AQSh: Markaziy Osiyo bo'ylab inson huquqlari hamon xarob ahvolda

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat departamenti, Vashington

50 yildirki, AQSh Davlat departamenti inson huquqlari xalqaro maydonda qay ahvolda ekani haqida yillik hisobot chiqaradi. Tahlilnoma Kongress va Amerikaning boshqa organlari uchun, shuningdek, butun jahon ahli e'tiboriga taqdim etiladi. Bu yilgisida 198 davlatdagi vaziyat sarhisob qilinadi.

Davlat kotibi Entoni Blinken deydiki, mazkur hujjat Vashingtondagi mutasaddilar va dunyo bo'ylab ishlaydigan elchixonalardan olingan ma'lumotlarga tayangan holda yoziladi. Huquq tashkilotlari, himoyachilar va faollar, tadqiqotchilar va jurnalistlar bergan axborot Davlat departamenti tomonidan elakdan o'tkazilib, eng ishonchli tarzda beriladi, deydi Blinken.

Uning qayd etishicha, Ukraina, Eron, Xitoy, Myanma, Afg'oniston, Janubiy Sudan, Suriya, Kuba, Belarus, Venesuela, Kambodja singari mamlakatlardagi huquqbuzarliklar o'tgan bir yil ichida o'ta sistematikligi bilan ajralib turgan. Vashington bu davlatlardagi siyosatni qoralaydi.

"Biroq inson huquqlari himoyachilari jasorat ko'rsatib, adolatsizliklar, korrupsiya va boshqa qora ishlarni fosh etib, oshkoralik va mas'uliyatli boshqaruvni talab qilishda davom etayapti", - deydi Blinken.

Bayden ma'muriyati jinsiyati uchun fuqarolarni jazolaydigan, ularni o'z istamagan tarzda yashashga zo'rlaydigan, xususan gomoseksual shaxni gеtеroseksual insonga aylantirishga bel bog'lagan hukumatlarga nisbatan chora ko'radi, deydi davlat kotibi. Prezident Jo Bayden bu borada o'tgan yili farmon chiqargan.

"Demokratiya, uzviy erkinliklar va mehnat huquqlari bir-biriga chambarchas bog'liq",- deydi Blinken.

29-30 mart kunlari Oq uy Kosta Rika, Gollandiya, Janubiy Koreya va Zambiya hukumatlari bilan hamkorlikda Demokratiyalar sammitiga mezbonlik qiladi.

"Inson huquqlari bo'yicha umumbashariy deklaratsiyada aytilganidek, inson borki, erkin va teng. Bizning hisobotimiz butun insoniyat ravnaqi uchun xizmat qiladi", - deydi AQSh bosh diplomati.

Vashington Markaziy Osiyodagi bugungi siyosiy tuzumlarni qanday ta'riflaydi?

Inson huquqlari hisobotida besh respublikadan birortasi o'z bosh qomusiga belgilanganidek demokratik yoki hatto biror yo'nalishda erkin deb baholanmaydi.

🇺🇿 "Konstitutsion respublika sifatida O'zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev va uning sheriklari tomonidan boshqariladigan siyosiy tizimdir."

🇰🇿 "Qozog'iston hokimiyat asosan prezident qo'lida bo'lgan konstitutsion respublikadir".

🇹🇯 "Tojikiston 1992-yildan beri Prezident Emomali Rahmon va uning tarafdorlari yuritib kelayotgan avtoritar davlatdir".

🇰🇬 "Qirg'iziston 20221-yildan buyon prezident boshqaruviga asoslangan davlatdir".

🇹🇲 "Konstitutsiyaga ko'ra, Turkmaniston dunyoviy demokratiya bo'lishi kerak, ammo Prezident Serdar Berdimuhamedov, sobiq prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning o'g'li, mamlakatni har jihatdan nazorat qiladi".

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken, Davlat departamenti, Vashington, 20-mart, 2023

O'zbekiston

36 milliondan ko'proq aholiga ega O'zbekistonda davlatning barcha organlari prezidentga bo'ysunadi. 2022-yilda ham respublikada fuqarolarni noqonuniy qo'lga olish, ularning organlar tomonidan o'ldirilish va qiynoqqa solinish hollari kuzatilgan.

