"Qoraqalpog'iston - Prezident Mirziyoyev shu kungacha yuzlashgan eng katta sinov"

Nukus, 3-iyul, 2022

Rahbariyat xohlayotgan o'zgarishlarni xalq istagi deb targ'ib qilish, deya tushuntiradi amerikalik professor Jennifer Murtazashvili, Prezident Mirziyoyev va uning boshqaruviga ishonch va hurmatni pasaytiradi, mamlakat bo'ylab va xorijda.

AQShning Pittsburg universitetidan olima Jennifer Murtazashvili norozilik namoyishlarini olamshumul voqealar deb hisoblamaydi.

"Ular dunyo bo'ylab, mamlakatma-mamlakat har kuni ro'y beradigan holatlar, - deydi professor. - Namoyishlar zo'ravonlik tusini olsa, bu - jiddiy muammo".

Eng muhimi - bu chiqishlar va zo'ravonliklarga hukumatning qanday javob berishi, deydi Murtazashvili, Vashingtondagi aql markazilaridan biri bo'lmish Atlantika kengashi virtual forumida so'zlar ekan.

Hukumat xalqning norozilik bildirish huquqini qanchalik hurmat qiladi? Zo'ravonlikka zo'ravonlik bilan javob beradimi? Tinch yo'l bilan fikrini bildirayotganlarga nisbatan kuch ishlatadimi? Kuchni qachon va nima uchun ishlatish ma'qul? Mahalliy va xalqaro qonunlar bu borada nima deydi? Amalda esa hukumat qanday yo'l tutmoqda?

Buni ham ko'ring Qoraqalpog'iston AQShda qanchalik muhokamada?

Qoraqalpog'istonda 1-2 iyul kunlari yuz bergan g'alayon haqida to'liq xulosa qilishga hali erta, deydi olima, chunki tekshiruv va tergov natijalari ma'lum emas, qolaversa mustaqil taftish olib borilmagan.

Omma, ekspertlar va media muayyan guvohlar va masala yuzasidan ochiq gapira olgan shaxslarga tayanishga majbur.

"Lekin bir narsa aniq: Qoraqalpog'iston voqealari - Prezident Mirziyoyev shu kungacha yuzlashgan eng katta sinov. Hukumat buyog'iga qay yo'ldan boradi?"

Adolat va huquq ta'minlanadimi? Qonunni buzganlar jazolanadimi? Hukumat haqiqatning ochilishiga to'siq qo'ymadimi? Mana shu savollarga javob qanday bo'lishi Mirziyoyevga nisbatan ishonch va hurmatni belgilaydi, deydi Murtazashvili.

Professor Jennifer Murtazashvili

O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov ham Atlantika kengashida so'zlar ekan, Nukusdagi qon to'kilishlar mamlakat uchun fojia ekanini aytadi. Xalq anduhda, deydi diplomat, fuqarolar va huquq-tartibot xodimlari halok bo'ldi.

Hukumatga ko'ra, o'lganlar 18 nafar. Yuzlab odamlar hibsda va yuzlab odamlar jarohatlangan. Bir necha kishiga nisbatan jinoiy ayblovlar qo'yilgan, jumladan jurnalistlar va faollar.

"Bu ko'rgiliklarni hech kim oldindan taxmin qilmagan. Norozilik namoyishlariga sabab bo'ladigan omillar ko'zga tashlanmagan", - deydi elchi.

Biroq O'zbekistonda konstitutsion o'zgarishlar olg'a surilib, bosh qomusning yangi nusxasi chiqqanidan beri Qoraqalpog'istonda bu o'lka bilan bog'liq tuzatishlarga qarshilik bildirayotganlar bor edi, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda.

Buni ham ko'ring O'zbekistonga ishonch, uning nufuzini nima belgilaydi? AQShagi elchi bilan suhbatdan

Elchi Vahobov ta'kidlashicha, rahbariyat bu qarshilikni tan oldi va tushundi. O'zgarishlar bekor qilindi. Hozirda Qoraqalpog'istonda vaziyat nazorat ostida, hudud barqaror, deya izohlaydi u.

"Mobil aloqa tiklangan, davlat xizmatlari joyida", - deydi Vahobov.

Diplomat qayd etishicha, O'zbekiston hukumati milliy va xalqaro qonunlar va normalarga binoan ish tutib, xalq bilan kelishgan holda qadam tashlaydi. Prezident Mirziyoyev shunday ko'rsatma bergan, o'zi ham ta'kidlab kelmoqda, deydi elchi.

