Afg'onistonda Tolibon hokimiyatni egallaganiga yaqinda bir yil bo'ladi. Xalqaro hamjamiyat shum xabar sifatida qarshilagan bu o'zgarish Kobulda va umuman, Afg'oniston bo'ylab qanday burilishlarga yetakladi? Hamon biror davlat tan olmagan bu hukumat kelajakni qanday ko'radi? "Amerika Ovozi" Tolibon vakili Suhayl Shahin bilan gaplashdi.
"Amerika Ovozi": Bir yil oldingi va hozirgi Tolibon orasida qanday farq bor? Sizning boshqaruvingiz ostida qanday yangiliklar bo'ldi? Afg'onistonni qay tomon yetaklayapsiz?
Tolibon vakili Suhayl Shahin: Biz hokimiyatga kelganumizcha Afg'onistonda kuniga 200-300 odam halok bo'lar edi, hozir unday emas. Tadbirkorlar bir viloyatdan ikkinchisiga bemalol bora olmas edi, hozir bemalol. Xavfsizlikni ta'minlayapmiz. Oldin, jumladan biz hukmronlik qilgan yillarda ham mamlakat fuqaro urushi ichida edi, hozir biror urush yo'q. Hozir biz amnistiya e'lon qilganmiz. Unga rioya qilinsa, hammasi joyida, lekin buzilsa, sudlaymiz va jazolaymiz. Oldin biz iqtisodga uncha e'tibor bermagan edik, hozirda butun diqqatimiz shunda. Mamlakatni rivojlantirishni va tirikchilikni yaxshilashni istaymiz. Oldinlari daromad urushga ketar edi, hozir unday emas. Oldimizda katta to'suqlar bor- sanksiyalar, shuningdek, xalqaro hamjamiyat yordamni kesib qo'ygan. Biroq biz harakat qilayapmiz. Qo'limizda bor mablag'ni, qariyb 30 milliard afg'oniyni, xalqimiz ravnaqi uchun sarflashga bel bog'laganmiz.
"Amerika Ovozi": Inson huquqlari bilan bog'liq ahvol og'irligicha qolmoqda. Xotin-qizlarning erkinligi mutlaq cheklangan, ular ishlash va bilim olish huquqidan mahrum. Tashqi dunyo bu borada progress bo'lishini talab qilmoqda. Siz nima qilmoqchisiz?
Tolibon vakili Suhayl Shahin: Ayollar ishlashyapti, jumladan, vazirliklarda, va maoshlarini olishmoqda. Biror ayolni tirikchilikdan ayirmadik. Biz ularni iqtisod yoki jamiyatdan uzayotganimiz yo'q. Ayollar, ta'lim, ichki masalalar va sog'liqni saqlash sektorida mehnat qilishmoqda. Xususan, Hilmand viloyatida o'qituvchilarni tayyorlaydigan markaz rahbari ayol kishi. Xususiy maktablar, o'rta maktablar, kasb-hunar maktablari mamlakat bo'ylab ochiq. Universitetlarimiz ham, xususiy va davlatniki, hammasi erkaklar va ayollar uchun ochiq. Bu manzara balki tashqaridan yaxshi ko'rinmayapti. Lekin tan olamiz, qiladigan ishlarimiz hali juda ko'p. Biz yangi hukumatmiz. Mablag' yo'q, muammolar esa talay. Sanksiyalar ostidamiz. Ammo biz harakat qilayapmiz.
"Amerika Ovozi": Qo'shni Pokiston bilan qanday aloqadasiz? Kobul va Islomobod orasidagi rishtalar qanchalik tarang hozir?
Buni ham ko'ring O'zbekiston va Tolibonni nima bog'lab turibdi?Tolibon vakili Suhayl Shahin: Avvalo, rishtalarni tarang deb tasvirlamagan bo'lar edim. Pokiston - qo'shnimiz, musulmon davlat, u yerda millionlab vatandoshlarimiz qochqinlikda yashaydi va biz bu mamlakat bilan savdo qilamiz. Albatta, milliy manfaatlar yuzasidan kelishmovchiliklar bor, chunki har ikki davlat o'ziga xos maqsadlariga ega. Biroq biz til topishishga harakat qilayapmiz.
"Amerika Ovozi": Tolibon AQSh bilan aloqadami?
Tolibon vakili Suhayl Shahin: Ha, aloqadamiz, gaplashib turamiz. AQSh hukumati bilan muloqot bor, lekin hali kelisha olganimiz yo'q.
"Amerika Ovozi": Nimalarni muhokama qilayapsiz?
Tolibon vakili Suhayl Shahin: Xususan, bizni qora ro'yxatlardan chiqarishni, ikki tomonlama aloqalarni yo'lga qo'yishni, Afg'onistondagi iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishni, sarmoya va boshqa mavzular.
"Amerika Ovozi": Tolibon va O'zbekiston bir-biri bilan yaqindan ishlayapti. Iyul oxirida Toshkentda o'tadigan xalqaro anjumanga taklif qilingansiz. Biroq Markaziy Osiyodagi biror davlat hali sizni tan olmagan. Siz bu mamlakatlardan nima xohlaysiz, jumladan O'zbekistondan?
Tolibon vakili Suhayl Shahin: To'g'ri, Markaziy Osiyo bilan ijobiy ruhda aloqa qilib kelamiz, ayniqsa O'zbekiston bilan. Afg'onistonni tiklashda, uni rivojlantirishda bu davlatlarning roli beqiyos. O'zbekiston bilan, jumladan, mega-loyihalarimiz bor, temir yo'llar qurish va enertika savdosini kengayritish borasida. Ular mamlakatimiz taraqqiyotiga ulkan hissa qo'sha oladigan taraf. Qo'shnilarimiz bilan tinch va birodarlikda yashashni xohlaymiz. Markaziy Osiyo mamlalatlari bilan hamkorlikdan, yakdillikdan shuning uchun ham manfaatdormiz.