Ukrainadagi urushning beshinchi oyi yakunlanmoqda. Fuqarolik obyektlariga Rossiya hujumlari deyarli har kuni xabar qilinar ekan, Rossiyani terrorizm homiysi sifatida rasman belgilash uchun Bayden ma’muriyatiga bosim oshayapti.
AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi deydiki, agar Davlat kotibi Entoni Blinken bu borada qaror qabul qilmasa, qonunchilarning o’zi bu ishni bajaradi.
Rossiya allaqachon AQSh va boshqa davlatlar qo’ygan jiddiy sanksiyalar ostida. Ammo uni rasman terror homiysi deb tamg’alash yanada kuchliroq jazo rejimiga turtki beradi, Rossiyadagi shaxslar va kompaniyalar bilan biznesni davom ettirayotgan uchinchi davlatlarni ham qamrab oladi.
Bundan tashqari, bunday tamg’a Rossiyani AQShda suveren immunitetidan mahrum qilib, Ukrainadagi urushdan jabr ko’rgan amerikaliklarga Rossiya hukumati ustidan sudga arz qilishga yo’l ochadi.
Nensi Pelosi – AQSh hukumatini bunday qadamni tashlashga chaqirayotgan yetakchi qonunchilardan biri. Tashabbusni olg’a surayotgan yana ikki senator, Linzi Grem va Richard Blumental yaqinda Kiyevga safar qildi. Vakillar palatasida ham alohida qonun loyihasi muhokamada.
Biroq Bayden ma’muriyati hozircha Rossiyani terrorizm homiysi deb belgilashga tayyor emasdek. Avvalroq Davlat departamenti so’zlovchisi amaldagi sanksiyalar maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlagan edi.
Terror homiysi tamg’asi AQShdan tashqaridagi, Rossiya bilan hamkorlik qilayotgan uchinchi tomonlarga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar qo’yilishiga olib keladi. Bunday qaror urushni tugatish uchun Rossiyaga bosim o’tkazayotgan mamlakatlar koalitsiyasini ushlab turish sa’y-harakatlarini qiyinlashtirishi mumkin.
Buni ham ko'ring Ukraina-Rossiya: Tanaffus ketidan frontda janglar qayta avj olmoqdaYangi pretsedent
AQShning O’zbekiston va Ukrainadagi sobiq elchisi Jon Xerbtsning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Rossiya terrorizm homiysi deb atalishi uchun allaqachon “talablarni bajargani” shubhasiz.
“Siyosiy maqsadlar yo’lida tinch aholiga zo’ravonlik qilishni terrorizmning ta’riflaridan biri deb bilaman. Shunday ekan, Rossiya hukumati terror siyosatini olib borayotgani ayon”, - deydi u.
Ammo o’tmishda, deydi sobiq elchi, bunday ro’yxatga kiritilganlar ko’pi bilan mintaqaviy kuch hisoblangan davlatlar bo’lgan. Rossiyaning unga kiritilishi o’tmishdagi amaliyotdan keskin farq qiladigan, yangi pretsedent bo’ladi.
AQSh hozirda to’rt davlatni terror homiylari deb hisoblaydi – Kuba, Eron, Shimoliy Korey ava Suriya. Ilgari ro’yxatda Iroq, Liviya, Janubiy Yaman va Sudan ham bo’lgan.
Jon Xerbst fikricha, Bayden ma’muriyati Ukrainani qurol bilan ta’minlash masalasida “sekin va jur’atsiz” siyosat olib bormoqda. U Rossiyani terror homiysi deb belgilash taklifini qo’llab-quvvatlaydi, lekin ba’zi shartlar bilan.
“Taklifni yoqlayman, lekin men uchun bu prioritet emas. Qurol va sanksiyalar bo’yicha ishni eplab barajayotgan bo’lganimizda edi, tamg’aga hojat qolmasdi. Lekin bajara olmayapmiz, shuning uchun terror homiysi deb belgilashni foydali deb bilaman. Lekin umuman olganda bunday keskin instrumentlarni qo’llash emas, moslashuvchanlik tarafdoriman”, - deydi Xerbst.
Huquqshunos Ingrid Brank Vert esa Kremlni yanada qattiqroq jazolash uchun uni terror homiysi deb belgilashni ortiqcha qadam deb hisoblaydi. Rossiya, deydi u, shundoq ham sanksiyalarning kuchli bosimi ostida.
Xususan, amerikaliklarning Rossiyaga qarshi fuqarolik da’volari qanday oqibatlarga olib kelishi haqida o’ylash lozim, deydi u.
Bosim vositasi
Nazariy jihatdan amerikalik da’vogarlar zarar uchun pul undirish maqsadida sudga murojaat qilish huquqiga ega bo’ladi. AQSh banklarida Rossiyaning muzlatilgan mablag’lari bor.
Brank Vertning aytishicha, o’tmishda muzlatilgan aktivlar xorijiy hukumatlar bilan muzokarada bosim vositasi sifatida qo’llangan. Masalan, 1981-yilda Eron garovga olgan amerikaliklarni ozod etishda.
“Agar mablag’ni amerikalik da’vogarlarga bersak, Rossiya bilan muzokarada qo’llasa bo’ladigan vositadan ayrilamiz”, - deydi Vert.
Bundan tashqari, agar muzlatilgan pullar Amerika fuqarolariga to’lash uchun ishlatilsa, Ukraina hukumati va fuqarolari uchun kompensatsiya fondi kamayadi.
Buni ham ko'ring Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 148-kun tafsilotlariAQSh, deydi u, Rossiya aktivlariga ega yagona mamlakat emas. Agar boshqa hukumatlar ham AQSh ketidan o’z fuqarolariga sudga murojaat qilish huquqini bersa, Ukrainaga to’g’ridan-to’g’ri yordam ko’rsatish uchun ishlatilishi mumkin bo’lgan mablag’lar yanada kamayadi.
Zelenskayaning murojaati
Rossiyani jazolash uchun keyingi qadamlar muhokama qilinar ekan, shu hafta Ukraina prezidentining rafiqasi Olena Zelenskaya AQShga tashrif buyurdi va Kongressda nutq so’zladi.
Uning aytishicha, Rossiya “sababsiz bosqinchi terroristik urushi” bilan Ukraina xalqini yo’q qilmoqda.
“Sizdan qurol so’rayapman. O’zgalar yurtiga urush qilish uchun emas, balki o’z yurtimizni va tirik uyg’onish huquqini himoya qilishga kerakli qurollarni so’rayapman. Raketalar aravachada yotgan bolalarni o’ldirmasligi uchun bizga havo mudofaasi tizimlari kerak”, - dedi Zelenskaya amerikalik qonunchilarga murojaatida.
Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi deydiki, Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari urush olib borish chegarasidan ham o’tib, urush jinoyatlariga aylangan.