AQSh va Fransiya: Urush tugashi uchun Rossiya Ukrainani tark etishi kerak

  • Amerika Ovozi

AQSh va Fransiya urushga muzokara yo’li bilan yakun yasash uchun Ukrainaga hech qachon bosim o’tkazmaydi. Bu haqda prezidentlar Jo Bayden va Emmanuel Makron matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Jo Bayden va birinchi xonim Jill Bayden Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va uning rafiqasi Brijit Makronni Oq uyda kutib oldi. Bu Bayden saylanganidan buyon xorijiy davlat rahbarining ilk davlat tashrifi.

Muhokama qilingan asosiy mavzu – Rossiya Ukrainaning energetik tizimini barbod qilayotgan bir paytda, Ukrainani qo’llab-quvvatlash.

Jurnalistlar AQSh rahbaridan urushni tugatish uchun Prezident Putin bilan gaplashgan bo’larmidingiz, deb so’radi.

“Hozirda janob Putin bilan aloqaga chiqish rejam yo’q. Rossiya rahbari bilan gaplashishga tayyorman, agar unda haqiqatan urushni tugatishga qiziqish bo’lsa. Hozirgacha u bunday niyati borligini bildirgani yo’q. Agar bildirsa, NATO tashkilotidagi do’stlarimiz bilan maslahatlashib, Putin nima xohlashishi ko’rish uchun u bilan muzokara qilaman”, - deya javob berdi Bayden.

Kreml AQSh prezidentining bu bayonotiga munosabat bildirdi.

“AQSh Rossiya Federatsiyasining yangi hududlarini tan olgisi yo’q. Bu albatta muzokara uchun zamin yaratish, til topishish jarayonini qiyinlashtiradi. Rossiya o’z oldiga qo’ygan maqsadlarga erishish uchun Prezident Putin barcha tomonlar bilan muzokaraga ochiq va tayyor”, - deydi Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Emmanual Makron ayrim savollarga inglizcha javob berdi. Bayden sizdan urushga yakun yasash uchun Ukrainani Rossiya bilan muzokaraga ko’ndirishni so’radimi, deb so’rashdi undan.

“Ikkinchi savol bo’yicha shuni aytmoqchimanki, biz hech qachon ukrainlarni ular uchun maqbul bo’lmagan murosaga ko’nishga undamaymiz. Chunki ular jasur, o’z hayotini, millatini, bizning qadriyatlarni himoya qilmoqda. Bunday tinchlik hech qachon barqaror bo’lmaydi”, - deydi Fransiya rahbari.

Yevropa Ittifoqi, jumladan Fransiya, AQSh toza energiya sektorida o’z kompaniyalariga subsidiyalar ajratib, biz bilan maslahatlashmadi, deya shikoyat qilmoqda. Ammo Bayden va Makron ittifoqchilik mustahkam va Rossiyaga qarshi birga harakat qilamiz, deya va’da bermoqda.

Respublikachi senator Jeyms Rishning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Bayden Ukraina uchun so’rayotgan yana 38 milliard dollar shu yili ovozdan o’tishi mumkin.

“Yangi yordam paketi byudjet loyihasiga kiritilgan. Putinga signal shuki, Ukrainani tashlab qo’ymaymiz, ko’mak ajratishda davom etamiz. Ukraina urushda g’alaba qozonmaguncha biz u bilan yonma-yon turamiz. Bu ishni tugatamiz”, - deydi senator.

Demokrat senator Jin Shahinga ko’ra, urush natijasi nafaqat Qo’shma Shtatlar va uning ittifoqchilari uchun muhim.

“Raqiblarimiz, biz bilan raqobatda bo’lgan davlatlar, Xitoy, Eron, Shimoliy Koreya urush qanday tugashini, kim g’alaba qilishini kuzatib turishibdi. Vladimir Putinni javobgarlikka torta olamizmi, yo’qmi, bu ham muhim masala”, - deydi qonunchi.

Oq uy Ukrainani Rossiya bosqiniga qarshi turishda qancha vaqt kerak bo’lsa, shuncha quvvatlashini aytib kelmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 2-dekabr, 2022