2022-yilning iyul oyida Qoraqalpog'istonda konstitutsion o'zgarishlarga qarshi namoyishlar paytidagi huquqbuzarliklar, huquq tartibot organlarining hozirgacha javobgarlikka tutilmagani, 21 kishining o'limida faqat namoyishchilar ayblanib sudlangan. Bayden ma'muriyati O'zbekiston hukumatini shaffoflik va adolatni ta'minlashga chaqirmoqda.

Davlat departamenti quyidagilarni O'zbekistondagi eng og'ir muammolar deb qayd etadi:

Siyosiy mahbuslar, xorijdagi fuqarolarga bosimlar va ularni hibsga olish, sudlarning mustaqil emasligi, shaxsiy hayotga aralashish, so'z va matbuot erkinligini buzish, senzura, matbuotni haqoratda ayblab sudlashga zamin yaratuvchi qonunlar, internet erkinligini cheklash, fuqarolarga norozilik namoyishiga chiqishga yo'l qo'ymaslik, uyushish va fuqaro jamiyatiga aylanishga ruxsat bermaslik, siyosiy tanqidga toqat qilmaslik, odamlarni qiynoqqa solinishi mumkn bo'lgan mamlakatlarga zo'rlab yuborish, erkin va adolatli saylovlarga imkon bermaslik, siyosiy faollikni tazyiqqa olish, korrupsiya, jinsiy zo'ravonlikni tergov qilmaslik, jinsiy va reproduktiv salomatlik yo'lida to'siqlar qo'yish, gomoseksuallikka jinoyat sifatida qarash va kasaba uyushmalarining erkin ishlashiga qarshilik qilish.

Hukumat qilmishlari uchun ko'p jihatdan javob bermaydi, deyiladi hisobotda. Ayrim mutasaddilar korrupsiya va huquqbuzarlikda gumon qilinib, tekshirilsa-da, tizimda mas'uluyat va javobgarlik dajarasi juda past.

Qirg'iziston

Markaziy Osiyoning boshqa qismlarida bo'lgani kabi Qirg'izistonda ham fuqaro boshqaruvi xavfsizlik tizimi ustidan to'liq nazoratni hanuz ta'minlay olmagan.

AQSh nazarida bu mamlakatdagi eng jiddiy muammolar: huquq tartibot organlari tomonidan qiynoqlar, qamoqxonalardagi xalqaro me'yorlarga javob bermaydigan sharoit, sudning mustaqil emasligi, so'z va matbuot erkinligining cheklangani, senzura va jurnalistlarga nisbatan bosim va zo'ravonlik, nohukumat tashkilotlarga bemalol ishlash uchun yo'l bermaslik, hukumatdagi korrupsiya, jinsiy zo'ravonlik, seksual jihatdan ozchilikdagi guruhlarga tazyiq, antisemitizm, ishchilarga birlashishni cheklash va bolalar mehnati.

Qariyb 7 million aholili Qirg'izistonda hukumat o'tgan bir yil mobaynida turli idoralarning huquqbuzar va qonunbuzar xodimlarini javobgarlikka tutish borasida dadil qadamlar tashlagan, deyiladi hisobotda, ammo mutasaddilarning jazodan qochish hollari hamon juda keng.

Qozog'iston

2022-yilda Qozog'iston hukumati bir necha yuqori darajali insonlarni sudga tortgan, shuningdek, qiynoqlarda ayblangan mutasaddilar qonun oldida javob bergan. Biroq korrupsiya chuqur ildiz otgani bois mas'uliyatdan qochish oson, hatto ular huquq tartibot organlarining xodimlari bo'lsa-da, deyiladi Davlat departamenti tahlilnomasida. 2022-yilning yanvarida Almati va boshqa shaharlardagi qo'zg'olon, uning kuch bilan bostirilgani, yuzlab insonlar hibsga olingani, panjara ortidagi qiynoqlar va boshqa jinoyatlar, hozirgacha adolat ta'minlanmagani, voqealar mustaqil tekshirilmagani keskin tanqid qilinadi.

