdi. Putin Ukrainani davlat sifatida tan olmaydi, ukrainlarni esa ruslarning bir bo’lagi deb hisoblaydi. Aslida, Ukrainaga urush ochishning maqsadi sifatida e’lon qilingan denasifikatsiya Rossiyaning o’zida uzoq yillardan buyon amalda qo’llangan. Buning natijasida Rossiya tarkibidagi o’nlab xalqlar o’z tilini, madaniyatini, o’zligini yo’qotdi. Masalan, men o’z ona tilim tatarchada yaxshi gapira olmayman. Bu menga nisbatan qo‘llangan denasifikatsiya natijasidir. Shuning uchun ham Ukrainadagi urush menda, men kabi boshqa milliy ozchilik vakillarida aks sado bermoqda. Ular Ukrainadagi urush orqali o’zlarini anglashyapti. Rossiya ishg’ol qilingan hududlarda ukraincha kitoblarni yoqyapti, nomlarni qaytadan ruslashtirmoqda.

“Amerika Ovozi”: Darhaqiqat, maqolada ko’tarilgan muammo nafaqat Tatariston, Rossiyadagi boshqa subyetklar, sobiq ittifoq uchun ham muhim, buni muhokamalar ham ko’rsatayotgan bo’lsa kerak.

Farida Qurbongaliyeva: Albatta, menga nafaqat Rossiya, balki tashqaridan ham ko’p yozishdi. 90 foizga yaqini qo’llov, ko’plar o’z hayotidan misol keltirgan, etnik kamsitishga uchrashgani, shu kabi holatni boshdan o’tkazishgani haqida yozishdi. Ya’ni maqola shu kabi muammoga uchragan ko’plab odamlarda aks sado berdi. Ular o’z dardlarini aytishyapti. Bu maqolani bosgan “Xolod” nashri ham buni tushundi, takroran chop qildi. Bu nashr Rossiyani tark etgan, chunki mamlakatda mustaqil jurnalistika uchun imkoniyat qolmadi. Maqola jiddiy munozara qo’zg’adi, bu munozara nima bilan tugaydi buni aytish qiyin. Tatariston misolida qarasak, men tatarlarni o’zida biror narsani keskin o’zgartirishga bo’lgan irodani ko’rmayapman, ular bunga tayyor emasdek. Hozirgi vaziyatni 90 yillar boshiga qiyoslab bo’lmaydi. Dastlabki yillarda iliq qarshilangan bu mustaqillik Moskvaning davomli bosimi ostida o’z qadrini yo’qotib bo’ldi. Men hozirgi vaziyatda Tataristonda minglab aholi ishtirokida namoyishlar o’tishi mumkinligi, aholini o’z ortidan ergashtiruvchi yetakchilar chiqishini tasavvur qilolmayman. To’g’ri, ularning hammasi “komsomol”dan chiqqan kadrlar edi, ammo ular o’sha paytdagi jamoatchilikdagi to’lqindan unumli foydalanishdi, hokimiyatni ham ushlab qolishdi.

“Amerika Ovozi”: Keling, O’zbekiston misoliga qarasak, mamlakat mustaqil bo’lgani 30 yil bo’ldi, ammo sovetcha dunyoqarash yo’qolmadi, aksincha so’nggi yillarda kengaymoqda. Siz Tatariston misolida ham shunday vaziyat mavjudligini aytingiz, buning sabablari nimada, faqat targ’ibotmi?

Farida Qurbongaliyeva: Bu qiyin savol. O’ylashimcha, Tatariston o’z mustaqilligini sekinlik bilan boy bera boshlagan so’nggi yillar natijasini ko’rsatayotgandek. Albatta targ’ibot ham sabab, lekin aniq bir misollar keltira olmayman. O’zbekiston misolida qanday, bilmayman, ammo Tatariston aholisining yarmida ko’pi ruslar, rus tilida gaplashuvchi tatarlardan iborat. Ular tatarchani o’qish, bu tilda gapirishdan ma’no ko’rishmayapti. Rossiya hukumati bunga ehtiyoj qoldirmaydi. Rus tilini bilsang bo’ldi, muammo yo’q. Shunday ekan, tatarchani o’rganib nima qildim, baribir atrofda hammasi ruschada degan ishonch kuchli.