O'zbekiston, elchining aytishicha, xalqaro huquq tashkilotlari bilan muloqotda, ularning tavsiyalariga hurmat bilan qaraydi.

"Jinoiy harakatlar qilganlar, xususan ortiqcha kuch ishlatganlar, qay lavozim va darajada bo'lishidan qat'i nazar jazosini oladi, - deydi elchi Vahobov. - Shu bilan birga zo'ravonlikka berilgan namoyishchilar ham qonun oldida javob beradi, ularning sud ishlari ochiq va adolatli kechadi".

O'zbekiston diplomatining tan olishicha, tizim norozilik ko'lami bu qadar keng va kuchli ekanini anglamagan va qon to'kilishining oldini olish uchun vaqtida chora ko'ra olmagan.

O'zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov

AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha idora direktori Brayan Stimmler Atlantika kengashidagi forumda deydiki, Bayden ma'muriyati O'zbekistonni ishonchli sherik deb biladi va uni bu mashaqqatli damlarda quvvatlashdan to'xtamaydi.

"O'zbekiston, bizning nazarimizda, Markaziy Osiyoda tobora dinamik va konstruktiv rol o'ynayotgan davlatdir. Hamkorligimiz faqat ikki tomonlama emas, balki butun mintaqa manfaatlari uchun xizmat qiladi. Davlatlarimiz va xalqlarimiz orasidagi rishtalar 30 yildan oshibdiki, rivojlanib kelmoqda", - deydi Stimmler.

Amerika, deydi rasmiy, iqtisodiy taraqqiyot, xavfsizlikni ta'minlash, inson huquqlari va demokratik rivojlanishda, shunindek, suverenitet, mustaqillik va hududiy yaxlitlikni himoya qilishda O'zbekiston bilan yonma-yon turadi va ishlaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qoraqalpog'iston: G'arb munosabati

"O'zbekiston o'tgan yillarda iqtisodiy tizimini yangiladi. Paxta dalalarida majburiy mehnatga barham berildi", - deya baholaydi Stimmler.

Uning eslatishicha, respublika bu yutuqlarni boy bermasligi lozim va endigi qadamlar mamlakatni oldinga yetaklashi zarur.

"Har qandat islohot ishonchli bo'lishi uchun, hukumat siyosiy plyuralizm uchun yo'l ochishi, fuqaro jamiyati va erkin matbuot uchun sharoitni yaxshilashi va konstitutsion o'zgarishlar uchun xalqdan keng quvvatlov olishi kerak", - deydi AQSh rasmiysi.

Vashington O'zbekistonni Qoraqalpog'istondagi voqealarni to'liq, shaffof va ishonchli tarzda taftish etishga chaqirgan.

Brayan Stimmler, AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha idora direktori

Stimmler AQShning Toshkentdagi elchisi Daniel Rozenblumning yaqinda aytgan so'zlariga urg'u beradi: Mustaqillik va suverenitetning o'zi yetmaydi. Erkinlik va mas'uliyatli boshqaruvsiz davlatchilik mustahkamlanmaydi.

"AQSh O'zbekiston bilan hamkorlik mana shu qadriyatlarga asoslanishini xohlaydi, toki xalq mana shu imkoniyatlar orqali mamlakat nimaga qodir ekanini ko'rsata olsin, farovon va tinch yashasin", - deydi Stimmler.

Yaqinda O'zbekistonga safar qilgan professor Murtazashvili tahlilicha, hukumat xalqdan yiroq va aynan konstitutsion o'zgarishlar masalasida uning fikr-qarashlarini izchil o'rganishi lozim.

Qoraqalpog'istondagi g'alayon omma bilan maslahatlashmay, uning dardiga quloq solmay ish qilishning ayanchli oqibatlaridan yaqqol darak, deydi olima.

Toshkentdan boshlab viloyatma-viloyat va avtonom o'lkada ijtimoiy dinamikaga e'tibor bermaslik, rahbariyat xohlayotgan o'zgarishlarni xalq istagi deb targ'ib qilish, deya tushuntiradi amerikalik professor, Mirziyoyev va uning boshqaruviga ishonch va hurmatni ichkarida va tashqarida birdek pasaytirishi tayin.

Elchi Vahobov esa konstitutsion islohotlar hamon muhokamada ekanini eslatadi. Tizim o'z ustida ishlayapti, deydi u, xatolardan tegishli saboqlar olinadi.