Ukrainalik Sergey Medvedov nasroniylar oilasida tarbiya topib, keyinchalik islomni qabul qilgan. Musa ismini olgan. Uning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, nasroniylik real hayotdan uzilgani uni musulmonchilikka yetaklagan.
“Dastlab, do’stim islomni qabul qildi. Men bungacha islom haqida hech narsa bilmasdim, AQShdagi 11-sentabr voqealarini inobatga olmaganda. Oilamizda otam ateist, onam nasroniy edi. Ateizim va nasroniylikdan xabardor edim. Muntazam bo’lmasa-da, cherkovga qatnab turardim. Lekin haqiqy dindorlik tuyg’usi yo’q edi. Buning sababini endi ravshanroq tushunyapman, chunki nasroniylik real hayotdan uzilgan. Onam islomga kirishimga jiddiy qarshi bo’ldi. Diningni sotding, deganini eslamayman, ammo sen endi terrorchiga aylanding; bizlarni o’ldirishni boshlaysan, degan bo’lmag’ur gaplarini eslayman”, - deya hikoya qiladi Musa.
U Kiyev yaqinidagi machitda ba’zan imomlik ham qiladi, juma ma’ruzasi o’qiydi. Lekin jumada ma’ruza qilish unga har doim ham yoqavermaydi, ko’proq boshqalarining ma’ruzasini eshitish ma'qul.
“Jumaning xosiyatlari ko’p - jamoa namozi, muloqot, muhokama, muhim voqealar bo’yicha imomning tavsiyalarini eshitish. Men islomni qabul qilgan Krivoy Rogda musulmonlar juda kam edi. Asosiy vaqtni mutolaa bilan o’tkazardim, imom Buxoriyning hadislarini o’qish juda yoqardi”.
Musa Markaziy Osiyo musulmonlari hayoti va mintaqadagi ahvolni kuzatadi.
“Markaziy Osiyodagi vaziyat haqida bilganlarim - Qirg’iziston va O’zbekiston rejimlari o’rtasidagi farq. Qirg’izistonda mumkin narsa O’zbekistonda mumkin emas. Men Madinada uchratgan o’zbekistonlik talabalar bu yerda o’qishimning o’zi vatanga qaytishga taqiq qo’yadi, deyishardi. Bu xuddi Putinning Ukrainaga bostirib kirishga o’xshaydi. U buning uchun Ukrainada millatchilar borligi haqidagi uydirmani o’ylab topdi. Karimov ham shunday qilgandi. Hokimiyatini saqlab qolish uchun islomiy terrorchilar, ekstremistlarni o’ylab topdi; soqolga, islomiy amallarga taqiqlar qo’ydi”, - deya fikrlaydi suhbatdosh.
Musaning ta’kidlashicha, Ukrainadagi urush islomni aralashtirish to’g’ri emas. Rossiyada ulamolar jihodga doir chaqiriqlar bilan chiqayotganidan u xavotirda.
“Ukrainadagi urush, umuman olganda, ikki nasroniy davlat o’rtasida ketyapti. Putin Ukrainani, ukrainlarni tiz cho’ktirmoqchi. Bu yerda islomiy chaqiriqlar o’rinsiz, ayniqsa bu urushning jihodga qiyoslanishi. Buning uchun nufuzli ulamolar fatvosi, islom davlati yetakchisi bo’lish kerak. Nima o’z vaqtida chechen musulmonlarini qirgan Putin islom davlati amiriga aylandimi? Bular hammasi bo’lmag’ur gaplar. Bu urushda jihodga o’rin yo’q. Putin harbiy jinoyatchi, chunki u tinch ahiolini o’ldirdi, shunga muvofiq jazolanishi kerak”, - deydi Musa.