19 milliondan ziyod aholili Qozog'istonda bevosita hukumat va amaldagi siyosat bilan bog'liq eng og'ir muammolar: fuqarolarning organlar tomonidan asossiz qiynoqqa solinishi va o'ldirilishi, hibsxona va qamoqxonalarning xarob ahvolda ekani, noqonuniy qamashlar, siyosiy mahbuslar va mahkumlar, chetdagi fuqarolarni tazyiqqa olish, yashirin va zo'rlab vatanga qaytarish, sudlarning rahbariyatga tobeligi, matbuot va so'z erkinligi cheklangani, jurnalist va blogerlarga bosimlar, internet erkin emasligi, fuqarolarning birlashishiga to'siqlar, davlat darajasidagi korrupsiya, bolalar mehnati va kasaba uyushmalarining mustaqil ishlay olmasligi.

Inson huquqlari hisobotida besh respublikadan birortasi o'z bosh qomusiga belgilanganidek demokratik yoki hatto biror yo'nalishda erkin deb baholanmaydi

Tojikiston

10 millionga yaqin aholiga ega Tojistonda hukumat fuqarolarni asossiz o'ldirgan xodimlar jazolanadi, deb bong ursa-da, bunday holatlar tergov qilinmaydi. O'tgan bir yil ichida mutasaddilarning bunday harakatlari biror joyda tekshirilmagan.

Bu respublikada ham qo'shnilardagi kabi sistematik muammolar: Siyosiy motivlar bilan hibsga olish, o'zgar davlatlardagi fuqarolarga bosim va ularni vatanga zo'rlab olib kelish, sudlar mustaqil emasligi, shaxsiy daxlsizlik bilan bog'liq huquqlarning buzilishi, so'z va matbuot erkinligi cheklangani, senzura, internet erkinmasligi, fuqarolarga norozilik namoyishiga chiqishga ruxsat bermaslik, fuqaro jamiyatiga aylanishga to'siqlar, hukumatga nisbatan tanqidga jinoyat deb qarash, erkin va adolatli saylovlarga imkon bermaslik, korrupsiya, jinsiy zo'ravonlikka ko'z yumish, gomoseksual va boshqa toifadagi odamlarni jinoyatchi deb hisoblash va kasaba uyushmalarini hukumatga bo'ysundirish.

Turkmaniston

Aholisi 6,5 millionga yaqinlashgan Turkmanistonda ham 2022-yilda biror mutasaddi korrupsiya yoki huquqbuzarlikda ayblanib, sudlanmagan. Bunday qilmishlar uchun tizimda hech kim javobgarlikka tutilmagan, deya xulosa qiladi Davlat departamenti.

Mamlakatda kuzatiladigan eng jiddiy kamchiliklar: fuqarolarning bedarak ketishi, mahbuslarning qiynoqqa solinishi, hibsxona va qamoqdagi noinsoniy munosabat, panjara ortidagi sharoitning xalqaro normalarga mos emasligi, asossiz qamash, siyosiy sabablarga ko'ra ushlab turish, xorijdagi fuqarolarning hukumat tomonidan majburan olib kelinishi, sud tizimi boshqaruvga tobe ekani, so'z va matbuot erkinligining yo'qligi, doimiy tazyiq va bosimlar, internet erkin emasligi, nohukumat tashkilotlar bemalol ishlashi uchun zarur muhit yaratilmagani, diniy erkinlik cheklangani, xorijga chiqib kelish qiyinligi, erkin va adolatli saylovlar o'tkazish mumkin emasligi, siyosiy faollikka davlatga qarshi jinoyat deb qarash, jinsiy zo'ravonlik, majburiy mehnat, bolalar mehnati, bir jinsdagi odamlar orasidagi aloqani jinoyat deb baholash, ishchilarning birlashishi va umuman fuqarolarning uyushishiga yo'l qo'ymaslik.