Kongressda bir guruh demokratlar Prezident Jo Baydenni Ukrainaga nisbatan hozirgi siyosatni qayta ko'rib chiqib, Rossiya bilan bevosita muloqot boshlashga undamoqda.
Vakillar palatasidagi Progressiv demokratlar kengashi, 30 qonunchidan iborat jamoa fikricha, Ukrainani quvvatlash - to'g'ri qaror, ammo u yerdagi urushni tezroq tugatish kerak.
Rossiyani bu mojaroga barham berishga ko'ndirish global maydonda bu urush sabab vujudga kelgan muammolarni hal etish uchun ham zamin yaratadi, deya chaqirmoqda bu demokratlar.
"AQSh soliq to'lovchisining o'nlab milliard dollarini harbiy yordam uchun ajratgan qonunchilar sifatida o'ylaymizki, AQSh bu urushni to'xtatishdek buyuk mas'uliyatni ham his qilishi kerak. Buning uchun barcha imkoniyatlarni jiddiy ko'rib chiqishimiz kerak, jumladan Rossiya bilan to'g'ridan-to'g'ri muzokaraga kirishish lozim. Bu bilan Ukrainani ham himoya qilamiz, chunki tinchlik poydevorini quramiz", - deya yozadi qonunchilar.
Buni ham ko'ring Turkiya Rossiyaning "gaz habi" bo'lishga tayyor2022-yilning iyun oyida Oq uyda Prezident Baydendan Ukraina hududini Rossiyaga berib, tinchlikka erishishi mumkinmi, deya so'ralganida, har qanday murosa ehtimoli Ukrainaning o'ziga bog'liq, degan qabilda javob bergan edi.
"Qachondir qandaydir kelishuvga erishiladi. Lekin u nimadan iborat bo'ladi, buni hozir hech kim bilmaydi", - degan edi Bayden.
Oq uyni Moskva bilan dialogga undayotgan demokratlar ham Ukraina hozir biror murosa qilishi kerak demayapti, biroq ularga ko'ra, Vashington tinchlikka erishish uchun xalqaro hamjamiyatga yetakchilik qilishi zarur. Ular Oq uyga yozgan xatida Ukraina suveren, mustaqil va erkin davlat bo'lib qolishi kerak, deb ham alohida eslatgan.
Joriy yilning fevral oyida urush boshlanganidan beri AQSh Ukrainaga 60 milliard dollarga yaqin mablag' ajratgan. Bu pul gumanitar, iqtisodiy va harbiy yordam uchun sarflangan.
8-noyabrdagi saylovlar natijasida Kongressning har ikki palatasida siyosiy kuch o'zgarishi mumkin.
Buni ham ko'ring Rossiya Ukrainada AQSh va NATO bilan olishyaptimi?Demokratlar Ukrainaga yordamni oshiraverish tarafdori, ko'plab respublikachilar nazarida esa Oq uy hozirda Kiyevni "shartsiz quvvatlamoqda".
Lekin Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonnell deydiki, "Bayden ma'muriyati va ittifoqchilarimiz Rossiya agressiyasiga nisbatan yetarlicha javob bera olishi uchun Ukrainaga nimaiki zarur bo'lsa, ta'minlashi kerak".
Makkonnel og'ir va ilg'or qurollar, iqtisodiy ko'mak va insonparvarlik madadini nazarda tutmoqda.
Progressiv demokratlar kengashi nazarida esa hozirgi birlamchi vazifa yadroviy urushning oldini olishdir.
"Rossiya bilan til topishish, Ukrainaga bostirib kirgan davlatni to'g'ri yo'lga tushishi uchun hissa qo'shish bag'oyat og'ir vazifa", - deyiladi Prezident Baydenga yozilgan xatda.
"Biroq Amerika butun diplomatik kuchidan foydalanib, bunday maqsadga erisha oladi".