AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Qozog'iston va O'zbekistonga otlanar ekan, Bayden ma'muriyati bu ikki respublika bilan strategik sheriklikni qadrlashini, ikkitomonlama va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish payida ekanini ta'kidlamoqda.
Blinken Ostonada 28-fevral kuni Qozog'iston rahbariyati bilan uchrashadi, shuningdek, Markaziy Osiyoning besh mamlakati tashqi ishlar vazirlari bilan C5+1 formatidagi navbatdagi dialogni o'tkazadi. Bu yig'in Blinkenning to'rtinchi shunday muloqoti bo'ladi. Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston bosh diplomatlari bilan shu doirada hamda yuzma-yuz gaplashib olinadi. So'ngra Blinken Toshkentga yetib borib, O'zbekiston rahbariyati bilan ko'rishadi.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganiga bir yil to'lgan paytda Bayden ma'muriyatining region hukumatlariga asosiy gapi, deydi Blinkenning Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Donald Lu, "AQSh sizning ishonchli hamkoringiz va shunday bo'lib qoladi... Biz sizning mustaqilligingiz, suverenitet va hududiy yaxlitligingizni quvvatlashda davom etamiz. Siz bilan serqirra hamkorlik yo'lidan boramiz".
Buni ham ko'ring C5+1: Markaziy Osiyo-AQSh orasidagi bugungi nozik masalalarLu deydiki, Bayden ma'muriyati Markaziy Osiyo ahli uchun o'tgan bir yil yanada qiyin davr bo'lganini biladi: oziq-ovqat va yonilg'i qimmatlashdi, ishsizlik kengaydi, eksport qiyinlashdi, Rossiyadagi mehnatkashlar qayta vataniga boshladi.
Davlat kotibi muovinining aytishicha, Blinken Ostona va Toshkentda fuqaro jamiyati faollari va yoshlar bilan davra suhbatlari rejalagan.
"Biz Markaziy Osiyo hukumatlarining Rossiya bilan hamkorliklarini va ularning Ukrainadagi urush yuzasidan pozitsiyalarini tushunamiz", - deydi Lu.
Ostona va Toshkent o'z yondashuvini Vashingtonga bildirib keladi. Har ikkisi Ukrainaga insonparvarlik yordami uzatgan. Donetsk va Lugansk, ular nazarida, Ukraina hududlari va Rossiya da'vo qilayotganidek mustaqil respublikalar emas.
"Ukrainadagi urush haqida har jihatdan bir fikrda emasdirmiz, ammo biz kabi ular ham bu mojaro tezroq tugab, BMT nizomida muhrlangan tartib asosida ish tutilishini istashadi", - deydi AQShning mintaqa bo'yicha bosh diplomati.
Moskva va Pekin - Markaziy Osiyoda eng katta siyosiy va iqtisodiy ta'sir kuchiga ega tomonlar. Lu deydiki, Vashington biror sherigidan Rossiyani yoki Xitoyni emas, AQShni tanlashni talab qilmaydi.
"Biz ularga Amerika nima taklif qila olishini aytamiz",- deydi diplomat, o'z davlatining unikal siyosiy, iqtisodiy va madaniy xususiyatlariga urg'u berarkan.
Luning tushuntirishicha, Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalar u bilan yaqindan biznes qiladigan Qozog'iston va O'zbekistonga salbiy ta'sir qilmasligi uchun hukumatlar bilan texnik maslahatlashuv yo'lga qo'yilgan.
Buni ham ko'ring AQSh Davlat kotibi muovini: "Markaziy Osiyoda suverenitet va mustaqillik uchun sarmoya qilamiz"Qozog'iston neftini bemalol jahon bozoriga chiqara olishi, uning banklari xalqaro tizimlardan uzilib qolmasligi uchun maxsus choralar ko'rilgan, deydi diplomat.
"Sanksiyalar Ukrainaga urush ochgan Rossiyaga va uning rahbari Vladimir Putinga qaratilgan. Markaziy Osiyo ulardan ziyon ko'rishini aslo istamaymiz".
Lu eslatadiki, hukumatlar ham o'z iqtisodiga zarar yetmasligi uchun harakat qilishi kerak, Vashington bu borada yordamga tayyor.
Amerika joriy yilda mintaqa ravnaqi uchun 41,2 million dollar ajratgan, xususan oziq-ovqat xavfsizligi, eksportni oshirish, xususiy sektor kengayib, ish o'rinlari ko'payishi uchun.
Blinkendan regionda boshqa e'lonlar ham bo'lishi mumkin.
"Markaziy Osiyoning har bir mamlakatida inson huquqlari himoyasiga prioritet deb qaraymiz. Bunda biz qochqinlar, boshpana so'rayotganlar, LGBTQ, xotin-qizlar va boshqa hammaning erkinliklari targ'ibotini nazarda tutamiz", - deydi AQSh rasmiysi.
Qozog'istonda Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev, O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy farovonlik qatorida xalqqa siyosiy va ijtimoiy islohotlar va'da qilgan. Har ikkisi qiynoqlarga chek qo'yishga so'z bergan.
Davlat departamenti Kongressga yillik hisobotlarida har ikki mamlakatda huquqbuzarlik hamon keng ekani, organlar fuqarolarning uzviy huquqlarini buzib kelayotgani, qonun ustuvorligini ta'minlash uchun hali ko'p ishlar qilinishi zarurligi, Amerikaning bu jabhalardagi yordami xususida ma'lumot berib keladi.
Buni ham ko'ring AQSh elchisi: O'zbekiston demokratik yo'lini o'zi belgilaydi, lekin qadriyatlarimiz o'zgarmasLu Qozog'istonda 2022-yilning boshidagi g'alayonlarda hibsga olinganlarni qiynoqqa solgan bir necha mutasaddi qamoq jazosiga mahkum etilganini qayd etib, hukumatni adolat tomon yanayam katta qadamlar tashlashga undaydi.
Amerika O'zbekistonda ham sudlar hamon mustaqil emasligi, huquq-tartibot tizimlarining ishi aksariyat hollarda shaffof emasligi, tizimda hisobdorlik va mas'uliyat darajasi pastligini kuzatadi.
Lu 24-fevral kuni jurnalistlar bilan savol-javob qilar ekan, O'zbekistonda majburiy mehnatga qarshi sistematik choralar samarasini maqtab, islohotlar natijasi yaqqol sezilishi kerak, dedi.
Blinken Ostona va Toshkentdagi so'zlashuvlarida bu masalalarga alohida to'xtalishi kutilmoqda.
Davlat departamenti bayonotida Afg'oniston tilga olinmagan, ammo ayniqsa O'zbekiston qo'shni davlatdagi vaziyatga e'tibor qaratib, Bayden ma'muryatini hamkorlikni oshirishga undashi kutilmoqda.
Ostonada C5+1 sammitida ham mintaqaning barcha respublikalari diplomatlari AQSh davlat kotibidan Tolibonga nisbatan yondashuvi haqida so'rashi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5