Qozog'iston: "Markaziy Osiyo shaxmat doskasi emas"

Qozog'iston poytaxti Ostonadagi Abu Dabi Plaza binosi bulutlardan ham baland

O'zini Markaziy Osiyoning iqtisodiy va siyosiy lideri deya tanishtiruvchi Qozog'istonning AQShdagi elchisi Yerjan Ashikbayev so'zlariga ko'ra, bugun nafaqat uning hukumati, balki butun mintaqa g'arb va sharq bilan birdek konstruktiv aloqa qilishga bel bog'lagan.

"Yaqin qo'shnilar - yirik davlatlar bo'lmish Rossiya va Xitoy bilan hamkorligimiz biz uchun bag'oyat muhim. Ammo davlatlarimiz uzoqdagi sheriklarini ham qadrlaydi. Barqarorligimiz va farovonligimizni ta'minlashda Amerikaning ham hissasi beqiyos ekanini e'tirof etamiz", - deydi Ashikbayev Vashingtondagi Kennan institutida kechgan anjumanda.

Uning elchixonasi tashabbusi bilan tashkil etilgan yig'in AQShning sobiq va amaldagi yuqori lavozimli rasmiylari va mutaxassislari ishtirokida kechdi.

Qozog'iston - AQSh bizneslari mintaqada eng ko'p sarmoya kiritgan mamlakat. Qariyb 50 milliard dollar to'g'ridan-to'g'ri investitsiya asosan neft sanoatidadir. Vashington va Ostona, shuningdek, azaldan strategik sheriklar va global yo'nalishlarda maslakdosh.

Qozog'istonning AQShdagi elchisi Yerjan Ashikbayev

Yaqin kelajakda Prezident Qosim-Jo'mart To'qayevning Vashingtonga tashrifi kutilmoqda. Kuni hali aniq emas. To'qayev oldingi lavozimlarida, jumladan bosh vazir va tashqi ishlar vaziri sifatida Amerika poytaxtida ko'p marta bo'lgan.

Shu yilning fevral oyida AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Ostonada bo'lganida, To'qayev Bayden ma'muriyatiga ishonishini va Oq uy bilan yangi kelishuvlarga tayyor ekanini bildirgan.

Joriy yilda diplomatiya tezlashib, Ostona va Vashingtonda hamkorlikning yangi sahifalarini ochish haqida muloqot ketmoqda.

Kennen institutidek aql markazida yarim kunlik konferensiya ham shu dialogning bir qismi. Unda Oq uy, Davlat departamenti va boshqa organlardan sobiq va amaldagi mutasaddilar qatnashdi, qolaversa ekspertlar so'zladi.

Elchi Ashikbayev deydiki, "Markaziy Osiyo shaxmat doskasi emas".

Qozog'iston diplomati bu gapi bilan uning va mintaqadagi qolgan respublikalarning yirik davlatlar qo'lida o'yinchoq emasligi, birortasi bunday holatga tushishini istamasligi va AQSh, Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, xususan, Markaziy Osiyoning o'ziga xos bir mintaqa ekanini tan olishi lozimligini uqtirmoqda.

"Biz - individual mintaqamiz. Bizning ham o'z manfaatlarimiz, imkoniyat va istaklarimiz bor. Xalqaro hamjamiyat, har tarafdagi hamkorlarimiz bizga shundan kelib chiqqan holda yondashishi kerak", - deydi Ashikbayev.

Uning nazarida Vashington buni anglay boshlagan va mintaqaviy strategiyasini yangilash ustida bosh qotirmoqda. Katta Yettilik ham shu yo'ldan bormoqda, deydi elchi.

Ashikbayevga ko'ra, mintaqa transformatsion jarayonlarni boshdan kechirmoqda.

"Markaziy Osiyoning kuchi - birlikda va hamkorlikda. Bu borada qattiq ishlashimiz lozim".

Elchi bu bilan siyosiy hamjihatlikni mustahkamlash, o'zaro savdoni oshirish, transport va aloqa tizimlarini kengaytirish, xavfsizlik va mushtarak masalalarda regional hamkorlikni kuchaytirishni nazarda tutmoqda.

Oq uy sobiq rasmiysi Liza Kurtis deydiki, Markaziy Osiyo davlatlari siyosiy jihatdan isloh qilinishi kerak

Donald Tramp prezidentligi davrida Oq uyda unga Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha maslahat bergan Liza Kurtis deydiki, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi geosiyosiy burilish bo'lib, G'arbga dunyoning bu qismlariga real yordam zarurligini eslatdi. Amerika o'z manfaatlarini himoya qilish uchun ham ularga ko'maklashishi kerak, deya undaydi u.

Kurtis hukumatda ishlayotgan paytda Markaziy Osiyo asosan Afg'onistondagi harbiy missiya sabab muhim edi. Hozirda esa aggressor Rossiyani chekintirish uchun AQSh mintaqa bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi zarur, deya mulohaza yuritadi u.

"Biroq yangicha sheriklik qanday shakllanishi ko'proq Markaziy Osiyo hukumatlarining irodasi va g'ayratiga bog'liq", - deydi Kurtis.

