AQSh Davlat departamentining terrorizm va terrorist tashkilotlar yuzasidan yangi hisobotida Afg'oniston hamon ularning o'chog'i deya qayd etiladi.
Vashington Tolibonni Afg'onistonning yangi hukumati sifatida tan olmagan, ammo Bayden ma'muriyati nazarida Kobuldagi rahbarlar ayrim terrorchilarga qarshi choralar ko'rmoqda, xususan "Islomiy davlat" guruhining Xuroson bo'limiga.
Tolibon, deya xulosa qilmoqda Amerika rasmiylari, bu to'dani o'ziga nisbatan eng yirik tahdid deb hisoblaydi.
Buni ham ko'ring Turkiy davlatlar sammitida qanday masalalar ko'tarildi?Ammo Afg'onistondagi boshqa terroristlar hali ham harakatda va mintaqa tinchligiga raxna solmoqda. Tolibon xalqaro hamjamiyatga bergan va'dalarini bajarmayapti, deyiladi 2022-yilgi vaziyat tahlil qilingan hisobotda.
Unda ta'kidlanishicha, bu davrda Afg'onistondan Eron, Tojikiston, O'zbekiston va Pokistonga terror hujumlari qilingan.
"Islomiy davlat" Xuroson bo'limi Tojikiston va O'zbekistonga bir necha raketa otgan.
Guruh, shuningdek, Afg'onistonning o'zida aholiga qayta-qayta hamla qilgan. To'da Kobulda Rossiya va Pokiston elchixonalarini nishonga olgan, shuningdek, Xitoy diplomatlari va ishchilarini.
2022-yilda AQSh Afg'onistonda al-Qoida terror guruhi lideri Ayman al-Zavohiriyni yo'q qilgan. Lekin, tahlilnomada yozilishicha, bu to'da jahonning turli qismlarida dastakka ega.
Vashingtonga ko'ra, Afg'onistonning qo'shnilari, jumladan O'zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston terrorizmdan qattiq xavotirlanadi va janubdagi mamlakatga xavf manbai deb qaraydi.
Pokiston uchun uning hududidagi toliblar, Tehriki-Tolibon Pokiston nomi bilan tanilgan tarmoq - doimiy boshog'riq. Islomobod Kobuldagi hozirgi boshqaruvni bu guruhga panoh berganlikda, uni zimdan rag'batlantirayotganlikda ayblaydi.
Buni ham ko'ring Afg'oniston - Markaziy Osiyo uchun "doimiy boshog'riq"Markaziy Osiyo davlatlari nafaqat Afg'onistondagi jangarilardan, balki Iroq va Suriyadagi terrorchilardan ham xavfsiraydi.
2022-yilda Tojikiston Afg'oniston bilan 1357 kilometrlik chegarasini mahkamlashda AQShdan yordam olgan va bu ko'mak davom etadi.
O'zbekiston ham 150 kilometrga yaqin chegara xavfsizligini ta'minlashda Amerika madadiga tayanadi.
Rossiya, Xitoy, BMT va boshqalar ham bu borada Markaziy Osiyo davlatlariga yordamlashgan.
O'zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston terrorizm va ektremizmga qarshi kurash dasturlariga ega, Amerika ular bilan yaqindan tanish va harbiy hamkor. Turkmaniston va Afg'oniston orasida 744 kilometrlik chegara bor.
C5+1, Markaziy Osiyoning besh respublikasi va AQSh diplomatik davrasida ham kontrterrorizm va qonli ekstremizmga qarshi birga choralar ko'rish asosiy maqsadlardan biridir. Chegara xavfsizligi bo'yicha treninglar o'tkaziladi.
Kuba, Shimoliy Koreya, Eron va Suriya AQSh nazarida terrorizmni quvvatlovchi davlatlardir. Vashington bu hukumatlarni qonli xurujlar ortida turganlikda, terrorchilarga boshpana berganlikda, ularni moliyalaganlikda va treninglardan o'tkazganlikda ayblaydi.
O'zbekiston Islomiy Harakati 2000-yildan, Islomiy Jihod Ittifoqi 2005-yildan beri AQSh Davlat departamenti tomonidan terrorist tashkilotlar deb belgilangan.
Buni ham ko'ring Suriyada "Islomiy davlat" farzandlarini tarbiyalayotgan markazO'zbekiston Islomiy Harakatidan ajralib chiqib, alohida guruhga aylangan Islomiy Jihod Ittifoqi, AQSh taxminicha, hozirda 100-200 jangariga ega. Suriya, Afg'oniston, Turkiya, O'zbekiston va Yevropada xayrixohlari va izdoshlari bor. Bu to'da bir necha yildan beri biror terror xuruji qilganini tan olmagan. Uning homiylari noma'lum.
Moliyasi Yaqin Sharq, Janubiy va Markaziy Osiyodagi donorlardan hamda terrorist tashkilotlardan kelgani taxmin qilinadigan O'zbekiston Islomiy Harakati ham o'tgan yillarda biror hujumni o'z zimmasiga olmagan. Amerika hukumati hisobica, hozir uning qariyb 500 jangarisi bor.
Bayden ma'muriyati terrorizmga qarshi yillar davomida shakllangan global koalitsiya hamon faol ekani, jahon bo'ylab "Islomiy davlat" va boshqa o'nlab terror guruhlarini yer tishlatish uchun jadal harakatlar olib borilayotganini bildiradi.