AQSh dollari qadri boshqa valyutalarga nisbatan o’sishda davom etmoqda. 20-iyul kungi holatga ko’ra, bir yevro 1,02 dollar, bir Britaniya funt sterlingi 1,20 dollar va bir iyena 0,007 dollarga teng.
Dollar o’tgan yildan buyon mustahkamlanib borayotgani, xususan shu yoz keskin qimmatlashishining bir necha sabablari bor, jumladan Federal zaxira, ya’ni Markaziy bankning inflyatsiyani pasaytirish uchun foiz stavkalarini oshirishi va global sarmoyadorlar Rossiya bosqini sabab yuzaga kelgan mavhumlik sharoitida dollardan panoh topishga urinayotgani.
Kuchli dollar AQShda inflyatsiyaga qarshi himoya sifatida xizmat qiladi, global xomashyo narxlari pasaytiradi, lekin shu bilan birga dollarda kredit olgan kambag’al davlatlarni qiyin ahvolga solib qo'yadi.
Dollar kuchayishining asosiy sababi Federal zaxiraning so’nggi qarorlaridir. Joriy yilda asosiy foiz stavkasi uch marotaba oshirilgan va hozir 1,5-1,75 oralig’ida. Markaziy bank shu tariqa Amerikada 8 foizdan oshgan inflyatsiyani sekinlashtirishga harakat qilmoqda.
Boshqa rivojlangan mamlakatlarda, jumladan Yevropada stavkalar past ekan, Federal zaxiraning pul-kredit siyosatini qat’iylashtirishi AQSh banklarida dollar depozitlarini saqlashni yanada jozibador qiladi. Bu o’z navbatida boshqa valyutalarga nisbatan dollarning qiymatini oshiradi.
Ko’pgina xalqaro investorlar foiz stavkalaridan tashqari boshqa sabablar bilan, jumladan xavfsizlik va iqtisodiy o’sish istiqbollarini ko’zlab, aktivlarini boshqa davlatlardan AQShga ko’chirmoqda. Ukrainadagi urush bois Yevropada mavhumlik hissi kuchaygan.
Agressiyasi uchun sanksiyalangan Rossiya Yevropaning zavod-fabrikalarini quvvatlantiradigan, uylarini isitish uchun ishlatiladigan tabiiy gazning katta qismini nazorat qiladi. Kelgusi oylarda gaz ta’minoti iqtisodiy o’sishga ta’sir qiladigan darajada kamayadimi, yo’qmi, hozircha aniq emas.
“Bizni [AQShni] boshpana deb ko’rishadi. Valyutamiz ishonchli. Odamlarning bank hisoblari ekspropriatsiya qilinmaydi. Yevropa Markazi banki stavkalari bilan solishtirganda, albatta bizni tanlashadi”, - deydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazidan Vilyam Raynsh.
Kuchli dollarning ta’siri
AQShning o’zida kuchli dollarning ta’siri turlicha. Chet elga sayohat qilayotgan amerikaliklarning xarid quvvati oshadi. Yuqori qiymatli dollar, shuningdek, valyutasi dollarga nisbatan zaiflashgan mamlakatlardan import qilinadigan tovarlar arzonlashishini anglatadi.
Inflyatsiya narxlarni oshirayotgan bir paytda import xarajatlari pastligi iste’molchilarga yengillik yaratadi. Ammo qayd etish joiz, AQShning uch yirik savdo hamkori – Kanada, Meksika va Xitoy valyutalariga nisbatan dollarning o’sishi uncha katta emas.
Yuqori dollar xorijliklar uchun Amerika mahsulotlarini qimmatlashtiradi.
“AQShdagi ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar uchun yaxshi emas, chunki eksport mahsulotlari qimmatlashadi. Bu o’z navbatida shundoq ham katta bo’lgan savdo kamomadini yanada oshiradi. Shunday ekan, ikki yo’ldan birini tanlash kerak – inflyatsiya yoki savdo kamomadi”, - deydi Raynsh.
Uning aytishicha, dollar qadri uzoq muddat mustahkamlanishi AQShda odatda siyosiy qarama-qarshilikka olib keladi. Ya’ni Amerika mahsulotlarini global miqyosda raqobatbardosh qilish uchun Federal zaxira yana stavkalarni pasaytirishga majbur bo’ladi.
Piterson xalqaro iqtisodiyot institutidan Moris Obsfeldning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, kuchli dollar global iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.
“Global miqyosda dollarning kuchayishi sekinroq o’sish va savdo hajmi kamayishi demakdir. Xususan rivojlanayotgan davlatlar zarar ko’radi. Xomashyo narxi pasayishi uning eksportchilariga ziyon keltiradi”, - deydi u.
Xalqaro valyuta fondining sobiq bosh iqtisodchisi Obsfeld deydiki, dollar qudrati oshishi ayniqsa kambag’al mamlakatlarda talab va yalpi milliy daromad pasayishi bilan kuzatiladi.
“Rivojlanayotgan bozorlar qarzni mahalliy valyutada berishga qodir, lekin chet el valyutasida, dollarda qarz olish ham davom etayapti. Dollar ko’tarilganda bu qarzni qaytarish qimmatlashadi, mamlakatning moliya bozoriga zarba bo’ladi”.
Joriy sikl qancha davom etishi mumkin?
“Qisqa muddatda rivojlanayotgan davlatlar valyutalari dollarga nisbatan yanada qadrsizlanishishini kutish mumkin”, - deydi Obsfeld.
Kelasi olti oyda AQSh iqtisodiyoti retsessiyaga kirsa va markaziy bank stavkalarni pasaytirishni boshlasa, deydi u, va bunda boshqa davlatlar AQShdan ham yomonroq ahvolda bo’lmasa, dollar pasaya boshlashini kutish mumkin.