Ya'ni ular Rossiya bilan aloqalarni nimalardan voz kechishga tayyor? G'arbning shartlariga qanchalik hozir?

Kurtis mintaqa hukumatlarini islohotlar qilishga, demokratik institutlarni rivojlantirishga, inson huquqlarini ta'minlashga, sudlar mustaqilligi va matbuot erkinligi uchun yo'lni kengroq ochishga, fuqaro jamiyati shakllanishi uchun zamin yaratishga undamoqda.

Oq uy sobiq rasmiysi Erik Grin deydiki, Markaziy Osiyo davlatlari birdam ekanini isbotlashi kerak

Yaqingacha Bayden ma'muriyatida, aynan Oq uyda Milliy xavfsizlik kengashida Rossiya va Markaziy Osiyo idorasini boshqargan Erik Grin deydiki, ayni damda Rossiyaning nufuzi tushib bormoqda va buyog'iga ko'tarilishi amri mahol.

"Davlatlar Moskvadan uzoqlashish ilinjida, ammo bu oson kechmaydi. AQSh imkon qadar madad ko'rsatishi kerak", - deydi Grin.

U va boshqa sobiq rasmiylar Vashington katta va'dalar bermasligi va bera olmasligini ham qayd etadi. Nimaiki taklif qilinadigan bo'lsa, Kongressga asoslab berilishi va qonunchilar tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Bir narsa aniq, deydi Grin, Qozog'istondek neftga tayanib qolgan iqtisodiy tizim isloh qilinmasa, ijobiy o'zgarishlar bo'lmaydi. Siyosiy-iqtisodiy islohotlar reallashishi, tezlashishi talab qilinadi.

O'zbekistonda ham shu, deydi Grin. Islohotlar jadallashmasa, bu tomondan ham harakat shunga yarasha bo'ladi, deydi Grin.

"Mintaqaviy birdamlik ham sezila boshlashi shart. Alohida regionmisiz, demak, buni ko'rsata olishingiz kerak", - deydi Grin.

O'zbekistonning AQShdagi yangi elchisi Furqat Sidiqov deydiki, qo'shnilar bilan yaqindan ishlash - Mirziyoyev tashqi siyosatining birlamchi maqsadi

O'zbekistonning AQShdagi yangi elchisi Furqat Sidiqovning anjuman qatnashchilariga aytishicha, Markaziy Osiyoni har jihatdan kuchaytirish va mintaqaviy hamkorlikni oshirish, qo'shnilar bilan rishtalarni taraqqiy ettirish - Mirziyoyev tashqi siyosatidagi birlamchi masala.

"Biz qo'shnilarimiz bilan eng yaqin hamkorlar bo'lishni istaymiz va shu yo'lda qattiq ishlayapmiz. Bugunga kelib, o'zaro tijorat misli ko'rilmagan darajada oshgan. Savdomiz yetti karra, sayyohlar oqimi esa besh karra ko'paydi. Qatnovlar kengaygan. Biz allaqachon qator yutuqlarga erishdik", - deydi Sidiqov.

AQSh Davlat kotibining Energetika masalalari bo'yicha muovini Jeffri Payat deydiki, u mintaqada eng ko'p muloqot qiladigan davlat, shubhasiz, Qozog'istondir.

"Chunki bu mamlakat o'zida men shug'ullanadigan barcha muammolar va yo'nalishlarni mujassam etgan", - deydi Payat.

AQSh Davlat kotibining Energetika masalalari bo'yicha muovini Jeffri Payat

Markaziy Osiyoni yadroviy chiqindilardan tozalashda va mintaqaning atom qurollaridan xoli bo'lishida yetakchilik qilgan Qozog'iston bugungi kunda ham regional va global namuna, deydi rasmiy. Payat - Vashingtonning Kiyevdagi sobiq elchisi.

"Davlat kotibi Entoni Blinken mintaqadagi besh respublika bilan sidqidildan ishlamoqda. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, haqiqatan, hamma narsani o'zgartirdi, deya olamiz. Bugungi e'tiborimiz o'zgacha va yangicha".

Biroq bu amalda nimani anglatadi? Turkmaniston ham energetik jihatdan boy davlat va uning tabiiy gazining 75 foizi bugun Xitoyga ketadi. U va qo'shnilar uchun Pekin va Moskva bilan biznes - hayot-mamot masalasi. G'arb bu tobelikdan qutulish uchun nima taklif qilmoqda?

Kennan institutidagi yig'inda Payat va boshqa mutasaddilar bu savollarga konkret javoblar bermadi. Ularga ko'ra, qanday qadamlar tashlanishi Markaziy Osiyo hukumatlari bilan bir yoqadan bosh chiqargan holda hal etiladi.

"Biz har sohada ishlashga tayyormiz, iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi kurashdan tortib, sistematik islohotlargacha", - deydi Payat.

"Bilamizki, biror muammo bu davlatlar bilan quruq gap emas. Ular energetika va oziq-ovqat ta'minoti uzilmasligini, ekologik tahdidlardan saqlanishni, tinchlikni asrab-avaylashni istaydi. Amerikaning ham xohishi shu".