Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo’mitasiga ko’ra, Mustaqillik bayrami arafasida Afg’onistondan Tojikistonga o’tgan qurolli shaxslar yo‘q qilingan.
Xalqaro terroristik tashkilot a’zolari deb tariflanayotgan uch shaxs 29-avgustdan 30-avgustga o‘tar kechasi Afg‘onistondan Tojikistonning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati Kevron mintaqasiga o‘tgan, deyiladi rasmiy ma’lumotlarda.
Ular Tojikistonga o‘tib joylashgani aniqlangach, chegara yaqinidagi hudud o‘rab olingan va taslim bo‘lish talab qilingan.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra, chegaradan noqonuniy o’tgan bu shaxslar aslida tojikistonlik va Tojikistonda faoliyati taqiqlangan “Ansorulloh jamoati” guruhi a’zolaridan hisoblanadi.
Ulardan biri, “Usmon” laqabi bilan tanilgan Bobojonov Zarif Mahmudjonovich Sug'd viloyatining Isfara tumanidan bo’lib “Ansorulloh jamoati” guruhi qo‘mondonlaridan biri ekanligi aniqlangan. Boshqa biri, “Abu Mus’ab” laqabli Bahodurov Farhod Basharovich Nurobod tumanidan, “Ubayda” laqabi bilan tanilgan Qosimov Ahtam Sultonovich esa Ko‘lob shahridan ekanligi ma’lum qilindi.
Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, ularning yonidan xarita va portlovchi uskunalarni tayyorlash hamda ishga solishga oid qo‘llanmalar, katta miqdorda qurol-yarog’ va portlovchi moddalar topilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Ansorulloh jamoati” o‘z safiga asosan tojiklarni jalb etgan va Tojikiston va mintaqaning ko‘plab davlatlarida faoliyati taqiqlangan tashkilot bo‘lib, “O‘zbekiston islom harakati”dan ajralib chiqqan. “Ansorulloh” tojik muxoliflarining 1997-yilgi tinchlik bitimiga rozi bo‘lmagan a’zolari tomonidan Tojikistonda fuqarolar urushi tugaganidan keyin tashkil etilgani ham aytiladi.
Ular turli yillarda Afg‘oniston va Pokistonda faoliyat yuritib, turli terroristik tashkilotlar, jumladan, Al-Qoida va Tolibon bilan yaqindan hamkorlik qilgani aytiladi.
Oldinroq matbuotda “Ansorulloh”ning rahbari kelib chiqishi Tojikistonning Rasht mintaqasidan bo‘lgan Mahdi Arsalon laqabi bilan tanilgan Muhammad Sharipov ekanligi aytilgandi. Shuningdek, “Aziya plyus” o‘z manbalariga tayanib, toliblar Afg‘onistonning Kuf, Shikay, Nusay, Mohimay va Xohon mintaqalarini idora qilishni “Ansorulloh” rahbariga topshirgani haqida yozgan.
Afg‘onistondan qurolli shaxslarning Tojikistonga o‘tib kelishi yuzasidan Tolibon biror bayonot bergani yo‘q. Tahlilchilar fikricha, kelib chiqishi tojikistonlik bo‘lgan jangarilarning Afg‘oniston shimolida to‘planishi Tojikiston uchun xatar ekanligi ma’lum.
“Turli ekstremistik yoki terroristik tashkilotlarga a’zo bo‘lgan tojikistonliklarning, ular orasida IShID tarkibida jang qilganlari ham bor, Afg‘onistonda boshpana topgani yangilik emas. Ular ilgari ham necha marotaba Tojikistonga tahdid solishga harakat qilgan edi. Tojikiston uchun Afg‘oniston shimolidan xatar mavjud, buni inkor etib bo‘lmaydi. U yerda Tojikistonga xayrixoh bo‘lmagan guruhlar mavjud. Ammo hamma masala bu guruhlarning nimaga qodir ekanligida. Ular katta kuchga ega emas, deb o‘ylayman”, - deydi siyosatshunos Erali Sattorov.
Tojikiston - Markaziy Osiyo davlatlari ichida Afg‘oniston bilan eng uzun chegaraga ega bo‘lgan mamlakat. Ikki davlat orasidagi umumiy chegara chizig‘i 1344 kilometrga yetadi.
Avvalroq Tojikiston Demokratik partiyasining raisi Saidjafar Usmonzoda suv past bo‘lgan paytlari Afg‘onistondan bemalol daryo orqali Tojikistonga o‘tish mumkinligini aytib, mamlakat o‘z chegarasini qo‘riqlashga jiddiy e’tibor berishi lozimligini ta’kidlagan va Rossiyaning 201-diviziyasi ham aynan shu maqsadda jalb etilganligini ta’kidlagan edi.
201-diviziya Rossiyaning o‘z hududidan tashqaridagi eng yirik harbiy bazasi bo‘lib, 7000 harbiy xizmat qilar edi. Ammo o‘tgan yili Rossiya Ukrainaga harbiy qo‘shin kiritishi ortidan diviziya harbiylarining ma’lum qismi Tojikistondan olib ketilgan.
Hozirda Tojikiston hududida Rossiyaning qancha harbiysi xizmat qilayotgani haqida rasmiy ma’lumotlar jamoatchilikka ochiqlanmagan.