Putin Rossiya-Markaziy Osiyo sammitini o'tkazmoqchi

Sankt-Peterburg, 7-oktabr, 20222

70 yoshini nishonlagan Prezident Vladimir Putin uni qutlash uchun Sankt-Peterburgda yig’ilgan liderlarga Rossiya va Markaziy Osiyo ishtirokida tarixiy sammit kutilayotganini aytdi.

Putinga ko’ra, o’zaro diplomatik aloqalarning 30 yilligi munosabati bilan tashkil etiladigan bu tadbir kelasi hafta Qozog’istonda o’tadi. 14-oktabr kuni aslida u yerda Mustaqil davlatlar hamdo’stligining (MDH) rasmiy sammiti rejalangan.

Sankt-Peterburgga yo’l olishidan avval Prezident Shavkat Mirziyoyev Putinni “Oliy darajadagi Do’stlik” ordeni bilan taqdirladi.

Norasmiy sammitda O’zbekistonnikidan tashqari Armaniston, Belorus, Tojikiston, Qozog’iston, Ozarboyjon rahbarlari ham qatnashdi.

Bugungi yig'in Ukrainaga ochilgan urush tufayli izolatsiyaga olingan Rossiya va uning prezidenti bevosita yoki bilvosita qo’llashda davom etayotgan yaqin ittifoqchilarni to'pladi.

Qirg’iziston rahbari Sadir Japarov unda ishtirok etmadi. Bishkek bilan nizodagi Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon esa bordi.

Putunning norasmiy sammitdagi muhim bayonotlaridan yana biri MDH miqyosida rus tilini rivojlantirishga qaratilgan xalqaro tashkilot tuzish taklifi bo'ldi.

Avvalroq shunday tashabbus Qozog’iston Prezidenti Qosim-Jo'mart To’qayev tomonidan surilgan edi.

“Biz buning uchun Prezident To’qayevdan juda minnatdormiz. O’ylashimcha bu barcha uchun muhim, chunki rus tili davlatlararo muloqt tili hisoblanadi ”, - dedi Putin.

Bu yig’inda Ukrainadagi urush misolida MDH, xususan Markaziy Osiyoda yuzaga chiqayotgan to’qnashuvlar, bu ziddiyatlarni bartaraf qilish mexanizmlarini ishlab chiqishga ham to’xtab o’tilgan.

Ammo ayrim tahlilchilarga ko'ra, Tojikiston-Qirg’ziston o’rtasidagi ziddiyat alangalanishida Rossiyaning o’rni tobora yaqqolroq namoyon bo’lmoqda.

Sankt-Peterburgdagi uchrashuv paytida Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Qirg’izistonga norozilik notasi yubordi.

Bunga Putin tomonidan Prezident Rahmonning orden bilan taqdirlanishiga Qirg’iziston tomonidan bildirilgan munosabat sabab bo’lgan.

Sankt-Peterburg, 7-oktabr, 20222

Putin Rahmonni uchinchi darajadagi “Za zaslugi pered Otchestvom” (Vatan oldidagi xizmatlari uchun) ordeni bilan mukofotlab, Tojikiston prezidentining mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qo’shgan hissasini qayd etdi.

Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirlikligi matbuot kotibi Chingiz Kustabayev bu voqeani izohlar ekan, Rahmonning "mintaqaviy barqarorlikka qo’shgan hissasini" va uni taqdirlayotgan Rossiya maqsadini shubha ostiga olgan.

Tojikiston notasida “Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining bu izohi Qirg’izistonning Tojikistonga nisbatan agressiyasining haqiqiy sabablaridan jamoatchilikni chalg’itishga urinish” sifatida baholangan.

Sankt-Peterburgdagi norasmiy sammitda Tojikiston-Qirg’ziston o’rtasidagi ziddiyat bilvosita tilga olingan, ammo bevosita muhokama qilinmagan.

Qirg’iziston prezidentining bu yig’inga bormagani Rossiya yetakchiligidagi anjumanda ziddiyatga xolis yechim topilishiga ishonch yo'qligidan dalolat.

Ikki davlatning chegaradagi to’qnavuvlari keyingi hafta Rossiya-Markaziy Osiyo sammitida muhokama qilinishi mumkin.

Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan prezidentlar Mirziyoyev va To’qayev mintaqaviy ziddiyatlar yechimi yoki mexanizmi taklif qilingan yoki bu to’qnashuvni mintaqaviy sammitda muhokama qilishga doir biror tashabbus bilan chiqmagan.